Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 18:08 Chop etish versiyasi

Ahillik va mehr-muruvvat bayrami

Navoiyda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan “Navro‘zimdan nurafshon yurtim!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.

Prezidentimizning joriy yil 28-fevraldagi “2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida viloyat hokimligi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘linmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda sumalak sayli, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar, hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi. Xalq og‘zaki ijodidan namunalar hamda bahor yumushlari aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

–Xalqimizning boqiy an’analarini davom ettirayotganimdan faxrlanaman, – deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat bo‘limi a’zosi M.Sharipova. – To‘quvchilikni nevaralarim, mahalla xotin-qizlariga o‘rgatmoqdaman. Milliy qo‘g‘irchoqlar to‘qishni ham yo‘lga qo‘ydik. Bolalar uchun ajoyib o‘yinchoqlar tayyorlayapmiz. Navro‘z sayllarida mahsulotlarimiz ko‘rgazmasi tashkil etilayotganidan xursandmiz.

Hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi, ayniqsa, gavjum. Nurota kashtachiligi namunalari ko‘zni quvontiradi, so‘zanalar tarixdan so‘zlaydi.

–Momo meros shu hunar ortidan obro‘-e’tibor topib yuribmiz, – deydi nurotalik kashtado‘z N.Hamroyeva. – Asosan, qalampir, anor va bodom nusxa kashtalar tikaman. Milliy mahsulotlarimizga Fransiya, Turkiya davlatlari, hatto okean ortida ham talab yuqori.

Bayram tadbiri doirasida o‘tkazilgan shaxmat musobaqasida Navoiy shahridagi 6-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Farrux Hamidov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Kurash musobaqalarida viloyatdagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari g‘olib bo‘ldi.

Bunday tadbirlar viloyatning tuman va shaharlarida davom etmoqda.

Nuriddin Rahimov, O‘zA
532






Все о погоде - Pogoda.uz