Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2018 21:45 Chop etish versiyasi

Aholiga transport xizmati ko‘rsatish yangi bosqichda

Aholiga transport xizmati ko‘rsatish yangi bosqichda Yurtimizda 117 yo‘lovchi avtovokzali va avtostansiyasi faoliyat olib bormoqda. Bugun Toshkent shahri aholisi va mehmonlariga 133 yo‘nalishda 1 ming 456 avtobus xizmat ko‘rsatadi. Bular 645 “Mercedes-Benz”, 51 “MAN”, 752 “Isuzu” va 8 “Hyundai” rusumli avtobuslardir. Bu kabi avtobuslar qatnovi Nukus shahri va viloyatlar markazlari, tuman va shaharlarda, qishloq joylarda ham joriy etilayotgani quvonarlidir. Muhimi, aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifati zamon talabi darajasida yaxshilanib bormoqda.

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan sohada amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Mazkur qaror bilan 2017-2021-yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Unda yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, mavjud avtovokzallar va avtostansiyalarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, 2018 yil 1 iyulgacha Nukus shahrida va viloyatlar markazlaridagi yo‘lovchilar tashish transportida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, harakatlanish jadvaliga qat’iy rioya etilishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Tadbirda sohada amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, agentlikning xalqaro faoliyatiga doir ma’lumotlar keltirildi.

2017-yilning 30-oktabridan 3-noyabrigacha bo‘lgan davrda Xitoy va Qirg‘iziston bilan “Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkeshtom – Qashg‘ar” yo‘nalishi bo‘yicha ilk marotaba xalqaro avtokarvon o‘tkazildi.

Joriy yilning 25-fevralida “O‘rta Osiyo Trans” AJning yuk avtotransport vositalariga “Universal diler” MChJ tomonidan 140 tonna dukkakli mahsulotlar yuklandi va Qashg‘arga jo‘natildi.

Toshkent shahri va Qozog‘istonning Chimkent shahri o‘rtasida avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 2018-yil 5-yanvar kuni ilk sinov qatnovi amalga oshirildi.

Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida milliy yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida “Milliy logistika portali” tashkil etiladi.

Shuningdek, agentlik zimmasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning “Integratsiyalashgan transport boshqaruvi tizimi” konsepsiyasi va bitimini ishlab chiqish hamda qabul qilishda qatnashish vazifasi turibdi. Bunda tashkilotga a’zo davlatlar bilan muzokaralar olib borilib, investitsiyaviy dastur loyihasi ishlab chiqiladi va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalari ko‘riladi.

Biroq tizimda salmoqli ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hamon ayrim muammolar mavjud. Aholi transport xizmatidan to‘liq rozi emas. Jumladan, avtobuslar ayrim bekatlarda ko‘proq to‘xtab turishi, qatnov jadvallariga rioya etilmasligi, tungi vaqtda qatnovlarning barvaqt to‘xtashi, chiptalarning har doim ham sotilmasligi kabi holatlar uchrab turibdi. Ayniqsa, ertalabki va kechki “tig‘iz vaqt”larda avtobuslar tirbandligi kuzatiladi. Hatto ayrim yo‘nalishdagi avtobuslar ba’zi bekatlarda yo‘lovchilar tirbandligi uchun to‘xtamay o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

Shu bois avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil transportida tashishlar xavfsizligini ta’minlash hamda avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida joriy yil 6-martda Prezidentimizning “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu hujjat tizimda yangi rivojlanish bosqichini boshlab berishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining daryo transporti sohasidagi vakolati Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazildi. Hokimliklar tarkibidagi shahar yo‘lovchi transportini boshqarish organlari esa tashkilotning tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirilmoqda.

Qarorda “O‘zavtotrans” agentligining faoliyatini avtomatlashtirish hamda davlat interaktiv xizmatlarini kengaytirish maqsadida bir qancha axborot tizimlarini joriy etish nazarda tutilgan. Yangi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish, ayniqsa, chekka mintaqalardagi aholining transportga ehtiyojlarini qondirish maqsadida qishloqlarni markazlar bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarni ochish maqsadi ham o‘z aksini topgan. Shu bilan bir qatorda, qo‘shni davlatlar hamda Rossiya bilan xalqaro yo‘nalishlarni ochish rejalashtirilmoqda. Bu borada avtobuslar xarid qilish ko‘zda tutilgan, tadbirkorlar davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalarni amalga oshirishga jalb qilinmoqda.

Yil davomida 571 ta yangi avtobus xarid qilinib, yo‘nalishlarga qo‘yilishi rejalashtirilgan. 108 ta yangi yo‘nalish ochilishi natijasida ularning umumiy soni 4 ming 483 taga yetkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va shaharlarda faoliyat ko‘rsatayotgan jami 1 ming 610 ta avtobusda yo‘lovchilar tashish yuzasidan doimiy ravishda markazlashtirilgan monitoring, ya’ni GRS “onlayn” rejimida masofadan kuzatish tizimini joriy etish ishlari yakuniga yetkaziladi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va shaharlarda yo‘lovchilarni tashuvchi 2 ming 435 ta avtobusda yo‘lkira uchun naqd pulsiz to‘lov tizimi ishga tushiriladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
3 203