Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.09.2017 15:53 Chop etish versiyasi

24-dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi

2017-yil dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasi, ya’ni 24-dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi majlisida ma’lum qilindi. Majlisda qabul qilingan «Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga caylov bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida»gi qaror bunga asos yaratdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov boshqargan yig‘ilishda mamlakatimizda demokratik talablarga va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish kafolatlarini ta’minlaydigan milliy saylov tizimi yaratilgani ta’kidlandi.

Toshkent shahar tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tuzish tumanlar darajasida mahalliy byudjetni, hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini ishlab chiqish hamda qabul qilishda muhim o‘rin tutadi. Kengashlar sessiyasida tumanlarda joylashgan mahalliy davlat organlari rahbarlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari va axborotlari tinglanadi. Bu esa fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni hal etishga imkon yaratadi.

Bunday amaliyot poytaxt tumanlarining rivojida muhim omil bo‘lib, jamoatchilikning Toshkent shahridagi ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi ishtirokini kengaytiradi. Aholi vakillarining joylardagi mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish imkonini beradi.

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlar joylarda tashkil etiladigan saylov komissiyalari tomonidan saylov to‘g‘risidagi qonunchilikka, demokratik prinsiplar va xalqaro standartlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining «Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq olib boriladi.

Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini mustaqil holda amalga oshiradi. Har qanday davlat organi, jamoat birlashmasi va manfaatdor shaxslarning ular faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylangan deputatlar o‘z vakolatlarini 2019-yil mamlakatimizda o‘tkaziladigan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga navbatdagi saylovgacha amalga oshiradi.

Shu kunning o‘zida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan brifing tashkil etildi. Unda Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov jarayonining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi. Saylovning ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi saylov jarayonining oshkoraligini ta’minlaydi. Bu fuqarolarning saylovda va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga xizmat qiladi.

Tadbirda okrug va uchastka saylov komissiyalari ishini tashkil etish, deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish tartibi, saylovoldi tashviqoti, manfaatdor tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki va ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish kabi masalalar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 489






Все о погоде - Pogoda.uz