Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.03.2018 12:00 Chop etish versiyasi

A’lochi o‘quvchilar stipendiya va maxsus nishon bilan taqdirlab boriladi

Farzand, yoshlar kamolotida ta’lim-tarbiyaning o‘rni beqiyos. Shu bois ham mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning puxta bilim olishi, turli kasb-hunarlarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilm olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish,  ijobiy raqobatni kuchaytirish va rag‘batlantirish maqsadida tadbirkor Abduhalil Obidov tomonidan tashkil etilgan “Usta Habibulloh ota” o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash xayriya jamg‘armasi ana shu yo‘nalishdagi ishlarga yorqin bir misoldir.

Jamg‘arma Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi 34-umumta’lim maktabida tahsil olayotgan, namunali xulqqa ega, o‘qish va jamoat ishlarida faol 1-sinfdan 10-sinfgacha bo‘lgan 10 nafar o‘quvchini har oyda 25 ming so‘m miqdoridagi oylik stipendiya va maxsus nishon bilan taqdirlab boradi. Stipendiya sohiblari sinf rahbarlarining tavsiyalari asosida maktabda tuzilgan hakamlar hay’ati tomonidan aniqlanadi. O‘quv yili yakunida esa eng ko‘p stipendiya sohibi bo‘lgan, a’lochi o‘quvchi noutbuk sohibiga aylanadi.

– Kelgusida stipendiya miqdorini ko‘paytirish, kitob mutolaasi bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga imkon qadar yordam ko‘rsatish kabi bir qator ishlarni amalga oshirishni oldimizga maqsad qilganmiz, – deydi tadbirkor A.Obidov. – Bundan tashqari, maktabimizni tamomlab, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan kam ta’minlangan oilalar farzandlariga kontrakt to‘lovlarini o‘tkazib berishni ham rejalashtirganmiz.

Xalqimizning mehr-muruvvat, muhtojlarga ko‘mak berishdek azaliy  qadriyatlarini mujassam etgan ushbu xayrli tashabbus shubhasiz, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yuzaga keltiradi, yanada yuqori natijalar sari ilhomlantiradi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
5 672