O‘zA O`zbek

20.04.2018 10:54 Chop etish versiyasi

147 000 so‘m qarz soxta bo‘lib chiqdi

“Suvoqova tashkiloti tomonidan xonadonimizga 147 000 so‘m qarzdorlik hisoblanyapti. Xonadonda suv iste’molini hisobga olish bo‘yicha hisoblagich o‘rnatilgan. Muhrlari joyida. Ushbu asossiz qarzdorlikka aniqlik kiritib berishingizni so‘rayman”.

Farg‘ona shahri A.Qodiriy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashovchi Zaynabxon Sobirova Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining hududiy birlashmasiga shu mazmunda yozma murojaat qildi.

Hududiy birlashma xodimlari mutasaddilar bilan birgalikda murojaatda ko‘rsatilgan xonadonga tashrif buyurib, o‘rganish ishlarini olib bordilar. O‘rganish davomida haqiqatan ham, murojaatda ko‘rsatilganidek, xonadonga ichimlik suvini hisobga olish uskunasi o‘rnatilganligi, muhrlari joyidaligi, hisoblagichga hech qanday tashqi ta’sirlar ko‘rsatilmagani, uning ishchi holatdaligi kuzatildi. Fuqaroning qo‘lidagi o‘lchov vositalarini qiyoslovdan o‘tkazish sertifikati suv hisoblagichning keyingi qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish muddati 2021-yilda ekanligini tasdiqladi. Korxona va iste’molchi o‘rtasida 2018-yil 1-yanvar kuni aholi iste’molchilari uchun ichimlik suvini yetkazib berish va oqova suvlarni qabul qilish bo‘yicha shartnoma imzolangan va uning bir nusxasi fuqaroda mavjud.

Murojaatni o‘rganish jarayonida Farg‘ona shahar Suvoqova ishlab chiqarish davlat unitar korxonasiga iste’molchining o‘rganish o‘tkazilayotgan kun holatiga qarzdorligi yoki haqdorligi yuzasidan ma’lumot berilishini so‘rab xat yuborildi. Xizmat ko‘rsatuvchi korxonadan olingan 4197-sonli ma’lumotnomaga ko‘ra, mazkur xonadonning 00143 m3 gacha qarzdorligi mavjud emas ekan. Qisqa qilib aytganda, o‘rganish natijalari iste’molchining qarzdor emasligini, aksincha, ortig‘i bilan oldindan to‘lov qilinganini isbotladi. Bu haqda fuqaroga yozma ma’lum qilindi.

O‘zA
2 313