Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.09.2017 15:49 Chop etish versiyasi

Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Viktor Gyugo, Onore de Balzak va Lev Tolstoy asarlarining 12 yoshli muxlisi

Salohiddin Qahhorov poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 193-umumta’lim maktabining 6-sinfida o‘qiydi.

“...Kitob – hayotimiz shamchirog‘i. Kitob nafaqat ma’naviy olamimizni boyitadi, balki dunyoqarashimizni kengaytiradi, fikrlash qobiliyatimizni shakllantiradi.” Bu uning so‘zlari.

Yosh bo‘lishiga qaramay, fikri teran, zehni o‘tkir, har bir so‘zni joyida qo‘llay oladigan bu bolaga havasingiz keladi. U bularning barchasiga kitoblarni mutolaa qilib erishganini aytdi.

Darhaqiqat, yoshlarni Vatanimiz, xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, tarixiy-ma’naviy merosimizga hurmat ruhida tarbiyalash, dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini yuksaltirishda kitobning o‘rni beqiyos. Shu boisdan yurtimizda yoshlarda bolalik chog‘idan boshlab kitobxonlik madaniyatini shakllantirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uyg‘otishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Salohiddin olti yoshidan boshlab kitob o‘qishga qiziqdi. U jahon va o‘zbek adabiyoti asarlarini sevib mutolaa qiladi. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov, Tohir Malik, Viktor Gyugo, Onore de Balzak, Lev Tolstoy, Mixail Lermontov, Anton Chexov, Ivan Turgenev singari taniqli yozuvchi va shoirlar ijodini katta qiziqish bilan o‘rganmoqda.

Salohiddining kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishiga oiladagi muhit, ayniqsa, onasining kitob o‘qishga cheksiz mehri sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Uning onasi Dilbar Abdurashidova Salohiddinning yoshi va dunyoqarashiga mos turli adabiyotlarni o‘qishni tavsiya qiladi. Ona va bola kitobni mutolaa qilib bo‘lgach, o‘zaro fikrlashadi, asar qahramonlarining xulq-atvori, asardagi voqealarni bir-biriga so‘zlab beradi.

"O‘g‘lim vaqtini behuda ishlarga sarflamay, kitob mutolaa qilayotganini ko‘rib quvonaman", deydi Salohiddining onasi.
Salohiddin joriy yilda Uchtepa tumani axborot resurs-markazi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh kitobxonlar” ko‘rik-tanlovida "Eng yosh kitobxon" nominatsiyasida birinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

– Har kuni hech bo‘lmaganda ikki soat vaqtimni kitob o‘qishga ajrataman, – deydi Salohiddin. – Yaxshi asarlarni maktabimizdagi kutubxonadan va Uchtepa tumani axborot-resurs markazidan topib o‘qiyman. Bu maskanlarda istagan adabiyotni tezkorlik bilan topishimiz, elektron variantlarini olib o‘qishimiz uchun qulay sharoit yaratilgan.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 031






Все о погоде - Pogoda.uz