Jamiyat

Vatanimizning qudratli qanotlari

O‘zA, Viktor Nikolayev, A'lo Abdullayev (surat), 27.01.2012 22:32

“Turkiston” saroyida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Islom Karimovning farmoniga binoan 1992 yil 28 yanvarda “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi tashkil etildi. Mustaqillik yillarida Milliy aviakompaniyamiz xalqaro tashishlar bozorida raqobatbardoshligini namoyon etibgina qolmay, mijozlarning ishonchini qozonish va o‘z faoliyati ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishga erishdi.

Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unga fuqaro aviatsiyasi sohasi rahbarlari va ilg‘orlari, parlament a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi jamoasiga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Yig‘ilishda kompaniya erishgan yutuqlar va to‘plangan boy tajriba, Milliy aviakompaniya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bosqichlari, sohaga joriy etilgan texnik va texnologik yangiliklar haqida so‘z bordi. Prezidentimiz Islom Karimovning uzoqni ko‘zlab yuritgan siyosati samarasida o‘tgan davr mobaynida sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasining yaxlit tizimi shakllantirilgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi tufayli fuqaro aviatsiyasi sohasida barcha tuzilmalarning aniq maqsadli va ko‘p qirrali faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu esa kompaniya zimmasiga yuklatilgan barcha vazifalarni samarali hal etish imkonini bermoqda. Ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlar, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish darajasi oshmoqda, aeroportlar va boshqa obyektlarning texnologik bazasi muttasil yangilanmoqda hamda texnologik jihozlanishi takomillashtirilmoqda.

Eng muhimi, yigirma yil davomida barcha tarmoqlar izchil va barqaror rivojlandi. Aviaparkning yangilanishi aniq maqsadli ravishda amalga oshirilmoqda, parvozlar jarayoni takomillashtirilmoqda, yangi terminallar ishga tushirilmoqda, uchish-qo‘nish polosalari modernizatsiya qilinmoqda, korxonalarni texnik jihozlashga katta ahamiyat berilmoqda va xodimlarni tayyorlash ishlari izchil olib borilmoqda. Rivojlanishning barcha bosqichlarida parvozlar xavfsizligiga va yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Milliy aviatashuvchi maqomini olganidan so‘ng uch oy o‘tishi bilan Milliy aviakompaniyamiz Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida (ICAO) ro‘yxatdan o‘tdi va o‘zining HY kodini rasmiylashtirdi, jahon bronlash tizimiga reyslari haqidagi ma’lumotlarni joylashtirdi.

Mustaqillik yillarida samolyotlar parki butunlay yangilandi. Bugun kompaniya aviaparkini “Boing”-757/767, A-320, A-310, Rj-85 va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan Il-114-100 kabi zamonaviy havo kemalari tashkil etadi. Aviaparkni samolyotlarning yangi avlodi bilan to‘ldirish davom etmoqda. Hozirgi kunda Airbus turkumiga kiruvchi o‘nta A-320 samolyoti xalqaro va mahalliy yo‘nalishlarda parvozlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Yaqin kunlarda “Toshkent” aeroportiga Milliy aviakompaniyamiz buyurtmalar portfeliga kiruvchi yangi V-767 samolyoti kelib qo‘nadi. Istiqbolda uchta V-767 va ikkita V-787 Dreamlier samolyotlarini xarid qilish rejalashtirilgan.

Aviakompaniya tomonidan mavjud aerovokzal komplekslari, havo kemalari uchun mo‘ljallangan angarlar rekonstruksiya qilindi, yangilari barpo etildi. Butun mamlakat bo‘ylab havo harakatini boshqarish tizimi modernizatsiya qilindi, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha o‘z bazasi, shuningdek, tariflar va chegirmalarning moslashuvchan tizimi yaratildi. Sifat menejmenti tizimi joriy qilindi, havo kemalarini ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha barcha murakkab jarayonlar o‘zlashtirildi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida yuksak texnologiyalar va barcha shart-sharoitlar bilan ta’minlangan “Toshkent-3” mahalliy havo yo‘llarining yangi yo‘lovchi terminali foydalanishga topshirildi. “Buxoro” xalqaro aeroportida soatiga 400 nafar yo‘lovchini o‘tkazish imkoniga ega zamonaviy terminal faoliyat ko‘rsata boshladi, unda xalqaro standartlar bo‘yicha barcha xizmat turlari ko‘zda tutilgan. “Nukus” aeroportida texnik jihatlari barcha xalqaro standartlarga mos uchish-qo‘nish yo‘lagining rekonstruksiyasi yakunlandi. U ham Sharq mamlakatlari, ham G‘arb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan havo kemalarini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Janubiy Koreyaning “Korean eyr” aviakompaniyasi bilan hamkorlikda xalqaro “Navoiy” aeroporti negizida yirik intermodal logistika markazi tashkil qilindi. Unda kuniga 300 tonnagacha yukni qabul qilish, saqlash va jo‘natish imkoniyatiga ega yuk terminalidan foydalanilmoqda. Bu yil Navoiy havo bandargohida soatiga 400 yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatga ega yangi yo‘lovchi aerovokzali ochiladi.

2011 yil noyabridan O‘zbekiston havo hududidan yanada samarali foydalanish uchun vertikal eshelonlashtirishning qisqartirilgan minimumi (RVSM) joriy qilindi. Buning uchun tegishli texnik jihozlash ishlari amalga oshirilib, RVSM xodimlari va yo‘riqchilari o‘qitildi. Boshqacha aytganda, ushbu tizim joriy qilinishi natijasida mamlakatimiz havo hududidan foydalanish samaradorligi yanada oshdi, havo trassalarida avvalgidan ko‘proq samolyotlarni o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot markazining trenajer kompleksi faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi kompleksda Milliy aviakompaniyamiz uchuvchilar tarkibi nazariy tayyorgarlikdan o‘tadi va trenajerlarda mashq qiladi. Bu esa milliy mutaxassislarni tayyorlash jarayonida valuta mablag‘larini tejash hamda boshqa aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatish orqali qo‘shimcha daromad olish imkonini beradi.

Yana shuni qayd etish zarurki, o‘tgan 20 yil davomida kompaniyaning kadrlar tarkibi butunlay yangilandi. Ilgari uchuvchilar tarkibida milliy kadrlar deyarli yo‘q edi. Hozir ekipajlarning asosiy tarkibini mahalliy millat vakillari tashkil etadi. Ular uchuvchilik, muhandislik, bortprovodniklik kasblarini puxta o‘zlashtirgan bo‘lib, bir necha xorijiy tillarni biladi. Ko‘pchiligi yuqori toifali mutaxassis-yo‘riqchi darajasini egallagan va endilikda yoshlarga mahorat sirlarini o‘rgatmoqda. Bunga 2007 yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan “Boing” uchuvchilar otradining uchuvchi-yo‘riqchisi Zarxo‘ja Saydazimov faoliyati yaqqol misol bo‘la oladi.

Endilikda aviakompaniya samolyotlari Yevropa, Osiyo, Amerikaning qirqdan ziyod shaharlariga parvoz qilmoqda. Tokio va Nyu-York, London va Parij, Pekin va Rim, Dehli va Dubay, Seul va Tel-Aviv… Yurtdoshlarimiz berilgan bunday imkoniyatlardan mamnuniyat bilan foydalanmoqda. Reyslar geografiyasi muntazam ravishda kengayib bormoqda.

Milliy aviakompaniyamiz tarkibidagi “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi faoliyatini ham alohida ta’kidlash joiz. O‘z ishlab chiqarish quvvatlarini tobora oshirib borayotgan ushbu korxona bugun nafaqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlariga, balki xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga ham barcha turdagi texnik xizmatlarni ko‘rsatmoqda. Texnik xizmat ko‘rsatishning yuqori sifati va yangi xizmat turlarini o‘zlashtirib borayotgan aviakorxona xodimlarining yuqori malakasi tegishli xalqaro sertifikatlar bilan tasdiqlangan.

Milliy aviakompaniyamizning Sky Team xalqaro aviatsiya alyansiga a’zo bo‘lishi borasidagi ishlar ham izchil davom ettirilmoqda.

