Jamiyat

Bilim va ma’rifat bayrami

O‘zA, N.Usmonova, 02.09.2010 14:51

2 sentabr kuni yurtimizdagi barcha ta’lim maskanlarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari yangrab, Mustaqillik darslari bo‘lib o‘tdi.

Bu kun ota-onalar, ustoz va murabbiylar, bilimga chanqoq minglab yoshlar uchun ma’rifat va ma’naviyat, bilimlar bayramiga aylandi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yurtimizdagi mavjud 9772 umumiy o‘rta ta’lim maktabiga 4,6 million nafardan ziyod o‘quvchi qatnaydi. Ularning puxta bilim olishi uchun barcha maktablar shay holatga keltirilgan. 2010-2011 o‘quv yilida qariyb 475 ming nafar o‘g‘il-qiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarining birinchi sinfiga bordi. Ularga Prezidentimiz sovg‘alari – darsliklar, o‘quv adabiyotlari, maktab anjomlari tantanali ravishda topshirildi.

Shu kuni yurtimizdagi barcha ta’lim maskanlarida ilk saboq Mustaqillik darsi bilan boshlandi. Unda istiqlolimizning bebaho ne’matlarini asrab-avaylash, yoshlar kamoloti va istiqboli yo‘lidagi mehr va e’tibor, yaratilgan barcha sharoit va imkoniyatlarga munosib bo‘lish, ularni qadrlash zarurligi xususida so‘z yuritildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, “Ta’lim to‘g‘risida“gi qonun, qator ijtimoiy dasturlar yosh avlodga puxta bilim va tarbiya berish, ularning ijodiy-intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, layoqati, qiziqishi bo‘yicha kasb-hunar egallashining zamonaviy tizimini yaratish imkonini berdi.

Ushbu hujjatlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida jahon andozalari darajasidagi o‘quv muassasalari barpo etildi, ular eng zamonaviy o‘quv jihozlari, kompyuter texnikasi, adabiyotlar bilan ta’minlandi. “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi doirasida barcha umumta’lim fanlari bo‘yicha davlat ta’lim standartlarini takomillashtirish, o‘quv dastur va rejalarini bolalarning yoshi, ruhiy-fiziologik holatiga mos tarzda maqbullashtirish, o‘quvchilar bilimini baholashning qulay va samarali usulini joriy etish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu esa ta’lim sifati va mazmunini yanada yuksaltirish, pedagoglarni ijodiy izlanishga keng jalb etish, yoshlarda bilimlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqning yanada ortishida muhim omil bo‘lmoqda.

Birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari yuksak saviyada o‘tgan poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida (foto) ham bular o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.

Maktab direktori Abduvahob Nurmuhamedovning ta’kidlashicha, umummilliy dasturga muvofiq qayta bunyod etilgan ushbu ta’lim maskanida 750 nafar o‘quvchi bilim oladi. Yangi qiyofa kasb etgan maktabda shinam o‘quv kabinetlari, sport zali, axborot-kutubxona markazi, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, fan, badiiy ijodiyot, sport to‘garaklari o‘quvchilar ixtiyorida. Kimyo, fizika, biologiya, mehnat, informatika fanlari bo‘yicha o‘quv xonalari zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebel, zarur texnika bilan jihozlangan. Yangi o‘quv yilidan boshlab eng so‘nggi rusumdagi kompyuter texnikasi bilan ta’minlangan maxsus o‘quv xonasi tashkil etildi. Bu maktabning “ZiyoNet” jamoat ta’lim-axborot tarmog‘i bilan ulanishida, o‘quvchilarni zarur ilmiy-ma’rifiy ma’lumotlar bilan tez va sifatli tarzda ta’minlash, darslarni ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maktabda o‘quvchilarni boshlang‘ich sinfdan o‘z qiziqishi va layoqati, intilishi bo‘yicha muayyan kasblarga yo‘naltirib borish, har bir o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiyasiga alohida yondashish, mashg‘ulotlar jarayonida ilg‘or o‘quv uslublarini joriy etishga e’tibor qaratiladi. Shu bois maktabning o‘qituvchilar jamoasi “Yilning eng yaxshi pedagogi”, “Yilning eng yaxshi maktabi” ko‘rik-tanlovlarida, o‘quvchilar esa fan olimpiadalari va festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

Ha, mustaqilligimizning 19 yilligi shodiyonalari davom etayotgan shukuhli kunlarda mamlakatimizda bilimlar kuni nishonlanib, yangi o‘quv yili boshlandi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama