Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.12.2017 13:59 Chop etish versiyasi

Afv etish institutining mohiyati qanday, uning amnistiyadan farqli jihatlari nima?

Inson hayotda bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Lekin mutafakkirlar aytganidek, “xatolar, agar ularni tan olib, pushaymon bo‘lishga bo‘yin yor bersa, hamisha kechirimlidir”.

Shuning uchun ham adashib huquqbuzarlik yo‘liga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin dildan pushaymon bo‘lgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni to‘g‘ri yo‘lga, oilasi bag‘riga qaytarish o‘zini insonparvar davlat, deb biladigan har qanday mamlakat oldidagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Zero, adashganlar ham shu mamlakat fuqarolaridir.

Shu ma’noda 2017-yil 29-sentabrda davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyish qabul qilinganidan jamoatchiligimiz keng xabardor.

Mazkur farmoyishda sud amaliyotida jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosib bo‘lishi, mahkumning shaxsini tavsiflovchi va aybini yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olish yetarlicha to‘liq ta’minlanmayotgani qayd etilgan edi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 274 jinoyat ishi bo‘yicha ayblov qayta malakalangan, jinoyat ishlarining 50 tasi qonunchilikdagi o‘zgarish, 805 tasi javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi, 26 tasi qilmishda jinoyat tarkibi mavjud emasligi munosabati bilan tugatilgan.

Shular inobatga olinib, mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya, ishchi guruhlar tuzildi.

Ushbu farmoyishga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat ishchi guruhlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda joylarga chiqib, har bir mahkum bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazish orqali ularning shaxsini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish jarayonida mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi, uning o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jinoyat natijasida yetkazilgan moddiy zararning qoplanganligi va boshqa oqibatlarning bartaraf qilinganligi, mahkumning shaxsini tavsiflovchi ma’lumotlarga, uning yoshi, sog‘ligining holati, oilaviy ahvoli, jazoning sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga mutanosibligiga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, jabrlanganlar va jamoatchilikning, jumladan, mahkum yashagan mahalla vakillarining fikrlari ham atroflicha o‘rganildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2 ming 700 nafar mahkumni, jumladan, jazoni ijro etish koloniyalaridan 956 nafar turli sharoitlar tufayli jinoyat sodir etgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yashash joyi va jazoni ijro etish muassasasida ijobiy tavsiflangan shaxslarni afv etish to‘g‘risida Konstitutsiyamizning 25 yilligini nishonlash arafasida farmon qabul qilindi.

Mazkur farmonning qabul qilinishi Asosiy qonunimiz muqaddimasida qayd etilganidek, O‘zbekiston insonparvar davlat qurishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganligining amaliy isboti bo‘lib, yurtimizda inson hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishining yorqin namoyoni bo‘ldi.

Xalqimiz ko‘p yillar mobaynida amnistiya aktini ko‘p eshitib , afv etish qo‘llanganligining deyarli guvohi bo‘lmagan. Shu ma’noda mahkumlarni afv etishga qaratilgan mazkur farmon O‘zbekiston tarixida birinchi marta qabul qilindi.

Afv etish institutining bevosita mohiyati va amnistiyadan farqli jihatlariga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, afv etish hukm qilingan shaxsga nisbatan insonparvarlik ifodasi bo‘lib, uni jazodan to‘liq yoki qisman ozod qiladi yoki sud tomonidan belgilangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradi. Afv etish aniq hukm qilinganga nisbatan individual tarzda amalga oshiriladi hamda uni oqlaydigan va jinoyat sodir qilinganligi faktini bartaraf qiladigan holat hisoblanmaydi.

Amnistiya akti jinoyat sodir qilgan ma’lum toifadagi shaxslarga jinoiy-huquqiy ta’sir choralarini qo‘llamaslik orqali ularga tuzalish imkoniyatini berish yoki bu choralar qo‘llanganda ularning ahvolini yaxshilash maqsadida ko‘rsatiladigan insonparvarlik ifodasi hisoblanadi. Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, amnistiya aktida aniq bir shaxsning familiya, ismi sharifi ko‘rsatilmay, ma’lum toifadagi shaxslar (masalan, yoshlar, 60 yoshdan oshganlar, ayollar), odatda ijtimoiy xavfli qilmishni birinchi marta sodir qilayotganlar, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlar jazodan ozod qilinishi yoki uning muayyan qismi kamaytirilishi kabilar belgilanadi. Ya’ni avval jinoyatlar toifasini belgilab beradi, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi.

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, “amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham bo‘lgan deb aytsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Prokuratura, ichki ishlar va sud idoralarida ham bunday noma’qul ishlarga yo‘l qo‘yilgan. Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan. Eng yomoni, amnistiyani qo‘llashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya bo‘yicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda”.

Amnistiyadan farqli o‘laroq, avf etish sudlar tomonidan hukm qilinganlarga, individual tartibda aniq bir mahkumga nisbatan uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga afv etishni so‘rab yozgan yozma murojaatiga asosan amalga oshiriladi. Ya’ni shaxs o‘z aybini tan olib, unga pushaymon bo‘lib, kechirim so‘raydi. Bunday holatlarda amnistiyaga tushgan ayrim kimsalardek jazoni his etmaslikka o‘rin qolmaydi. Bu esa mutafakkirlarimizning haqiqiy insonparvarlik, eng avvalo, adolatdir, degan fikrining yaqqol isbotidir.

Davlatchiligimiz tarixida ham avf etishga oid hujjatlar qabul qilinganligini kuzatishimiz mumkin. Bunga misol sifatida buyuk sarkarda Amir Temurning “oltmishdan oshgan otadan osh so‘rama” yoki “birinchi marta gunoh qilgan shaxsning gunohidan o‘tinglar, ikkinchi marta gunoh qilgan shaxsning ham gunohidan o‘tinglar, uchinchi marta gunoh qilgan shaxsni gunohiga yarasha jazolanglar”, degan o‘gitlarini keltirish mumkin.

Avf etishning mohiyatida insonparvarlik, kechirimlilik, bag‘rikenglik kabi tushunchalar yotadi. Yana bir narsani aytib o‘tish kerakki, ba’zi bir odamlar jazo deganda jinoyat sodir etgan shaxsni qiynoqqa solish, xo‘rlashni tushunadilar. Vaholanki, jazodan maqsad kimnidir qiynoqqa solish, xo‘rlash emas, balki Jinoyat kodeksining 42-moddasiga asosan jazo mahkumni axloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek, boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi.

Og‘ir jazo, ayniqsa, fuqarolarni jamiyatdan ajratish bilan bog‘liq bo‘lgan jazolarning jinoyatchilikning oldini olishdagi ahamiyatini oshirib ko‘rsatish o‘rinsiz ekanligini hayotning o‘zi isbotlamoqda. Jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish samaradorligi jazoning og‘irligi va shafqatsizligiga emas, balki birinchi navbatda, qonunni buzgan shaxsning jazoning muqarrarligini nechog‘li anglashiga bog‘liq.

Shuning uchun ham Prezidentimiz “keling, o‘zimizga bir savol beraylik: aslida, odamni sud qilishdan maqsad nima? Uni tarbiyalash, to‘g‘ri yo‘lga solish emasmi? Jinoyatchilikning oldini olish emasmi? Lekin insonni faqat jazolash bilan, faqat repressiv usullar bilan tarbiyalab bo‘lmaydi. Buni hayotning o‘zi ko‘p bor isbotlagan. Insonni tarbiyalash uchun butun jamiyat harakat qilishi, avvalambor, jinoiy holatlarni tug‘diradigan sabab va omillarni hayotimizdan bartaraf etishimiz kerak. Barchamiz birgalikda shu ishga hissa qo‘shishimiz kerak”, degan chuqur ma’noli so‘zlarni aytdilar.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, afv etish davlat rahbarining qandaydir majburiyati, burchi emas, balki huquqi hisoblanadi. Davlatimiz rahbari ushbu huquqidan foydalanib, adashgan shaxslarga yana bir bor to‘g‘ri yo‘lga qaytishga imkon berdi.

Yana bir gap. Qabul qilingan farmon asosida juda ko‘plab odamlar ozodlikka chiqadi. Bu esa minglab oila xursandchiligi degani. Axir oila to‘liq bo‘lishidan, ozodlik shukuhidan ortiq baxt bormi, dunyoda?!

Albatta, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan oilaning jam bo‘lishi, ayniqsa, oila boquvchisi, tarbiyachisi bo‘lgan ota-onaning uyga qaytishi juda chuqur ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, mazkur farmon ayni vaqtda oilaning davlat muhofazasida bo‘lishiga ham xizmat qiladi.

Prezidentimizning farmoni Konstitutsiya kuni arafasida qabul qilinganida ham o‘ziga xos ma’no mavjud. Konstitutsiya timsolida, afv etilgan shaxs hayotida va faoliyatida qonunga nisbatan hurmat, ehtirom, qonunga itoatkorlik ruhini shakllantirish mujassam. Ishonamiz, kechirilgan har bir shaxs o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlab, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga munosib hissa qo‘shadi, jamiyatda o‘z o‘rnini topadi.

Miravzal Mirakulov,
yuridik fanlari doktori, dotsent.

O‘zA
2 845