Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 17:26 Chop etish versiyasi

Adolatning ovozi jarangdor, qo‘li kuchli

– Sergeli tumanidagi «12-avtobus saroyi»da haydovchi bo‘lib ishlayman, ikki farzandim bor, yigirma yildan beri ijarada yashab yurgandik, – deydi yakkasaroylik Vasliddin Tog‘ayev. – Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga uy olish masalasida murojaat qilgandim. Mana, bugun oilamizga imtiyozli ipoteka krediti asosida Sergeli tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan ikki xonali kvartira berishdi. Oilamizning ko‘p yillik muammosi hal bo‘ldi. Bu kunlarni bir umr unutmaymiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati 20-aprel kuni Yakkasaroy tumanida tashkil etgan sayyor qabulda ko‘plab insonlarning muammolariga yechim izlandi. Ochiq muloqotda mamlakatimiz sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, markaziy idora va tashkilotlar, bank-moliya muassasalari rahbarlari, poytaxtimiz va Yakkasaroy tumani hokimliklari mas’ul xodimlari fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlarini tinglab, ularni hal qilishga kirishdi.

Joriy yilning 19-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Yakkasaroy tumanidan 6 ming 654 murojaat kelib tushgan. Ularning 2 ming 177 tasi bevosita Yakkasaroy tumani hokimligiga tegishli bo‘lib, ularning qariyb 86 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda. Albatta, qator murojaatlarga yechim topilgan, biroq hali to‘la hal qilinmagan shikoyatlar ham anchagina.

Sayyor qabulda tumanda murojaatlar bilan ishlash, odamlar qalbiga yo‘l topish, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolariga yechim izlash borasidagi ishlar tanqidiy tahlil ruhida ko‘rib chiqildi. Ba’zi rahbarlar aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlari va haqli talablariga befarq munosabatda bo‘layotgani keskin tanqid qilindi. Murojaatlarni taqsimlash va nazorat qilishga yuqori malakali kadrlarni jalb etish, murojaatchiga ko‘tarilgan masalaning huquqiy yechimlarini to‘g‘ri tushuntirish zarurligi qayd etildi.

Sayyor qabulda turli sohalar muhokamalari uchun alohida xonalar ajratilgani ochiq muloqotni samarali tashkil qilish imkonini berdi. E’tiborlisi, qator masalalar joyida hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari o‘zlariga tegishli har bir masala yechimi uchun javobgarlikni zimmasiga oldi.

Sayyora Qodirova 1978-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Andijon viloyatining Marhamat tumanida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan. O‘n besh yildan beri Yakkasaroy tumanida vaqtincha propiska bilan yashab kelmoqda. 2016-yil dekabr oxirlarida pasportini yo‘qotib qo‘yadi. Shu yil yanvarda Marhamat tumani IIBga pasport olish uchun borib, barcha hujjatni taqdim qiladi, belgilangan to‘lovlarni to‘laydi.

Biroq u yerda ayolga uning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bekor qilinishini aytishadi. Sabab – uning ota-onasi ko‘p yillar burun O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqarilgan, uni vasiylikka olish bo‘yicha hujjatlar yo‘q ekan. S.Qodirovaning aytishicha, u buvisining qo‘lida katta bo‘lgan, 1991-yili xolasining uyida doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan, bu uy daftarida qayd etilgan. Shu asosda hozirga qadar aynan Marhamat tumani IIBda uch marta pasport almashtirgan, biroq biror marta fuqarolikni bekor qilish masalasi ko‘tarilmagan.

Sayyor qabulda soha mutasaddilari Sayyora Qodirovaga mazkur masala «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun talablari doirasida ko‘rib chiqilib, unga adolatli yechim topilishini aytdi. Murojaat nazoratga olindi.

