Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.11.2017 18:20 Chop etish versiyasi

2 ming 300 dan ortiq murojaatning 1 ming 596 tasi to‘liq qanoatlantirilgan

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlardan aholi mamnun.

Xorazm viloyatida joriy yil kuz-qish davrida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy muassasalarning barqaror ishlashini ta’minlash hamda mavsum davomida iste’molchilarga ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, Hisob palatasi, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlari bo‘yicha sayyor qabullar o‘tkazilib, davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 iyundagi "Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017/2018 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining joylardagi ijrosi o‘rganildi.

Viloyatning barcha shahar va qishloqlari, ayniqsa, olis aholi punktlarida kuz-qish mavsumiga qay darajada tayyorgarlik ko‘rilgani, ichimlik suvi, gaz, elektr energiyasi, ko‘mir, oziq-ovqat zaxirasi bilan nechog‘li ta’minlanganiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga shu kunga qadar hudud aholisidan mazkur yo‘nalishda 2 ming 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 1 ming 596 tasi to‘liq qanoatlantirilgan.

Viloyatda tabiiy gazdan oqilona foydalanish, joylarda iste’molchilar tomonidan nostandart gaz uskunalari ishlatilishining oldini olish va gaz bosimi tushib ketish holatlarini bartaraf qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, tabiiy gazga ulanmagan 120 mingga yaqin xonadonga qish mavsumida 17,3 ming tonna suyultirilgan gaz, 145 ming gaz balloni ajratilgan. Suyultirilgan gazni iste’molchilarga yetkazib berish uchun 50 dan ortiq maxsus mashinalar xizmat qilmoqda.

– Mahallamizda tabiiy gaz tarmog‘i bir necha yil oldin uzilgan, – deydi Shovot tumanidagi Maxtumquli nomidagi mahallada istiqomat qiluvchi Bog‘dagul Ortiqova. – Shu paytgacha o‘choqda o‘tin yoqib, ovqat pishirardik. Mana bu yildan Prezidentimiz tashabbusi bilan suyultirilgan gaz ballonlari tarqatilmoqda. To‘lov bahosi ham arzon va qulay. Oilamiz kattaligi bois ikkita gaz balloniga shartnoma qilganman. Birinchisining gazi tugamasdanoq ikkinchisini olib kelishadi.

Ishchi guruhi tomonidan ko‘mirga ehtiyojmand aholining ta’minlanganlik darajasi o‘rganilganda, 10 noyabr kuniga qadar rejadagi 62 ming tonna o‘rniga 23,8 ming tonna yetkazib berilgani aniqlandi. Shuningdek, yetkazib berilgan muqobil yoqilg‘i sifatining yaxshi emasligi ko‘pchilik fuqarolarning e’tiroziga sabab bo‘lgan. Ushbu kamchiliklar tegishli mutasaddilar ishtirokida o‘rganilib, 3 kun ichida 2 ming 800 tonna ko‘mir yetkazib berildi.

O‘rganishlar davomida aholi xonadonlari, ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarning kuz-qish mavsumida elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Viloyatda 4 ming 6 transformator punkti mavjud. Keyingi 7 yil davomida viloyatda 52 yangi aholi massivi barpo etilib, elektr tarmog‘iga ulangan xonadonlar soni 58 mingga ko‘paygan. Ularni sifatli elektr bilan ta’minlash uchun 238,4 kilometr tarmoq qurish va 65 transformator punkti o‘rnatish zarurati vujudga kelgan. Ushbu zaruratni bartaraf etish maqsadida 3 kun davomida Yangiariq, Qo‘shko‘pir, Bog‘ot, Xonqa va Gurlan tumanlarida 3 yangi transformator punkti o‘rnatildi, 6 tasi rekonstruksiya qilinib, 19 tasi ta’mirlandi. Yana o‘rnatilishi lozim bo‘lgan transformator punktlarining ro‘yxati, moliyalashtirish manbalari va ularning jadvallari ishlab chiqildi.

– Mahallamizda 120 xonadon bor, – deydi Gurlan tumanidagi Dehqonobod mahallasi faoli Q.Xidirboyev. – Ammo, hududimizdagi transformator punkti 60 xonadonga mo‘ljallangan. Har yili kuz-qish mavsumida elektr ta’minotidagi uzilishlar odamlarga qiyinchilik tug‘dirardi. Bugun mahallamizga kelgan ishchi guruhi mazkur holatni o‘rganib, tegishli idoralarni jalb qildi. Natijada 250 xonadonga mo‘ljallangan yangi transformator o‘rnatildi.

Xorazm viloyatida ham 2017-2018 yillar qish-bahor oylari uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilgan. Mavsum davomida aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida tayyorlov korxonalari, bozor uyushmalari, fermer xo‘jaliklari va boshqa tashkilotlar tomonidan 13 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot maxsus omborlarga jamlandi. Qolgan mahsulotlar joriy yilning 1 dekabriga qadar jadval asosida jamg‘arilishi rejalashtirilgan. O‘rganish davomida joylarda aholi ehtiyojiga qarab 28 ming qopdan ortiq un va 93 tonnadan ziyod o‘simlik yog‘i belgilangan narxlarda aholiga tarqatildi.

– Har yili kuz-qish mavsumida iste’mol uchun zarur bo‘lgan un, yog‘ va boshqa mahsulotlar narxi ko‘tarilib ketardi, – deydi Hazorasp tumani Yangiobod mahallasida yashovchi Dilorom Sultonova. – Mana, bu yil mahallamizda tashkil etilgan ulgurji savdo shoxobchasi tufayli un, yog‘, sovun kabi zaruriy mahsulotlarni arzon narxda sotib olmoqdamiz. Har hafta tashkil etilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalarida sotuvga qo‘yilgan mahsulotlar bozordagiga nisbatan ancha arzon.

Muammolarning joyida hal etilishi tufayli 52 tonnaga yaqin chiqindi maxsus joylarga olib chiqib tashlandi. Isitish tizimida kamchiliklari aniqlangan 15 umumta’lim maktabi, 5 maktabgacha ta’lim muassasasi, 12 qishloq vrachlik punktida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Uch kun davomida viloyatning chekka qishloqlaridagi 7 mingdan ziyod aholi patronaj tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Ijtimoiy himoya – ko‘ngil malhami. Kam ta’minlangan, nogiron va ijtimoiy himoyaga muhtoj 300 ga yaqin oilaga yordam tariqasida chorva mollari, parranda, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnika vositalari va uy-ro‘zg‘or buyumlari tarqatildi.

– Erim olamdan o‘tgach, uch farzandim bilan qiynalib qoldim, – deydi Gurlan tumanidagi Qangli mahallasida yashovchi Muqaddas O‘rozboyeva. – Albatta, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y qo‘lidan kelgancha yordam beradi. Bugun, mana, bir guruh rahbarlar xonadonimizga kelib holimdan xabar oldi. Oilamga homiylik qilib, bir bosh sigir berishdi. Bundan ayniqsa, farzandlarim juda xursand. Bunday xayrli ishlarning boshida turgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Urganch shahrida maxsus ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu kabi tadbirlar hududlardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, xonadonlar va korxonalarning qish mavsumini muammosiz o‘tkazishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
1 990






Все о погоде - Pogoda.uz