![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Shaxs erkinligi va daxlsizligining muhim kafolatiO‘zA, N.Abduraimova, 31.08.2010 16:36 Toshkentda 30-31 avgust kunlari O‘zbekistonda “Xabeas korpus” institutini joriy etish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi tomonidan Yevropa uyi va Venetsiya komissiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Bolgariya, Daniya, Irlandiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar huquq idoralari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari SH.Rahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi S.Hakimova, Oliy sud huzuridagi tadqiqot markazi direktori J.Haydarov va boshqalar mustaqillik yillarida mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson manfaatlariga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladilar. Konstitutsiyamiz, qonunlarimiz va umume’tirof etilgan xalqaro normalarda mustahkamlangan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, uning hayoti, daxlsizligi, qadr-qimmati va boshqa qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amaliy samaralarini bermoqda. Davlatimiz rahbarining 2005 yil 8 avgustda qabul qilingan “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoni bu boradagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga asoslangan holda qabul qilingan mazkur farmon mamlakatimizning demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida bosqichma-bosqich amalga oshirib kelayotgan siyosatining amaldagi tasdig‘idir. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilganidek, fuqarolarning huquq va erkinliklari daxlsizdir. Ulardan sudning qarorisiz mahrum qilishga yoki ularni cheklashga hech kim haqli emas. Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqining prokuratura organlaridan sudlar vakolatiga o‘tkazilishi ana shu konstitutsiyaviy normaning amalga oshishini ta’minlamoqda. Bu bilan insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, asossiz jinoiy ta’qib va xususiy hayotga aralashishdan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlik hamda adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqlari himoya etilishini ta’minlashga qaratilgan mexanizm – “Xabeas korpus” instituti yaratildi. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalari hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalarini O‘zbekiston qonunchiligiga implementatsiya qilish ishlarining izchilligini ko‘rsatadi. 2008 yil 1 yanvardan kuchga kirgan “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkazilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan sud tomonidan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishning, qamoqda saqlab turish muddatini uzaytirishning protsessual tartibi, shuningdek, jinoyat protsessida shaxsning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishning protsessual kafolatlari kuchaytirildi. Mazkur qonun ijrosi amaliyotda izchil ta’minlanib, fuqarolar manfaatiga xizmat qilayotir. Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar bilan batafsil tanishtirildi. Shuningdek, “Xabeas korpus” institutidan amaliyotda qanday foydalanilayotganligi va uning samaradorligini yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi. – O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng o‘tgan qisqa davrda sud-huquq sohasida ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritildi, – dedi Yevropa komissiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Pyer-Pol Antunissens. – Bu xalqaro miqyosda e’tirof etilgan. Ushbu yo‘nalishda biz o‘zaro samarali hamkorlik qilayotganimizdan juda mamnunmiz. O‘zbekistonda sud-huquq sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi sifatida “Xabeas korpus” institutini milliy qonunchilikka joriy etishga oid ishlar muvaffaqiyatli boshlandi. Fuqarolar huquq va erkinliklarining muhim kafolati bo‘lgan bu institutning amaliyotdagi samaradorligini yanada takomillashtirish, bu borada hamkorlikni rivojlantirish yuksak samaralar berishiga ishonamiz. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Bosh prokuraturasi mas’ul xodimlari, advokatlar, inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi milliy va xalqaro ekspertlar, shuningdek, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan tadbirda qamoqqa olishga sanksiya berishga oid milliy qonunchilik, inson huquqlarini ta’minlashda advokaturaning o‘rniga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |