Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 17:25 Chop etish versiyasi

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ahil va mustahkam oila mavzusida ma’naviy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi

Oilaning tinch-totuvligi, farovonligi ko‘p jihatdan xonadondagi yoshi ulug‘ insonlarga, qaynona-qaynota, boboyu buvilarimizga bog‘liq. Ularning o‘gitlari, pandu nasihatlari tufayli ko‘plab oilalar buzilib ketishining oldi olinmoqda.

Shu bois mamlakatimizda oilalardagi ma’naviy muhitni belgilovchi xotin-qizlar, ayniqsa, qaynonalar bilan ishlashning yangi mexanizmlari hayotga tatbiq etilmoqda. Yoshlarda oilani muqaddas bilish ko‘nikmasi shakllanmokda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy anjumanda shular haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mutasaddi tashkilotlar vakillari, poytaxtimizning Shayxontohur, Bektemir, Sergeli, Yashnobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlaridan ibratli qaynona va kelinlar, yoshi ulug‘ onaxonlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda yurtimizda fuqarolar yig‘inlari huzurida “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik tuzilmasi tashkil etilgan. Bu kengash oilalar farovonligini ta’minlash, muammolarini o‘rganish, uning ma’naviy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, shuningdek, onalik va bolalikni himoyalash, barkamol avlodni voyaga yetkazish, sog‘lom ma’naviy muhit barqarorligini saqlashga xizmat qiladi. Joriy yilda “Qaynonalar kengashi” tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar samarasida 18 mingga yaqin oila yarashtirildi.

Anjumanda “Qaynonalar kengashi" jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini takomillashtirish va oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olishga doir fikr-mulohazalar bildirildi.

Yakkasaroy tumanidagi “Damariq” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Gulnora Ummatova mahalladagi ibratli, ko‘pni ko‘rgan, oqila qaynonalardan. Gulnora opa besh o‘g‘ilni el-yurt koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyaladi. Bugun to‘rt kelin va o‘ndan ziyod nabiralar bilan ahil-inoq yashamoqda.

– Kelin ham birovning jondek bolasi, shuning uchun har bir qaynona kelinga o‘z farzandidek munosabatda bo‘lsa, hech bir oilada murosasizlik kelib chiqmaydi, – deydi G.Ummatova. – Oilani hamjihat qilish, kelin va farzandlar o‘rtasida sog‘lom muhitni ta’minlash oila kattalaridan talab etiladigan muhim vazifadir. Bugungi anjumanda ham bu borada bir qator maslahatlar berilgani xonadonlar ahilligiga xizmat qiladi.

Oilalarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish, oilalarning ijtimoiy-ma’naviy va moddiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, gohida ajrimgacha olib kelayotgan dabdabali to‘y-hashamlar va boshqa oilaviy marosimlardagi isrofgarchiliklarga chek qo‘yish, ularni ixchamlashtirish, qaynona-kelin o‘rtasidagi ijobiy munosabatlarni targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan tadbir doirasida mavzuga oid ko‘rgazmalar, qaynona-kelin o‘rtasidagi murosasizlik, oilaviy mojarolar va ularni bartaraf etish yo‘llari aks etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. “Mashriq mash’ali” o‘quv markazi psixologlari tomonidan “Qaynona” nomli test-treninglar o‘tkazildi. Tadbirda faol ishtirok etgan qaynona-kelinlarga Toshkent shahar hokimligi va shahar xotin-qizlar qo‘mitasining tashakkurnomasi topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T.Norboyeva so‘zga chiqdi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 583






Все о погоде - Pogoda.uz