Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 18:40 Chop etish versiyasi

Adolatning katta-kichigi bo‘lmaydi

Prezidentimizning Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi. Qo‘lida 1,5-2 yoshli qizchasi bilan bir ayol kirib keldi. O‘zini Diyora Oripova, deb tanishtirgan bu ayol asli zangiotalik. Toshkent shahriga kelin bo‘lib tushgan. Turmush o‘rtog‘i bilan uch farzandni ulg‘aytirmoqda. Ro‘zg‘oridan kam-ko‘sti yo‘q. Aytishicha, ular Shayxontohur tumanidagi Qoratosh ko‘chasida yashaydi. Turmush o‘rtog‘i bu yerda doimiy ro‘yxatda turadi. Ayol esa haligacha doimiy propiskaga o‘tolmagan.

– Farzandlarim tarbiyasi bilan bo‘lib bunga ba’zan vaqt topilmadi, endi eng kichik qizim hademay bog‘cha yoshiga yetadi, oliy ma’lumotliman, mutaxassisligim bo‘yicha ishlash niyatim bor, – deydi D.Oripova. – Hozir yashab turgan uyimizga doimiy propiska qilishlarini so‘rab tegishli idoralarga murojaat qildim. Ular rad javobini berishmadi, lekin ishimiz ham hal bo‘lmadi. Boisi, biz yashab turgan hududda yangi qurilish ishlari amalga oshirilishi mumkin ekan. Bugun Prezidentimizning Xalq qabulxonasiga bu boradagi savollarimga javob olish maqsadida keldim...

Ha, Xalq qabulxonalari instituti qisqa davrda xalqimiz ishonchini qozonib ulgurdi. Xalqimiz uchun suyanch tog‘iga aylandi. Davlatimiz rahbarining «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan so‘zlari bugun mamlakatimiz davlat boshqaruvi tizimida qat’iy tamoyilga, barcha darajadagi rahbarlar faoliyatiga baho berishda asosiy mezonga aylanmoqda.

Bunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi faoliyatida ham amin bo‘lish mumkin.

2017-yil fevral oyidan ish boshlagan mazkur Xalq qabulxonasida fuqarolar uchun barcha sharoit yaratilgan. Kutish zali, ariza va shikoyatlar yozish, tibbiyot, ona va bola xonalari zamonaviy jihozlangan. Murojaat etuvchilar uchun elektron navbat tizimi joriy etilgan.

O‘tgan qisqa davrda Toshkent shahri va poytaxt tumanlaridagi Xalq qabulxonalariga jami 14 ming 254 nafar fuqaro murojaat qilgan. Murojaatlarni ko‘rib chiqishda asosiy e’tibor masalani joyida tezkor va sifatli hal etishga qaratilgan.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kungacha eng ko‘p murojaatlar sud-huquq masalalariga oid – 3 ming 500 dan ziyod. Uy-joy masalalari bo‘yicha 2 ming 300 dan ko‘proq, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha esa 2 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Shuningdek, iqtisodiyot va tadbirkorlik, qurilish va kommunal soha masalalari bo‘yicha ham murojaatlar soni 1 ming 800 ga yaqinlashgan. Yoshlar siyosati, mahalla fuqarolar yig‘ini va jamoat tashkilotlari masalalari bo‘yicha 510 dan ortiq murojaat qabul qilingan.

Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari ishtirokida 234 sayyor qabul o‘tkazilgan. Ularda jami 10 ming 400 dan ortiq fuqaroning muammolariga yechim izlandi.

– Faoliyatimizda asosiy e’tiborni faqat murojaatlarni hal qilish bilan kifoyalanmay, balki ular asosini tashkil etuvchi mavjud muammolarning tub ildizini atroflicha o‘rganishga, kelgusida bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llarini izlashga qaratganmiz, – deydi Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi Bahodir Zokirov. – Xalq qabulxonasi faoliyatini boshlaganidan buyon o‘tgan vaqt mobaynida tahlil qilish uchun ma’lumotlar to‘plandi. Ularni to‘plab, tegishli idoralar ish faoliyatlarini takomillashtirish, qolaversa, qonun ijodkorligi tashabbusi asosida takliflar kiritish fursati yetdi. Shu ma’noda Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilish asosida fuqarolardan tushayotgan shikoyatlar yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ularni bartaraf qilish maqsadida tegishli idoralarning murojaatlar bilan ishlash faoliyatini tubdan takomillashtirish uchun 6 yo‘naltiruv xatlari yuborildi. Eng muhimi, mazkur yo‘naltiruv xatlarini idoralarda muhokama qilish jarayonida bevosita Xalq qabulxonasi xodimlari ishtirok etib, ijrochilarga qonun talablari tushuntirish amaliyoti joriy qilinmoqda.

Qayd etish o‘rinliki, murojaatlar o‘sishi kuzatilayotgan sohalar tizimli tahlil qilinib, Xalq qabulxonasi xodimlari hamda soha mutaxassislari birgalikda mavjud muammolarni hal etish amaliyotidan kengroq foydalanishi o‘z samarasini bermoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida murojaatlar soni kamayishi kuzatilmoqda.

Murojaatlarni ko‘rib chiqishda rahbar va xodimlar mas’uliyatini oshirish, ularga ta’sir choralarini qo‘llash kabi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Toshkent shahri va tumanlardagi Xalq qabulxonalari tomonidan idoralarga yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 175 shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Chilonzor tumanida yashovchi N.Shegolevaning o‘g‘li K.Sviridov baxtsiz hodisa tufayli 1-guruh nogironi bo‘lib qolgan. Shifokorlar unga doimiy yotishni buyurgan. Oddiy to‘shakda surunkali yotish oqibatida bemorning badaniga turli yaralar toshgan. Uning oldini olish uchun bemorga maxsus tibbiy krovat zarur edi. Ular bu masalada bir necha bor tibbiyot muassasalariga murojaat etgan bo‘lsa-da, muammo muammoligacha qolgan. N.Shegoleva Chilonzor tumani Xalq qabulxonasiga murojaat qilgach, uning farzandi tibbiy krovat bilan ta’minlandi.

Yana bir misol: Mirobod tumanidagi Xalq qabulxonasi joriy yil may oyida tumandagi “Fayziobod” mahallasida sayyor qabul o‘tkazganda, fuqarolar mahalladagi 3-tor ko‘chada bir necha yildan buyon ichimlik suvi yo‘qligi, xonadonlarga o‘rnatilgan elektr simyog‘ochlar eskirib, avariya holatiga kelib qolganidan shikoyat qilgan. Aytilishicha, elektr simlari shamolda bir-biriga tegib yong‘in xavfini keltirayotgan, tuman mutasaddilari esa bunga beparvo qarab kelayotgan ekan. Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan ushbu manzilda yashovchi fuqarolarni ancha vaqtdan beri qiynab kelayotgan mazkur muammo tezda hal etilib, xonadonlarga ichimlik suvi o‘tkazib berildi, eskirgan simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi.

Adolatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Muammosi hal bo‘lgan insonning ruhiyati, kayfiyati ham butkul o‘zgacha bo‘ladi. O‘zini yelkasidan tog‘ ag‘darilganday his qiladi, hayotida halovat paydo bo‘ladi.

...Darvoqe, maqolamiz boshida aytganimiz – Zangiota tumanidan poytaxtimizga kelin bo‘lib tushgan Diyora Oripovani Xalq qabulxonasidan ana shunday xursand va shodon kayfiyatda chiqib ketayotganda uchratdik.

– Qarang, necha yildan beri o‘ylanib yurgan muammomiz tezda hal bo‘ldi: mutasaddilar propiskamni o‘rnatilgan tartibda qonuniy hal qilishga va’da berdi, – deydi u.

Ayol bag‘ridagi jajji qizaloq shirin jilmayadi. Ona xotirjamligi uning beg‘ubor qalbiga ko‘chgandek. Bu yoqimli manzara fonida Prezidentimizning katta harflar bilan yozib qo‘yilgan hayotbaxsh so‘zlari zarhal harflarda yal-yal yonib turardi: «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir».

Ulug‘bek Asrorov, O‘zA
1 709






Все о погоде - Pogoda.uz