Jamiyat

Xayru saxovat bayrami

O‘zA, N.Usmonova, 09.09.2010 17:20

Istiqlol sharofati bilan qadimiy urf-odatlarimiz, an’analarimiz, dinu diyonatimiz qayta tiklandi. Ramazon va Qurbon hayiti bayramlarining yurtimizda keng nishonlanayotgani buning yorqin dalilidir. Davlatimiz rahbarining 2010 yil 7 sentabrda qabul qilingan “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ezgu ishlarning yana bir amaliy ifodasidir.

Ushbu qutlug‘ ayyomda ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar, bemorlar, boquvchisini yo‘qotganlar va keksalar holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish xalqimizga xos fazilatlardan. Nuroniy otaxon va onaxonlar duoga qo‘l ochib, bugungi saodatli va yorug‘ kunlarimizga, tinch, osoyishta va farovon hayotimizga shukronalar aytib, Yaratgandan yurtimizdagi ulug‘vor maqsadlar yo‘lidagi ezgu intilish va sa’y-harakatlarga rivoj, xonadonlarga fayz, dasturxonlarimizga to‘kinlik va baraka tilamoqdalar.

Hayit bayrami arafasida Toshkent shahridagi mahallalarda xiyobonlar, maydonlar, ko‘cha va hovlilarni saranjom-sarishta qilish, ariq va zovurlarni tozalash, daraxtlarga shakl berish ishlari bajarildi. Ayni paytda mahalla guzarlari, ma’rifat maskanlari, bolalar maydonchalari tartibga keltirilib, turar-joylar, yo‘l-yo‘laklar ta’mirlandi.

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida ham hayit bayramiga uyushqoqlik bilan tayyorgarlik ko‘rildi.

– Ramazon hayiti xalqimizning ma’naviy poklanish, mehr-muruvvat va bag‘rikenglik ayyomidir, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ozodaxon A’zamova. – Shu kunlarda yoshi ulug‘, yolg‘iz kishilar holidan xabar olib, ularga dori-darmon va tibbiyot vositalari, oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat sovg‘alar topshirilmoqda. Ijtimoiy ko‘makka muhtoj, serfarzand, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda. Uch ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiluvchi mahallamizdagi barcha ko‘chalar, maydon va hovlilar saranjom-sarishta qilindi. Bunda, ayniqsa, serg‘ayrat yoshlarimiz ko‘magi katta bo‘ldi.

Ulug‘ ayyom kunlarida yurtimizdagi barcha Mehribonlik, “Saxovat”, “Muruvvat” uylari, maxsus-maktab internatlar, shifoxonalar, sihatgohlarda bolalar, ko‘ngli yarim va bemor kishilar holidan xabar olinib, ularga sovg‘alar topshiriladi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama