O‘zA O`zbek

12.01.2018 13:34 Chop etish versiyasi

23 yoshni qarshi olgan yurt posbonining orzulari

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Sheralining bolalikdagi orzusi uni Andijon olimpiya zaxiralari sport kolleji tomon yetakladi. Bu yerda u qo‘l jangi bo‘yicha malakali mutaxassislar qo‘l ostida shug‘ullandi. Murabbiylarning ko‘rsatmasi, o‘zining sa’y-harakatlari tez orada samara berdi. Qo‘l jangi bo‘yicha viloyat va mamlakat miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda qatnashdi. O‘zbekiston birinchiligida ikki marta shohsupaga ko‘tarildi.

Shundan so‘ng Vatani oldidagi burchini bajarish uchun muddatli harbiy xizmatga otlandi. Harbiy xizmatda ham komandirlar buyrug‘ini so‘zsiz bajarib, xizmatdoshlari orasida hurmat qozondi. Nihoyat, u maqsadiga yetdi. Namunali xulqi va harbiy xizmatni a’lo darajada o‘tagani uchun harbiy qismda shartnoma asosidagi harbiy xizmatchi sifatida qoldi. Ota-onasi ham uning bu qaroridan mamnun bo‘ldi.

Hozir Sherali Mahamadaminov Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi serjantlar tayyorlash maktabida harbiy mahoratini oshirmoqda. Maktabda u o‘zining harbiylarga xos shijoati, jasorati bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘tgan yili avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tizimida boks bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Endi 23 yoshni qarshi olgan yurt posbonining orzulari bir olam.

– Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbni tanlaganimdan faxrlanaman, – deydi Sh.Mahamadaminov. – Serjantlar tayyorlash maktabida ko‘plab harbiy bilimlarni o‘zlashtiryapmiz. Maktabimiz o‘quv uslubiy, tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, harbiy intizom, o‘quv materiallari bazasini mustahkamlash va takomillashtirib borish bo‘yicha turdosh maktablar orasidagi eng yaxshi bilim dargohlaridan sanaladi. Bu yerda kursantlarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarligini yanada oshirish, jismonan baquvvat bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quv mashg‘ulotlari talab darajasida olib boriladi. Harbiy mashg‘ulotlar bilan birga, sport turlari bilan ham muntazam shug‘ullanamiz.

Uzluksiz o‘quv hamda amaliy-taktik mashg‘ulotlar kursantlarni haqiqiy sinovdan o‘kazadi. Bu davrda o‘zining harbiy mahoratini oshirgan kichik komandirlar kelgusida yurt tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, osmonimiz musaffoligini ta’minlashdek muqaddas va sharafli burchni ado etadi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini munosib qarshilayotgan kichik komandirlar maskani Mudofaa vazirligi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Eng ilg‘or serjantlar tayyorlash maktabi” ko‘rik-tanlovi g‘olibligi hamda ushbu maskanlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Ommaviy sport ishlari ko‘rigi”da eng yaxshi maktab nominatsiyasi maqomini saqlab kelayotir. Ayni paytda jamoa “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ko‘rik-tanlovlarda alohida faollik ko‘rsatmoqda.

Maktabda alohida o‘quv xonalari, harbiy texnikalar bilan jihozlangan ko‘rgazmali binolar, sport shaharchasi, dam olish xonalari, madaniy hordiq chiqarish uchun qishki klub faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sherali Mahamadaminov kabi shijoatli kursantlar ko‘p. Xususan, Sarvar Aminov, Sherzod Teshaboyev, Tursun Sirojov, Bobomurod Oripov va boshqa bo‘lg‘usi kichik komandirlar bu borada maktabning iftixoriga aylangan.

O‘lmas Barotov, O‘zA
7 086