Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.06.2018 13:20 Chop etish versiyasi

1941-yil 22-iyun…

1941-yil 22-iyun…
Ushbu sana insoniyatni larzaga keltirgan edi. Aynan shu kuni “urush boshlandi”, degan sovuq va dahshatli xabar tarqaldi. Shu tariqa inosoniyat tarixidagi eng mudhish odamkushlik davri boshlandi. Xalqimizni ham chetlab o‘tmagan bu urush har bir xonadanda o‘z izini qoldirdi. Qayg‘u-alam, ayriliq, judolik hech bir uyni chetlab o‘tmadi. “Urush, noming o‘chsin jahonda!” deya hayqirmagan ona, ayol qolmadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 9 may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan marosimdagi nutqida ta’kidlaganidek, “Urush arafasida O‘zbekistonda 6,5 million aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1 million 500 mingdan ziyodi frontga safarbar etilgan. Bu o‘sha paytdagi xalqimizning 22 foizini, mehnatga yaroqli aholining esa 40-42 foizini tashkil etardi. Mehribon ota-onasini, aziz farzandlari, tabarruk ona yurt tuprog‘ini himoya qilishga otlangan bu botir insonlar kechayu kunduz qon kechib, Moskvadan to Berlingacha bo‘lgan olovli yo‘llarni qahramonlarcha bosib o‘tdilar. Urushda o‘zbekistonlik jangchilardan 500 mingdan ko‘prog‘i – frontga safarbar etilganlarning har uchtasidan biri halok bo‘ldi, 60 mingdan ortiq hamyurtimiz nogiron bo‘lib qaytdi. Bu yovuz urush tufayli qancha-qancha oilalar o‘z boquvchisidan ajraldi, go‘daklar yetim, ayollar beva bo‘lib qoldi. O‘z jigarbandidan judo bo‘lgan ming-minglab onalar qalbidagi alam va iztirobni ifoda etishga so‘z ojiz...”

Kishilik tarixidagi eng qonli, eng katta yo‘qotish va mislsiz qurbonlarga, el-yurtimiz o‘rtasida qancha-qancha musibat va ofatlar, g‘am-alamlarga, beva-bechoralar va yetimlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan beshafqat urush hech qachon qaytarilmasligi uchun bunday fojia va balolarning oldini olish, doimo ogoh va hushyor bo‘lish zarur. Afsuski, bugungi kunda dunyoning turli hudud va mintaqalarida, olis va yaqin atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora kuchayib borayotganini ko‘rmoqdamiz. Ayrim joylarda qon to‘kilayotgani, nizo va adovatlar avj olayotgani, millatchilik, shovinizm kabi havfli ofatlar maydonga chiqayotgani, bir so‘z bilan aytganda, vaziyat tobora keskinlashib, xavf-xatarlar ortib borayotgani barchamizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi.

Olimlarning fikricha, insoniyatning besh ming yillik tarixi davomida yer yuzida 14 ming 500 ta urush bo‘lib o‘tgan ekan. Bu urushlar oqibatida 3,5 milliard kishi halok bo‘lgan.

Bir paytlari tabiiy ofatlarga qarshi jamoa bo‘lib kurashgan odam bolalari endilikda tabiat va jamiyat inqiroziga sabab bo‘lmoqda. Yadro quroli yaratilishi bilan insoniyat oldida tinchlik muammosi paydo bo‘ldi. Jurnalistlardan biri A.Eynshteynga uchinchi jahon urushi xaqida savol berganida u “uchinchi jahon urushida qanday qurollar bilan jang qilishlarini bilmayman-u, ammo to‘rtinchi jahon urushi tayoqlar bilan bo‘lishiga ishonaman” degan ekan. Bugungi kundagi qurollanish, davom etayotgan qirg‘in-barotlar buyuk olimning fikrlarini isbotlamoqda. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, bugun dunyo mamlakatlari ega bo‘lgan yadro qurollarining atigi besh foizi ishlatilsa ham yer shari o‘z o‘qidan chiqib ketar ekan.

XIX asrgacha urushlar mamlakatlarning iqtisodiyotiga deyarli ta’sir qilmagan. Ammo XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrdan boshlab urushlar nafaqat mamlakat iqtisodiyoti, balki keng ommaning turmush tarzida aks eta boshladi. Endilikda harbiy harakatlarda bir-ikki davlat emas, balki ko‘plab mamlakatlar ishtirok etmoqda. Birinchi jahon urushida 70 milliondan ortiq kishi qatnashgan bo‘lsa, Ikkinchi jaxon urushida 110 millionga yaqin kishi ishtirok etdi. Yevropa mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan urushlar taxlil qilinar ekan, XVII asrda – 3,3 million kishi, XVIII asrda – 5,4 million kishi, XIX asr va XX asr boshlarida (Birinchi jaxon urushiga qadar) – 5,7 million kishi, Birinchi Jahon urushi (1914 yilning 28 iyul – 1918 yilning 11 noyabri)da – 9 milliondan ortiq kishi, Ikkinchi Jahon urushi (1939 yilning 1 sentyabr – 1945 yilning 2 sentyabri)da esa 50 milliondan ortiq kishining halok bo‘lgani aytiladi. 1945 yildan 1990 yilgacha bo‘lgan davrning 2340 haftasidan atigi uch xaftasidagina yer yuzida tinchlik bo‘lgan ekan. XX asrning 90-yillarida yer yuzida 100 dan ortiq harbiy harakatlar qayd qilingan. 90 dan ortiq davlat ishtirok etgan bu urushlarda 9 millionga yaqin kishi xalok bo‘ldi. Birgina 1990 yilning o‘zida yer yuzida 31 ta qurolli to‘qnashuv kuzatildi.

Qurollanish poygasini to‘xtatish, harbiy xarajatlarni kamaytirish orqali mablag‘larni mamlakatlar iqtisodiyotining boshqa tarmoqlariga yo‘naltirish mumkin. Harbiy xarajatlar o‘ndan bir qismiga kamaytirilgan taqdirda ham rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiyotini yaxshilash, bu mamlakatlar axolisining turmush sharoitini tubdan o‘zgartirish mumkin bo‘lar ekan. 

Urushlar tufayli shaharlar, tarixiy obidalar vayron bo‘layotganidan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Jangarilar Mosuldagi markaziy kutubxonani portlatib yuborishi va o‘t qo‘yganlaridan so‘ng jahondagi eng qadimiy deb aytilayotgan kutubxona hovlisida kitob va qo‘lyozmalarni yoqib, gulxan yasashdi. Umumiy hisobda madaniyat, falsafa va tarixga oid 10 ming tom kitob yo‘q qilindi. Ular orasida yuzlab manuskriptlar bor edi. Jangarilar Mosul muzeyidagi durdonalar – minglab yillar davomida ko‘zni quvontirib turgan bebaho san’at asarlarini bir necha daqiqa ichida yer bilan yakson qildi. Terrorchilar buldozerlar yordamida Yunus payg‘ambarning qabri va masjidini ham buzib tashlashdi. Shu o‘rinda Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida Toliblar tomonidan qadimiy ulkan Budda haykallarining vayron etilganini ham eslatib o‘tish kerak. Tog‘ bag‘riga eramizning 3-7 asrlarida o‘yib ishlangan haykallar portlovchi moddalar yordamida portlatilgandi. Malidagi vaziyat ham kishini tashvishlantiradi. Janggarilar Timbuktu shahridagi noyob arxivga o‘t qo‘ydi. Bu yerdagi qadimiy omborxona va yangi Tadqiqot Markazida jahon merosi sanalmish 12- 13- asrlarda yaratilgan biologiya, astronomiya, tarix, matematika, musiqa va boshqa fanlarga oid yuz mingdan ortiq qo‘lyozmalar, manuskriptlar saqlanardi. Terrorchilar shaharning madaniy qadriyatlarini, jumladan qadimiy Jinguyereber masjidi va so‘fiylarning qadamjolari hamda maqbaralarini tahqirlashdi, buzib tashlashdi. Terrorchilarning ko‘r-ko‘rona xatti-harakatlari oqibatida insoniyat o‘zining tarixiy va ma’naviy boyligidan mahrum bo‘lmoqda.

Agar xalqaro jarayonlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, insoniyat oldida paydo bo‘layotgan muammo va ziddiyatlar dunyoda hamjihatlikning yo‘qligi, bir-birini eshitmaslik, o‘z kuchiga ortiqcha baho berish, o‘zgalarga bepisand qarash natijasida yuzaga kelayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Ayniqsa, davlatlararo munosabatlarda o‘zaro ishonchning susayishi va ishonchsizlik kayfiyatining o‘sib borayotgani global muammolarni tinch yo‘l bilan, muzokaralar vositasida hal etishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Urushlar jamiyatda ijtimoiy bosh-boshdoqliklarni keltirib chiqaradi. Urushga qarshi eng samarali kurash bu urushlardan voz kechishdir.

Hech qaysi xalq urushni xohlamaydi. Bizning xalqimizga tinchlik va omonlik kerak. Faqat tinchlik va osoyishtalik bo‘lgan, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat hukm surayotgan davlatda, jamiyatda farovon va baxtli hayot qurish mumkin, eng ezgu orzu-maqsadlarga yetishish mumkin. Bugun biz qurbonlar xotirasi oldida ta’zim qilamiz.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA
1 628