– 1990-yildan beri Rakatboshi ko‘chasi 16-uydagi umumiy hovlida yashardik, shu paytgacha 5 sotix yer maydonidan foydalanardik, 1996-yili bu yer bizga biriktirilgan, biroq egalik huquqimiz yo‘q edi, – deydi yakkasaroylik 58 yoshli Durdona G‘afforova. – To‘rt yildan beri shu masalada tuman hokimligi bilan sudlashayotgandik. Shu yilning 5-aprelida Yakkasaroy va Sergeli tumanlari aholisi uchun o‘tkazilgan sayyor qabulda bu haqda murojaat qildik. Natijada tez kunda Yakkasaroy tumani hokimining qarori bilan bizga mazkur yer maydoniga egalik huquqi berildi. Bugun navbatdagi sayyor qabulga murojaatimiz hal bo‘lgani uchun rahmat aytgani keldik.

Yakkasaroylik Ahliddin Ahmadjonovning uch farzandi bor. O‘n ikki yildan beri uning oilasi ham o‘z uyi yo‘qligidan qiynalayotgandi.

– Yaqinda shu masalada Xalq qabulxonasiga murojaat qilgandim, tez kunda muammomni hal qilishdi, mana, bugun oilamizga imtiyozli kredit asosida Sergeli tumanidan uch xonali uy ajratishdi, – deydi A.Ahmadjonov. – Nasib bo‘lsa, Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligi arafasida yangi uyga ko‘chib kiramiz. O‘z uyimizga ega bo‘lganimiz bu qutlug‘ bayram arafasida bizga katta sovg‘a bo‘ldi.

Ochiq muloqotda fuqarolardan sog‘liqni saqlash masalasida ham qator murojaatlar bo‘ldi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning aytishicha, yakkasaroylik Karomat Toshbotirovaning buyragi xasta, u Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga, uchinchi guruh nogironi Abdug‘ani Nosirov 59-oilaviy poliklinikaning kunduzgi statsionariga davolanish uchun yotqizildi. Uchinchi guruh nogironi Mirxalil Mirrahimovni II guruh nogironligiga o‘tkazish, bosh miyaning surunkali kasalligi – epilepsiya bilan og‘riyotgan Vladimir Volkovga nogironlikni rasmiylashtirish, tibbiyot xodimasi Nasiba Qosimovani poytaxtimizga doimiy propiska qilish, Mohira Xo‘jayevaning qandli diabetdan aziyat chekayotgan 71 yoshli otasiga davolanish uchun order berish kabi masalalarni vazirlik tez kunda ko‘rib chiqadi.

– Olti sotix quruq yerim bor, o‘sha joyga uy qurish uchun kredit olish masalasida murojaat qildim, – deydi yunusobodlik II guruh nogironi Ziyovuddin Zaynuddinov. – Bank mutasaddilari men bilan suhbatlashib, 80 million so‘m atrofida kredit ajratadigan bo‘ldi.

Sayyor qabul jarayonida muammosi hal bo‘lgan har bir inson bilan suhbatlasharkansiz, uning yuz-ko‘zida, so‘zida bir jihat namoyon bo‘ladi: davlat organlariga, kelajakka, adolat va haqiqatga ishonch. Aslida ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan asos solingan Xalq qabulxonalari institutidan maqsad xalqimizni hayotdan rozi qilishdir. Biroq muammolar bartaraf bo‘lishiga aholining o‘zi ham yordam berishi kerak. Jumladan, joriy yilning 1-apreliga qadar Yakkasaroy tumanida tabiiy gazdan 11,1 milliard so‘m, elektr energiyasidan 7,5 milliard so‘m qarzdorlik mavjudligi taassuflidir.

Mazkur ochiq muloqot Yakkasaroy tumanida ham hali-hanuz juda ko‘p muammolar borligini ko‘rsatdi. Xo‘sh, bu muammolar nimalardan iborat? Ularning yechimi qanday? Har bir murojaat o‘z yechimini topishi, adolat va haqiqat amalda ta’minlanishi, hudud aholisining shikoyatlari kamayishi uchun nima ishlarni qilish kerak?