Kompaniya xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha muttasil izlanish olib bormoqda. Shu maqsadda elektron chiptalar tizimi muvaffaqiyatli joriy qilindi, mijozlarning istagiga ko‘ra chiptalarga buyurtma berish, ularni uyga yoki ko‘rsatilgan shaxsga yetkazib berish mumkin. Aerovokzal komplekslarida va ularning yon-atrofidagi hududlarda keng qulayliklar yaratilgan. Bortdagi ovqatlanish sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan taomlar turlari muntazam yangilanib turadi. Milliy aviakompaniyaning “Ketrin” unitar korxonasi issiq va sovuq taomlarning minglab porsiyalarini tayyorlash, barcha avialiniyalar samolyotlariga turli xil ichimliklar va mevalarni yetkazib berish imkoniyatiga ega. Uch yuzdan ziyod taom turlari “Global test” muvofiqlik sertifikatini olgan.

Aviakompaniya jamoasi shonli yubileyni munosib kutib olmoqda. Buni quyidagi raqamlar yaqqol tasdiqlaydi. 2011 yil ish natijalariga ko‘ra “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlari tomonidan 24 437 reys amalga oshirilgan. Bu esa 2010 yildagiga nisbatan 889 ta ko‘pdir. 2 million 322 ming nafar yo‘lovchi, ya’ni 2010 yilga nisbatan 155,8 ming nafar ko‘p yo‘lovchi tashilgan. Yuk tashishlar ko‘rsatkichlari ham ortgan. 2011 yilda qariyb 50 ming tonna yuk tashilgan. Faqat “Navoiy” aeroporti orqali 20,7 ming tonna yuk tashilgan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi 20 yil davomida bosib o‘tgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, shuni ta’kidlash kerakki, mutaxassislarning yuksak kasb mahorati va fidokorona mehnati milliy aviatashuvchimizga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘lish va mijozlarning ishonchini qozonish imkonini berdi. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston aviakompaniyasi shunday yuksak natijalarga erishdiki, uni haqiqatan ham, kelajak sari qo‘yilgan muhim qadam, deya baholash mumkin.

Aviakompaniya hayotining har yili rivojlanish va gullab-yashnash bosqichlari bo‘lmoqda. Milliy aviakompaniyamizning barcha tarkibiy tuzilmalari belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatib, aviatransport qatnovlarining barqarorligi va ishonchliligi ta’minlanmoqda.

Shuni faxr bilan ta’kidlashimiz mumkinki, aviakompaniya jamoasi yubileyni ishlab chiqarish vazifalarini muvaffaqiyatli bajargan, o‘z burchiga sadoqatini namoyish etgan holda qarshi olmoqda. Istiqbolda yangi loyihalar, vazifa va maqsadlar kutmoqda. Ayni paytda aviakompaniya jamoasi parvozlarning yuksak darajali xavfsizligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning yuqori sifatini ta’minlashdek muhim tamoyillarga sodiq qoladi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi qudratli, barqaror va ishonchli aviatashuvchi sifatida jahon bozoridagi yetakchi mavqeini saqlab qolishiga shubha yo‘q.

Davlatimiz rahbarining 2012 yil 27 yanvardagi “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining 20 yilligi munosabati bilan qabul qilingan farmoniga muvofiq, kompaniyaning bir guruh xodimlari faxriy unvon, orden va medallarga sazovor bo‘ldi. Yig‘ilishda ularga Vatanimizning ana shu yuksak mukofotlari topshirildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqan “O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi bosh direktori V.Tyan, aviakompaniya Uchuvchilar majmuasi “Boing” havo kemasi komandiri M.Mavlyankulov, “Uzbekistan airways technics” aviakorxonasi G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi seh boshlig‘ining o‘rinbosari R.Karimov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga sohaga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi, uni yanada jadal rivojlantirish borasida yaratilgan shart-sharoitlar uchun samimiy minnatdorlik izhor etdilar.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish san’at ustalari va badiiy jamoalar ishtirokidagi bayram konserti bilan yakunlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari E.Bositxonova, U.Rozuqulov, B.Zokirov ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Sud-huquq islohotlari – mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilish jarayonining tarkibiy qismi

Yaxshi qo‘shiq – ijodiy hamkorlik mevasi

Oliy sudda uchrashuv

“Nafis”ning nafosatli qizlari

Ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama