Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 19:27 Chop etish versiyasi

Aholining huquqiy xabardorligi oshmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni asosida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirishning huquqiy asoslarini rivojlantirish va takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zosi Rahimjon Hakimov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Harakatlar strategiyasidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida ilgari surilgan va xalqimiz keng qo‘llab-quvvatlagan ustuvor yo‘nalishlar o‘rin olgan. Mazkur hujjatda davlatimiz rahbarining keng jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, oddiy odamlar bilan o‘tkazayotgan ko‘plab uchrashuvlari chog‘ida bildirgan mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari o‘z ifodasini topgan. Bu vazifalar mamlakatimizni yaqin besh yil va undan keyingi davrda barqaror rivojlantirishning yo‘l xaritasi bo‘ldi.

Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning shiddatli kechishini ta’minlamoqda. Unda o‘zbek modelining uzviy davomi sifatida bosqichma-bosqichlik tamoyiliga alohida e’tibor qaratilgan.

Harakatlar strategiyasini besh bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda, bunda yillarga beriladigan nomlarga muvofiq Davlat dasturlari tasdiqlanadi. Misol uchun, joriy yilga Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb nom berildi. Beshta muhim ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan 320 banddan iborat Davlat dasturida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, iqtisodiyotni, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xavfsizlikni ta’minlash va amaliy tashqi siyosat yuritishga doir vazifalar belgilab qo‘yildi. Mazkur yo‘nalishlar bir-biri bilan uzviy bog‘liq.

Qonun ustuvorligini ta’minlamasdan iqtisodiyotni erkinlashtirish, iqtisodiyotda raqobatni kuchaytirishga erisha olmaymiz. Davlat boshqaruvi tizimida jamoatchilik nazoratini rivojlantirmay qonun ustuvorligini ta’minlash ancha murakkab.

Davlat dasturining “Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish” deb nomlangan birinchi yo‘nalishini amalga oshirishda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini tubdan yaxshilash, davlat hayotida siyosiy partiyalarning rolini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda Oliy Majlisning rolini oshirish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari har oyda o‘n-o‘n ikki kun joylarga chiqib, u yerdagi haqiqiy ahvol bilan tanishishi amaliyoti joriy etilgani saylovchilarimiz, aholining muammolarini yechishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimizning bu boradagi takliflari nechog‘lik xalqchil bo‘lganiga biz joriy yilning fevral, mart oylarida joylarga chiqib, uyma-uy yurib, aholi bilan hamsuhbat bo‘lganimizda yana bir bor amin bo‘ldik, amaliy tajriba orttirdik. Ochiq muloqotlarda odamlarni qiynayotgan muammolar, saylovchilarning fikrlari bilan tanishdik, bu masalalarni joyida yechishga ko‘maklashdik. O‘rganishlar natijasida bir qator qonunlarga aholi talabi asosida o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlanmoqda. Parlament nazorati shakllaridan ko‘proq foydalana boshladik, joylardagi mahalliy Kengashlar faoliyati ham sezilarli darajada faollashmoqda.

Bizning guruhimiz Namangan viloyatining Chust tumanida o‘rganishlar olib bordi. Aholini qiynayotgan bir qator muammolarni yechish, xususan, bandlikni ta’minlash choralarini izladik. Buning uchun avvalo tadbirkorlik rivojlanishi kerak. Biroq tumanda tadbirkorlar uzluksiz elektr, gaz bilan ta’minlangan kichik sanoat zonasi yo‘q. Biz bu borada tuman hokimligiga o‘z takliflarimizni berdik. Hozir tumanda sanoat zonasi tashkil etish uchun yer ajratilib, tadbirkorlarga elektr va gazni muntazam yetkazib berish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. Agar ushbu loyiha amalga oshirilsa, tumanda mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Chust tog‘li tuman bo‘lgani bois u yerda intensiv bog‘larni ko‘paytirish uchun qulay sharoit mavjud. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatlarga safari chog‘ida jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Shularni inobatga olib, tumanda yong‘oq, unabi yetishtirishga qaratilgan bog‘larni ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Tadbirkorlarning takliflarini o‘rganishda davom etmoqdamiz. Amaldagi qonunchiligimizda xorijdan yangi ishlab chiqarish uskunalari olib kelinganda bir qator imtiyozlar berilgan. Mazkur imtiyozlardan foydalanilgan holda olib kirilgan uskunalarni besh yilgacha sotish mumkin emasligi ham ko‘rsatilgan. Vaqt shiddat bilan o‘tayotgan hozirgi kunda tadbirkor keltirgan uskunalarning o‘rniga yangi tejamkor va samaralilari bozorga kirib kelmoqda. Ya’ni ishlab chiqarish uskunalarini tez-tez, ikki-uch yilda almashtirish zarurati paydo bo‘lmoqda. Qonunchiligimiz bunga qulay imkoniyat yaratishi lozim. Biz mana shu yo‘nalishdagi takliflarni jamlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritdik.

Harakatlar strategiyasida parlament nazoratini takomillashtirishga oid Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qo‘shma qarorini qabul qilish, parlamentning xalqaro munosabatlarni yanada rivojlantirishdagi o‘rni va rolini oshirish maqsadida parlament faoliyatini tartibga soluvchi qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasida aniq vazifalar belgilangan. Bugungi kunda Oliy Majlis palatalarida xorijiy davlatlar parlamentlari bilan do‘stlik guruhlarini tuzish, ularning faoliyatini takomillashtirish, chet ellik hamkorlarni mamlakatimizga investitsiyalar kiritishga jalb qilish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Davlat dasturida jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslarini qonun darajasida belgilash, xalqimiz bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida yangi mexanizmlarni joriy qilish nazarda tutilgan. Joylarda ochilgan Prezidentimizning Xalq qabulxonalari buning yorqin misolidir.

Harakatlar strategiyasida davlat boshqaruvini takomillashtirish, avvalo, davlat xizmatini isloh qilish, iqtisodiyotda davlat boshqaruvini kamaytirish, davlat va xususiy sektorlarning o‘zaro manfaatli hamkorligining zamonaviy shakllarini, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Bunda “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish nazarda tutilganini alohida qayd etish lozim. Mazkur qonun davlat xizmatchilarining huquqlari va majburiyatlari, ularning ijtimoiy himoyasi, moddiy ta’minoti kabi masalalarning barchasini tartibga soladi. Bu orqali davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirishga erishiladi.

“Mahalliy davlat hokimiyati organlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni qabul qilish ham belgilangan. Bu kabi yangiliklar davlat boshqaruvini yanada demokratlashtirish, davlat idoralarini xalqimizga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Prezidentimiz ilgari surgan hayotiy g‘oya – xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligi qonunlar darajasida mustahkamlanadi.

Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash, hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirish, O‘zbekistonimizning eng rivojlangan davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin olishiga xizmat qiladi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
3 216






Все о погоде - Pogoda.uz