O‘zA O`zbek

01.03.2018 16:42 Chop etish versiyasi

ADOLAT ERTAGI

Afsonalarga qaraganda, Xudo dunyodagi barcha xalqlarga yer bo‘lishtirib berayotganda, bu xalq hurmat-izzat ko‘rsatib, qo‘li ochiqlik, tantilik qilib boshqa xalqlarni oldingga o‘tkazib yuboraveribdi. Oxiri navbati kelganda esa, yer tugab qolibdi. Shunda Xudo bu xalqqa qarab:

– Yer tugadi, ammo sening saxiyliging, mardliging uchun mukofotlayman – senga jannatimning bir bo‘lagini beraman, – degan ekan.

Ha, bu xalq azaldan qalbi dashtlariday keng, yuragi daryolariday toshqin, soddaligiga, mo‘minligiga, ochiqko‘ngilligiga hatto farishtalar ham havas qiladigan, saxovatiyu muruvvati Hotami toylarni ham xijolat qiladigan, so‘ziyu amali bir, mard xalq edi. Qirg‘in kelsa, jon berishga, o‘zgalarning boshini silab, mehr ko‘rsatishga qodir, imon-e’tiqodida sobit, Vatan uchun hech narsasini ayamaydigan go‘zal fazilatli xalq edi.

Ammo uning soddaligi, birso‘zliligi, serandishaligidan g‘ayri niyatli kimsalar o‘z manfaati yo‘lida ko‘p foydalandi. Qizil yalovli ajdar bu zaminning tuprog‘ini toptadi, ziyolilarini otdi, ma’naviy xazinasiga o‘t qo‘ydi, kul qildi, kun-payakun qildi. Xalqqa zulm o‘tkazib, qadrini, qaddini bukdi, tobe va mo‘te qilmoqchi bo‘ldi, manqurt qilmoqchi bo‘ldi, hammasini dalaga haydadi, boshlaridan temir ucharda dori sepib, ustidan kuldi, tuhmatu bo‘htonlarni manglayiga tamg‘a qilib, o‘qqa tutdi.

Mazlum xalqning astoydil qilgan nolasi ko‘kka yetib, qizil ajdarning kuni bitdi. Xalq ozodlikka chiqdi, ko‘ksiga hurlik shamoli tegdi. Xalqni qizil ajdar panjasidan ozod qilgan Yurt og‘asi uni yorug‘ manzillarga yetaklamoq bo‘ldi. Ezgu orzu-niyatlari, maqsadu g‘oyalari bisyor bo‘ldi. Niyati yurtini dunyoning manaman degan davlatlari qatorida ko‘rish edi, maqsadi xalqining tinch-osoyishta, usti but, dasturxoni to‘kin, baxtli qilish edi. Yurt og‘asi sherimard edi, xalqi, Vatani uchun jonfido edi. Ammo u ham xalqiday soddadil edi. Bu qo‘l ostidagi shaytonga sig‘ingan, dunyoyu davlatga hirs qo‘ygan, yovuz niyatli mansabdor kimsalar – ayrim qoziyu xufiyalar, bojbonu xazinabonlar, vaziru noyiblar uchun juda o‘ng‘ay keldi. Ular Yurt og‘asining ko‘zini shamg‘alat qilib, elu yurtni, xalqni talay boshladi, sarsonu sargardon qildi, gapirganning og‘ziga urdi, ko‘zlarining o‘tini oldi. Ayrimlari o‘z qorni g‘amida yurtni sotdi – boyligini talon-taroj qildi, xalqni sotdi – qo‘lidagini tortib oldi. Ular “Menga desa qirilib ketmaydimi, o‘zim boyisam bo‘ldi” deb o‘yladi, ular “Biz yaxshi yashayapmiz, demak xalq ham yaxshi umrguzaronlik qilyapti” deb aldadi. Ular xalqni Yurt og‘asi bilan, Yurt og‘asini xalq bilan yaqinlashishidan cho‘chidi, ular ikkisini ayro ushlab o‘tirishga jon jahdi bilan tirishdi. Adolatni, haqiqatni izlayverib, kutaverib xalqning ko‘zlari to‘rt bo‘ldi, ko‘kayi kesilib, umidsizlik, ishonchsizlik domiga tushdi.

Ana shunday kunlarning birida xalq ichidan xalqparvar, yurtsevar, yovqur va mard, saxiy va adolatli botir o‘g‘lon chiqdi. U Yurt og‘asiga munosib izdosh bo‘ldi, Yurt og‘asi ro‘yobga chiqarishga ulgurmagan ishlarni munosib davom ettirdi. U yurt tepasiga kelib, eng avvalo, o‘sha yovuz niyatli sotqinu qo‘rqoqlardan, manfuru razil mansabdorlardan tozaladi. Kunu tun xalqni, uning baxtu saodatini, tinch-osoyishta va farovon turmush kechirishini ta’minlash haqida o‘yladi. Bu yo‘lda farmonu qarorlar chiqarib, hayotga tatbiq etdi. Adolatni, haqiqatni tikladi. Adashganni kechirdi, muhtojlarga yordam berdi, yuragida o‘ti bor, xalq uchun, yurt uchun o‘zini ayamaydigan odamlarni do‘st bildi, mansab, jig‘ildon g‘amida yurganlarni, haromdan hazar qilmaydiganlarni dushman bildi. 

Xalq ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan voqealarning guvohi bo‘ldi. Xalq ko‘rganlariga ishonib-ishonmay “Bo‘lar ekan-ku! Bizni o‘ylaydiganlar ham bor ekan-ku!” deb hayratu xursandchiligini izhor qildi. Xalq yurt tepasiga kelgan botir o‘g‘lonidan rozi bo‘ldi, xalq adolatni, ishonchni, umidni qaytarib bergan mard o‘g‘lonidan minnatdor bo‘ldi.

Xalq botir o‘g‘loni bilan hamfikr, hammaslak bo‘lib, u bilan yelkama-elka turib, ulkan rejalar, buyuk maqsadlar sari odimlashni, Xudo in’om etgan jannatmakon Vatanini yanada obod, fayzli, go‘zal qilishni o‘ziga sharaf deb bildi.

Bayram Aytmurodov, O'zA
5 914