Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.10.2017 12:52 Chop etish versiyasi

Akademik litseyda «Yoshlar bilan muloqot» tadbiri bo‘lib o‘tdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyda «Yoshlar bilan muloqot» tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatimizda yosh avlodni yuksak ma’naviy fazilatlar, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning ongu shuurida vatanparvarlik va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetini mustahkamlash, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bu boradagi ishlar yangi, yuksak bosqichda davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-iyuldagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi farmoni mazkur ishlar rivojida muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda yoshlar Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari xususidagi fikr va mulohazalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bo‘yicha bilimlarini namoyon qildi.

Tadbir doirasida litseyning iqtidorli o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan «O‘zbekiston: Hamkorlikning yangi bosqichi» mavzuidagi taqdimot bo‘ldi. Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi mazmun-mohiyati «tengdosh-tengdoshga» tamoyili asosida tushuntirildi.

– Mamlakatimizda biz, yoshlarning har tomonlama kamol topishimiz uchun qilinayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning qadriga yetishimiz, ulardan unumli foydalanib, kuch va salohiyatimizni Vatan ravnaqi yo‘lida safarbar etishimiz zarur, – deydi litsey o‘quvchisi Maftuna Boymirzayeva. – Ana shundagina biz ona Vatanimizga munosib farzand, ertangi kunimiz, buyuk kelajagimizning haqiqiy egalari bo‘lib yetishamiz.

Tadbirda o‘quv jarayonida alohida yutuqlarga erishgan bir guruh o‘quvchilarga Xalqaro press-klub va «Uzmobile» kompaniyasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
1 624






Все о погоде - Pogoda.uz