– Prezidentimiz xalq bilan muloqot qilish va inson manfaatlarini ta’minlashda ko‘zimizni ochib berdi, shu paytgacha quyi bo‘g‘inlarga tushmaganimiz oqibatida shu muammolar yig‘ilib qolgan, – deydi Yakkasaroy tumani hokimi Sarvar Mahametov. – Aholi asosan uy-joy masalasida yordam so‘ramoqda va bu haqli talabdir. Yakkasaroy aholisining bugunga qadar Virtual qabulxonaga murojaatlarining 16,4 foizi ham aynan shu masalaga oid. 2017-2020-yillarda Toshkent shahrida 32 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli 500 uy-joy quriladi. Bu uylardan yakkasaroyliklarga ham ajratiladi. Yo‘llarning bugungi ahvoli talabga javob bermasligi bor gap. Birgina joriy yilda tumanimizdagi 10,9 kilometr markaziy va magistral, 286,5 ming kvadrat metr ichki yo‘llar kapital va joriy ta’mirlanadi. Kommunal, iqtisodiy-ijtimoiy sohalardagi muammolarni yechish bo‘yicha loyihalarimiz tasdiqlangan. Ularni to‘la amalga oshirish bo‘yicha barcha kuchni safarbar qilamiz.

– Joriy yilning uch oyida tumanimiz prokuraturasi 463 murojaatni hal qildi, – deydi Yakkasaroy tumani prokurori Ilhom Aydo‘sov. – Biroq bugun hali tumanimizda o‘z yechimini topmagan muammolar ko‘pligiga, ularni bartaraf qilish uchun tun-kun izlanishimiz, ishlashimiz lozimligiga yana bir bor amin bo‘ldik.

– Bugungi sayyor qabuldan olgan xulosam – har bir xonadonda bo‘lib, odamlarning ko‘ngliga yo‘l topib, ularning muammolari yechimida yaqindan yordam berishimiz, bu borada o‘zimizga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirishimiz lozim, – deydi Yakkasaroy tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik Farrux Haydarov. – Shu paytgacha tuman aholisining Virtual qabulxonaga murojaatlarining 5,3 foizi fuqarolik, pasport va propiska masalalariga oiddir. Ularning qonuniy yechimi borlari hal etilmoqda, qolganlari bo‘yicha zarur tushuntirishlar berilmoqda.

– Aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilinayotgani – mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf qilishda xalq va davlat idoralari o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lmoqda, – deydi Yakkasaroy tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i G‘iyos Do‘stmuhamedov. – Bizning sohada aholi asosan soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar, soliqlarni hisoblash, bu boradagi imtiyozlar haqida murojaatlar qilmoqda. Ularning har biri qat’iy nazoratga olingan. Bugungi ochiq muloqotda tumanimizdagi mavjud muammolarni yana bir bor tahlil qildik, ularni hal qilish uchun bir yoqadan bosh chiqarib ishlaymiz.

...Hayot bor ekan, inson bor ekan, muammolar ham bo‘lishi tabiiy. Shu ma’noda murojaatlar bilan ishlash hech qachon kun tartibidan tushmaydi. Albatta, odamzotni butkul rozi qilish imkonsiz. Biroq davlat idoralari va xalqimiz yakdil-hamfikr bo‘lib, muammolarga tik qarab, ularni bir chetdan hal qilishga kirishayotgani hayotimizda ijtimoiy adolat ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. Adolat hayotimizda to‘la qaror topsa, shikoyatlar asta-sekin kamayadi. Bu barchamizdan Prezidentimiz atrofida yanada jipslashib, uyg‘oq vijdon bilan yashashni, katta g‘ayrat va shijoat bilan ishlashni talab qilmoqda.

Umid Yoqubov, O‘zA
2 729






Все о погоде - Pogoda.uz