O‘zA O`zbek

13.09.2018 17:40 Chop etish versiyasi

1872 yilda tugʻilgan Turop Miraliyev hali ham “hayot“

Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyiga Turopovlar sulolasi vakili Raʼno Shukurova, Mirali Toʻrayev, Mirfayoz Turopov bobosi Turob Miraliyev va amakisi Kamol Turopov yaratgan amaliy sanʼat asarlarini sovgʻa tariqasida taqdim etdi.

Turop Miraliyev Toshkentning mashhur va mohir ustalaridan boʻlgan. Ota kasbi kulolchilik bilan shugʻullanib, uni sanʼat darajasiga koʻtargan. Oʻz davrida lagan, tovoq, koʻza, piyola, kosa va guldonlar singari sopol buyumlar yasashda va ularga badiiy bezak berishda ustazoda hunarmandga yetadigani boʻlmagan.

– Bobomdan bizga juda katta meros qolgan, – deydi usta-hunarmand Turop Miraliyevning yettinchi avlodi Raʼno Shukurova. – Ularning kasbini davom ettirish, oʻz qoʻllari bilan yaratgan asarlarini asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish biz uchun katta masʼuliyat. Hozirda bobomning ustaxonasida jiyanim Mirfayoz Turopov faoliyat yuritmoqda. Mirali Toʻrayev, Mirfayoz va Dilmurod Turopovlar bobomiz kasbini davom ettirmoqda. Biz avlodlar maslahatlashib xonadonlarimiz va ustaxonada saqlanib kelayotgan bobom yaratgan sanʼat asarlarini amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyiga topshirishga qaror qildik. Muzeyga taqdim etilgan 109 kulolchilik buyumlari ichida bobomning ikkinchi oʻgʻillari – 100 yoshli amakim Kamol Turopovning ijodidan ham namunalar bor.

1937 yilda Fransiyada oʻtkazilgan koʻrgazmaga joʻnatilgan Turop Miraliyevning amaliy ishlari Parijda hozir ham saqlanadi. Shuningdek, hunarmand asarlari Nyu-York shahri, Germaniya va Angliya davlatlaridagi muzeylardan ham oʻrin olgan. Demak, mohir va mahoratli hunarmand Turop Miraliyev hali ham hayot. U hamon yaratgan asarlari, qoldirgan boy maʼnaviy merosi, avlodlari ishlari va xalqimiz koʻnglida yashamoqda.

Mohigul Qosimova, OʻzA
1 981