Jamiyat

Tibbiy xizmat yanada yaxshilanmoqda

O‘zA, M.Sulaymonov, 23.06.2010 15:59

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilishning uzviyligi aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotir.

Bu jarayonda birlamchi tibbiyot muassasalari muhim o‘rin tutadi. Yurtimizning barcha joylarida, xususan, chekka qishloqlarda zamonaviy talablar asosida tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga, barcha shart-sharoitga ega qishloq vrachlik punktlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ayni paytda QVPlarda tibbiy xizmatni yanada yaxshilash, zamonaviy tibbiy jihozlardan samarali foydalanish, tibbiyot xodimlarining malakasi va mahoratini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Farg‘ona viloyatida ham bu borada aniq tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2009 yil 13 aprelda qabul qilingan “Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2009 yil 1 iyuldagi “2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” maqsadli dasturi Rishton tumanida ham izchil amalga oshirilmoqda. So‘nggi paytda tumanda aholi tibbiy madaniyatini oshirish, ayollar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash ishlari ko‘lami yanada kengaydi. O‘tgan yili tuman markaziy shifoxonasi tubdan qayta ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.

– Shifoxonamizda tashxis qo‘yish va davolash imkoniyati ancha kengaydi, – deydi Rishton tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Alisher Olimov. – Ichki kasalliklar, bolalar, jarrohlik bo‘limlari, diagnostika markazi yangi asbob-uskunalar bilan boyitildi. Tug‘ruq majmuasi esa Osiyo taraqqiyot banki krediti hisobiga eng zamonaviy anjomlar bilan ta’minlandi.

Zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlagan 21 qishloq vrachlik punkti aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Hozirga qadar QVPlarda tug‘ish yoshidagi 45 mingdan ortiq ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aniqlangan xastaliklar bosqichma-bosqich davolanmoqda.

– “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” maqsadli dasturining mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari olib borilmoqda, – deydi tuman bosh ginekologi Rumiya Yeferova. – Bu esa ularda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Natijada onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichi keskin pasayishiga erishildi. Ko‘p tarmoqli poliklinikamiz “Bolalarga do‘stona munosabatdagi shifoxona” sertifikatini qo‘lga kiritdi.

“Salomatlik-1” loyihasi doirasida o‘nta QVP zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Aholining qishloq vrachlik punktlariga ishonchi oshib borayotgani turli kasalliklarning kamayishida muhim omil bo‘lmoqda.

O‘yrat qishloq vrachlik punkti zamonaviy qad rostlagan maskanlardan biri. Bu yerda 11 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatiladi. Yaqinda ushbu maskan tumandagi namunali qishloq vrachlik punkti nomiga sazovor bo‘ldi.

Ayni kunlarda tumandagi Do‘tir, Qalaynov QVPlarda ham kapital ta’mirlash ishlari olib borilib, huzurida dorixonalar tashkil etilmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama