Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.05.2018 11:33 Chop etish versiyasi

18 may – Xalqaro muzeylar kuni. Tarix o‘z o‘rnida saboqdir

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi yoshlarda milliy armiyamiz tarixi va buguni haqida ko‘plab ma’lumotlarni beradigan sevimli maskanlardan.

Muzeylar bu ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina bo‘lib, u yillar davomida boyib, to‘lib boradi.

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi yoshlarda milliy armiyamiz tarixi va buguni haqida ko‘plab ma’lumotlarni beradigan sevimli maskanlardan.

photo5472149679748786530.jpg

Muzey 1965 yilda tashkil topgan. Muzey ekspozitsiyasi Qurolli Kuchlar tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari harbiy san’ati, shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari rivojlanishining hozirgi davr haqida so‘zlaydi. Shuningdek, muzeyda buyuk sarkarda Amir Temurga bag‘ishlangan alohida “Amir Temur va temuriylar davridagi harbiy ishlar” ekspozitsiyasi ham mavjud.

photo5472149679748786531.jpg

Bu yerda harbiy yurishlar xaritalari, askarlar saflanishining sxemalari, qurol-aslahalar, nishonlar va Temuriylar davrining boshqa eksponatlari o‘rin olgan. O‘zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida ishtirokiga bag‘ishlangan ekspozitsiya ham mavjud. “Mustaqil O‘zbekistonni qo‘riqlash” ekspozitsiyasida qo‘shin turlari, harbiylar hayoti, ularning jangovar va harbiy-siyosiy tayyorgarligi haqida ma’lumotlar olish mumkin.

Muzey binosi va hududi 2009-2010 yillarda rekonstruksiya qilinib, ko‘rkam va zamonaviy qiyofa kasb etgan. Uch qavatdan iborat bu harbiy salohiyatdan so‘zlovchi binoga kiraverishingizda, tarix va bugungi hayot aksini ko‘rasiz, ikkinchi va uchinchi qavatlarida O‘zbekiston hududida harbiy san’atning qadimgi tarixidan boshlab bugungi kunimizgacha bo‘lgan davrini qamrab olgan ikki yarim mingdan ortiq ekspozitsiya e’tiboringizni tortadi.

Mazkur muzey direktori o‘rinbosari Farog‘at Ahmedovaning aytishicha, o‘n ikki mingdan ortiq ekspozitsiya fondiga ega bo‘lgan muzey ziyoratchilarni mamlakatimizdagi tinchlikning naqadar aziz ne’mat ekanini chuqur anglashga va bu bebaho ne’matni asrab-avaylashdek ulkan maqsadlarga da’vat etadi.

Muzeyning ikkinchi qavatidagi ko‘rgazma zali ko‘pchilikning e’tiborini tortadi. Bu yerdagi mustaqillik yillarida sohada erishilgan yangilik va yutuqlar aks etgan ekspozitsiya namunalari keluvchilarda doim katta qiziqish uyg‘otadi. Bu yerdagi mingga yaqin ekspozitsiyada milliy armiyamizning tashkil etilishi, shakllanishi va uning shu kunga qadar bosib o‘tgan yo‘li ifoda etilgan.

Muzey ekspozitsiyasi muntazam boyitib borilmoqda.

Muzey hovlisida bunyod etilgan “Vatanga qasamyod” monumenti ziyoratchilarni yanada ko‘proq jalb etishda muhim ahamiyatga ega. 

photo5472149679748786529.jpg

Ushbu obidaning bu yerda o‘rnatilishida ham o‘ziga xos ma’no bor. U Vatanimiz himoyachilarining xalqiga, yurtiga, ota-onasiga, Prezidentiga berayotgan va’dasining ramzidir.

Mazkur muzey yoshlarni qadimgi noyob yodgorliklar bilan tanishtirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda o‘z o‘rniga ega maskandir.

O‘zA
2 934