O‘zA O`zbek

09.04.2019 21:14 Chop etish versiyasi

Airbus A320 neo rusumli ikkinchi samolyot Toshkentga yetib keldi

Airbus A320 neo rusumli ikkinchi samolyot Toshkentga yetib keldi
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan Airbus A320 neo rusumli yangi samolyot qo’ndi.

Ushbu samolyot “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi aviaparkini to’ldiradi va Wi-Fi-dan foydalanish imkoniyati mavjud bo’lgan ikkinchi samolyot hisoblanadi.

Airbus A320 neo rusumidagi birinchi samolyot Toshkentga joriy yilning 11 martida keltirilgan bo’lib, hozirgi kunda undan aviakompaniyaning xalqaro yo’nalishlarida muvaffaqiyatli foydalanilmoqda.

Yangi samolyot tejamkorligi, CFM International kompaniyasida ishlab chiqarilgan so’nggi avlod LEAP-1A dvigatellariga egaligi bilan ajralib turadi. Samolyot qanotlarining zamonaviy konstruktsiyasi havo kemasining aerodinamik xususiyatlarini yaxshilash imkonini bergan. 

Havo kemasi 150 nafar yo’lovchi sig’imiga ega bo’lib, ikki klassli komponovkadan iborat. Yo’lovchi salonining zamonaviy ko’rinishi parvoz chog’ida yuqori darajadagi qulaylikarni yaratib beradi.

Har bir o’rindiq qarshisida o’rnatilgan ekran, havo haroratini bir xilda saqlash bo’yicha takomillashtirilgan tizim samolyotning yana bir qulayligi hisoblanadi.

Yaqin kunlarda “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasida internet tarmog’iga ulanish imkoni mavjud bo’lgan Boeing 787-8 Dreamliner rusumidagi to’rtinchi samolyot keltirilishi ham kutilmoqda.

Roman Bondarchuk, O’zА
3 735