Jamiyat

Sud-huquq tizimi islohotlari – ijtimoiy fikr ko‘zgusida

O‘zA, L.Pak, 03.09.2010 18:47

Davlat suvereniteti jamiyatimizning iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotidagi barcha sohalarni tubdan yangiladi. O‘zbekiston mustaqilligining 19 yilligi arafasida “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mamlakatimizda sud-huquq sohasidagi islohotlar va istiqlol yillarida ushbu sohada erishilgan natijalar to‘g‘risida aholining xabardorlik darajasi va bunga munosabatini aniqlash maqsadida “Sud-huquq tizimidagi islohotlar – ijtimoiy fikr ko‘zgusida” mavzuida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, iqtisodiyotni isloh qilish va ijtimoiy-siyosiy, sud-huquq tizimini izchil yangilash o‘zaro chambarchas bog‘liq jarayonlar bo‘lib, ular bir-birini taqozo etishini yurtimizdagi deyarli barcha fuqarolar yaxshi tushunadi. Shu bois, hamma katta yoshli aholi vakillari (99,6 foiz) davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlisning yuqori va quyi palatasi qo‘shma majlisida belgilab berilgan mamlakatimizni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini, xususan, sud-huquq tizimini samarali isloh qilmay turib, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilish mumkin emasligi xususidagi qoida va xulosalarni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi.

Barcha yurtdoshlarimiz Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan sud-huquq tizimini isloh qilishdagi asosiy va birinchi navbatda hal etilishi lozim bo‘lgan vazifalar xususida ham to‘liq hamfikrdirlar. So‘rov qatnashchilarining 99,5 foizi, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, fuqarolarning o‘zini-o‘zini boshqarish organlarining jamiyat va davlat qurilishi tizimidagi huquq hamda vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalasi ustuvor yo‘nalishga aylanishi zarur” ekanligiga to‘liq qo‘shiladi.

So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, hamyurtlarimiz, umuman olganda, sud-huquq tizimidagi islohotlarning asosiy maqsadi va mazmunini, tizimni isloh qilish zarurligini yaxshi tushunadilar. Fuqarolar bu borada inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish, sudlar, prokuratura, advokatura ishini takomillashtirish, qonunchilik tizimini yaxshilash, jinoyatchilikning oldini olish va uni kamaytirish, sud-huquq tizimining hozirgi zamon talablari va xalqaro standartlarga moslashtirish zarurligini ta’kidlaydi.

Barcha so‘rov qatnashchilari mustaqillik yillarida sud-huquq tizimida olib borilgan islohotlar natijalarini, umuman, yuqori baholaydi. Aholining aksariyat qismi (83,7 foiz) sud-huquq tizimida barqaror sur’atda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda, deb hisoblaydi. So‘rov qatnashchilarining fikricha, jamiyatimizning barcha sohalarida tartib yanada kuchaydi, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay huquqiy sharoitlar yaratildi, odamlar huquqiy jihatdan yanada kuchliroq himoya qilinmoqda, aholining umumiy huquqiy savodxonligi oshmoqda va hokazo.

So‘rov ishtirokchilari, aholi huquqiy savodxonligi darajasining barqaror o‘sganini – sud-huquq tizimidagi muhim yutuqlardan biri, deb hisoblaydi. O‘tgan yilgi so‘rov bilan taqqoslaganda, o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini “yaxshi” biladiganlar qariyb 3 foizga o‘sgan va 89,5 foizni tashkil qilmoqda. Huquqiy savodxonlik bugun umumiy madaniyat, aqliy va ma’naviy daraja ko‘rsatkichlaridan biri bo‘libgina qolmay, balki, ham ishbilarmonlik va ishlab chiqarishga oid masalalar, ham jamiyat va sotsium bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarni samarali hal qilishda talab etiladigan zaruriyatga aylandi. Shu bois jamiyatimizda odamlarning huquqiy ta’lim va huquqni mustaqil o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi ortayotgani kuzatilmoqda.

So‘ralganlar, fuqarolarning qonunni hurmat qilish va unga rioya etishga, huquq talablariga amal qilib yashashga intilishining barqaror o‘sganligi – sud-huquq tizimidagi samarali islohotlarning muhim ko‘rsatkichi, deb hisoblaydi. Qariyb 72,7 foiz qatnashchilarning fikricha, kishilardagi bunday intilish sezilarli darajada kuchaygan. Bu aholining qonun ustuvor bo‘lgan sharoitdagina fuqaro o‘z konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish imkoniga ega bo‘lishini anglab yetganidan dalolatdir.

Aksariyat aholining qat’iy fikricha, fuqarolarning inson huquqlariga nisbatan hurmati tobora o‘smoqda va buni sud-huquq tizimidagi islohotlarning muhim natijalaridan biri, deb baholash mumkin. 98,5 foiz so‘ralganlar Prezidentimizning inson, uning yashash huquqi va erkin rivojlanishi eng bebaho qadriyatdir, degan fikrini qo‘llab quvvatlaydi.

So‘rov ishtirokchilarining 90 foizi huquqiy jihatdan himoyalanganini his qiladigan kishilar sonining barqaror o‘sganligi sud-huquq tizimidagi islohotlarning muhim ijobiy yutuqlaridan, degan fikrda. Bundan tashqari, fuqarolarning huquqni himoya qilish organlari faoliyatiga munosabati ham o‘zgarmoqda: ular sud, prokuratura va ichki ishlar organlarining asosiy faoliyati – inson huquqlarini himoya qilishdir, deb biladilar. Yurtdoshlarimizning fikricha, mustaqillik yillarida jinoyatchilikning kamayishini shu bilan izohlash mumkin.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, umuman, mamlakatimiz aholisi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sud-huquq tizimini isloh etish borasida erishilgan ijobiy natijalarni yuqori baholaydi va ularning izchil davom ettirilishini tom ma’nodagi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim kafolati, deb biladi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi materiallari asosida tayyorladi.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama