O‘zA O`zbek

11.01.2018 18:17 Chop etish versiyasi

75 nafar bitiruvchi ishga yo‘llanma oldi

75 nafar bitiruvchi ishga yo‘llanma oldi Shu munosabat bilan viloyat musiqali drama va komediya teatrida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda viloyat sog‘liqni saqlash tizimi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar ishtirok etdi.

Unda mamlakatimiz tibbiyot tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samaralari haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yanada oshirishga xalaqit berayotgan muammolarga ham e’tibor qaratildi.

14.jpg

– Davlat dasturlari asosida sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, ilg‘or texnika va texnologiyalar bilan jihozlanmoqda, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Solijon Mo‘minov. – Biroq sohada malakali kadrlar taqchilligi eng katta muammo bo‘lib qolmoqda. Jumladan, viloyatning o‘zida salkam 600 ga yaqin oliy ma’lumotli shifokor-mutaxassisning o‘rni bo‘sh turgan edi. Bu ehtiyoj yangi tashkil qilingan qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarida nisbatan ko‘proq kuzatilayotgan edi. Mana shunday murakkab vaziyatdan chiqishga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oqilona yechim topildi.

Darhaqiqat, pensiya yoshidagi shifokorlarning faoliyatini to‘liq davom ettirishiga ruxsat etilgani viloyatdagi o‘nlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridagi bo‘sh o‘rinlarni tajribali va malakali shifokorlar bilan to‘ldirish, tibbiyot maskanlarida uctoz-shogird an’analarini davom ettirish imkoniyatini berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash davlat tizimi tashkilotlarini kadrlar bilan ta’minlashni yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, o‘rindoshlik asosida hamda bir necha joyda ishlash tartibi takomillashtirilishi natijasida viloyatdagi 150 ga yaqin vakant o‘rin to‘ldirildi.

Vrach-mutaxassislar bilan ta’minlash samaradorligini oshirishda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining 7- va 6-bosqich bitiruvchilari muddatidan oldin viloyat sog‘liqni saqlash tizimidagi muassasalarga ishga yuborilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Marosimda Andijon davlat tibbiyot instituti va Toshkent tibbiyot akademiyasining 75 nafar 7-bosqich bitiruvchisiga diplom va shahar, tuman tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy poliklinika hamda qishloq vrachlik punktlarida ishlash uchun yo‘llanma tantanali ravishda topshirildi.

– O‘g‘lim Andijon davlat tibbiyot institutining umumiy davolash fakultetini bitirdi, – deydi Muhammad Habibullayevning onasi Zumradxon Inomova. – Ko‘nglimning bir chetida o‘qishni bitirib kelib ish topa olarmikan, hozir juda do‘xtirlar ko‘p-ku, degan tashvish bo‘lar edi. Bugun u Namangan shahridagi 9-oilaviy poliklinikaga ishga yo‘llanma oldi. Uning mana shunday tantanali ravishda ishga qabul qilinishini tasavvur ham qilmas edim. Farzandlarimizga shunday imkoniyatlar yaratib berayotgan, el-yurt sog‘ligi yo‘lida qayg‘urayotgan davlatimizdan minnatdormiz.

– Toshkent tibbiyot akademiyasining tibbiy pedagogika fakultetini bitirdim, – deydi Muharram Mirzahmedova. – O‘zim istiqomat qiladigan Chortoq tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga ishga qabul qilindim. Bundan juda xursandman, biz talabalar bunday kunlarni orziqib kutar edik.

Joriy yilda viloyat tibbiyot muassasalariga mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 6-,7-bosqich talabalari hamda klinik ordinatura va magistraturani tamomlagan 200 dan ziyod bitiruvchi muddatidan oldin ishga qabul qilinishi kutilmoqda.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
13 538