Jamiyat

Tinchlik va osoyishtalik – katta baxt

O‘zA, 30.07.2010 12:17

Istiqlol tufayli mamlakatimizda insonning qadr-qimmati, sha’ni, mehnati ulug‘lanib, yashash sharoiti, turmush farovonligi ortib bormoqda.

Ayniqsa, yurtimiz kelajagi bo‘lgan farzandlarimiz uchun yaratilayotgan katta imkoniyatlar, zamonaviy ilm dargohlari yoshlarimizning intellektual salohiyati ortishiga, yetuk inson bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda.

Xalqimizning necha ming yillik an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan mahalla institutining jamiyatimizdagi o‘rni va ahamiyati mustahkamlangani xalqimizning tinch-osuda, hamjihat va do‘stona hayot kechirishida muhim rol o‘ynamoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, mahalla obodligi va farovonligi yurt tinchligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng asosiysi, mahalla ta’sirida kishilarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyga mehr-muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik, tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash tuyg‘usi kuchaymoqda.

Bizning ovul fuqarolar yig‘ini qo‘shni mamlakat bilan chegaradosh hududda joylashgan. Ovulimizda 340 xonadon bo‘lib, 2 ming 200 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ovulda qoraqalpoq, o‘zbek, turkman, qozoq, rus, tatar kabi ko‘plab millatlar vakillari ahil-inoq, hamjihat yashab kelmoqda.

Aholining asosiy daromad manbai – qishloq xo‘jaligidir. Hududimizdagi o‘n fermer xo‘jaligi paxta, bug‘doy, poliz-sabzavot mahsulotlari yetishtiradi. Shuningdek, chorvachilikka ixtisoslashgan to‘rt fermer xo‘jaligi aholini sut va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlab, el ma’murchiligiga hissa qo‘shayotir.

Ovulimiz infratuzilmasi yildan-yilga o‘zgarib, boshqa joylardan qolishmaydigan darajada yuksalib bormoqda. Aholining kundalik ehtiyojini ta’minlash maqsadida o‘nta savdo shoxobchasi, zamonaviy qishloq vrachlik punkti, to‘rtta maktab, bitta maktabgacha tarbiya muassasasi, sartaroshxona va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ovulimizda 20 nafar xotin-qiz uy sharoitida tikuvchilik va gilam to‘qish orqali oilasi farovonligiga hissa qo‘shmoqda.

Hududimizdagi deyarli barcha xonadonlar tabiiy gaz, toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Har to‘rtta xonadonning bittasida yengil mashina bor. Xususiy uy-joy qurilishi ko‘lami yil sayin kengayib, zamonaviy, ko‘rkam xonadonlar ko‘paymoqda.

“O‘z uyingni o‘zing asra” degan ibratli so‘zlar ovulimizda xavfsizlikni ta’minlash, tinchlik va millatlararo do‘stlikni yanada mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Har bir aholi punktida profilaktika inspektori bilan mahalla-chegara posbonlari o‘zaro hamkorlikda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ovulimiz aholisida tashqaridan bo‘ladigan turli zararli oqim va ta’sirlarga, ekstremistlarga qarshi turish ko‘nikmalarini tarbiyalash doimiy e’tiborimizda. Shu bois bizning hamjihatligimizga, tinchligimizga bunday qabih niyatli kuchlar rahna sola olmaydi, deb qat’iy ishonch bilan ayta olamiz.

Shukrki, har tongni osoyishta kutib olib, oilamiz, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida mehnat qilish uchun katta maqsadlarni dilimizga tuyamiz. Aslida, har bir inson uchun shundan katta baxt bo‘lmasa kerak. Istiqlol – bizga ana shunday baxtni ato etgan.

Kenjaboy Otaniyozov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Shumanay tumani “Mamiy” ovul
fuqarolar yig‘ini oqsoqoli

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama