Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.11.2017 18:24 Chop etish versiyasi

Aholi sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2017-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2017-2018-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari R.Rayimov va boshqalar Prezidentimizning joriy yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida "O‘zbekenergo" AJ tomonidan kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida "O‘zbekenergo" AJ tomonidan 44,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi hududlarga yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,1 milliard kilovatt-soatga ko‘pdir. Shuningdek, joriy yilning 10 oyida hududlardagi 3124 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va mingdan ortiq transformator punkti modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi. Bu o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlarga nisbatan 5,7 barobar ko‘p.

Respublika ishchi guruhi tomonidan ishlab chiqilgan tarmoq jadvallariga asosan hududlarda 406 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 380 ta transformator punktini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish belgilangan. Bugungi kunda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan 336,6 kilometr uzunlikda elektr uzatish tarmog‘i va 311 ta transformator punktida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari bajarildi.

Kuz-qish mavsumida yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida mamlakatimizda 324 ta avariyani bartaraf etish brigadasi tashkil etilib, ular zamonaviy aloqa vositalari va 315 ta maxsus avtomashina bilan ta’minlandi.

– "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatida bir qator yangi texnologiyalar joriy etildi, – deydi “O‘zbekenergo” AJ elektr stansiyalaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Lutfulla Nurullayev. – Jumladan, 2016-yilning oktabr oyida "Talimarjon IES" unitar korxonasida ishlab chiqarish quvvati 450 megavatt bo‘lgan birinchi bug‘-gaz qurilmasi va 2017-yil fevralda xuddi shunday quvvatli bug‘-gaz qurilmasi to‘liq ishga tushirildi. Bug‘-gaz qurilmalarining to‘liq ishlashi yiliga qo‘shimcha 7 milliard kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatini beradi. Hozirgi kunda stansiyaning o‘rnatilgan quvvati 1700 mVA va bu quvvat orqali yiliga stansiya bo‘yicha 12,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishilmoqda.

2017-2018-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini o‘z vaqtida bajarish maqsadida yillik ta’mir jadvali bo‘yicha 14 ta energoblok, 15 ta qozon agregati, 3 ta turboagregatni mukammal ta’mirlash ko‘zda tutilgan edi. Bugungi kunda bu boradagi barcha ishlar yakuniga yetkazildi.

Bunday chora-tadbirlar tufayli aholi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanib, korxona-tashkilotlarning qish mavsumida barqaror faoliyat ko‘rsatishiga zamin yaratilayotir.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
1 454






Все о погоде - Pogoda.uz