Jamiyat

Poytaxtimiz yanada ko‘rkam bo‘ladi

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 15.03.2010 17:02

Navro‘z shukuhi kezib yurgan shu kunlarda diyorimizda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi poytaxtimizda ham ko‘cha va maydonlarni, xiyobonlarni tartibga keltirish, daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shaharning yashil olamini yanada boyitishda Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasining o‘z o‘rni bor.

Mazkur boshqarma sa’y-harakatlari bilan har yili bahor va kuz oylarida ko‘cha va istirohat maydonlariga ko‘plab manzarali, ignabargli daraxtlar, butayu ko‘chatlar, gullar ekiladi. Ekinlarga obihayot yetkazib berish, maydon, xiyobon va ko‘chalardagi ariqlarda suv ravon oqishini ta’minlash uchun qariyb 80 kanal, 74 nasos stansiyasi, 80 ga yaqin yer osti suv inshooti ishlab turibdi.

- Navro‘z bayrami arafasida shaharni badiiy bezash, ko‘kalamzorlashtirish va yo‘l inshootlarini tartibga keltirish ishlari qizg‘in pallaga kirdi, – deydi Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasining boshlig‘i Saidumar Aglayev. – Ariq-zovurlar, lotoklar, oqava suv tizimlari va quduqlar tozalanib, ko‘p qavatli uylar va hovlilar atrofi tartibga keltirilmoqda. Guzarlar, xiyobonlar, jamoat transporti to‘xtash bekatlarida tozalash, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Daraxtlarga shakl berilib, maydonlarga qo‘shimcha gullar ekilmoqda.

Ushbu mavsumda poytaxtimizda 20 million donadan ziyod gul, qariyb 200 ming tup daraxt va buta ekish rejalashtirilgan.

Gullarni ekishga tayyorlashda ularning iqlim sharoitimizga mosligi, gullash davri va rangi hisobga olinadi. Ayni paytda issiqsevar atirgullar, shuningdek, salqin joylarda ham yaxshi o‘suvchi “Salviya” gulining har xil turlari poytaxt shohko‘chalariga ekilmoqda. Bu gullar erta bahordan kech kuzgacha ochilib turishi bilan ham ahamiyatlidir. Gollandiyadan keltirilgan “Petuniya” gulining oq, qizil, pushti, taram va ko‘k rangli turlari markaziy ko‘cha va maydonlarga joziba bag‘ishlashi tabiiy. Shuningdek, gulxonalarda urug‘idan ko‘paytirilayotgan mahalliy gul turlari ham mavjud bo‘lib, ular yo‘l chetlariga keng miqyosda ekilmoqda. Xodimlarimiz har bir gul, buta va daraxtni alohida mehr, e’tibor bilan parvarishlaydilar. Bayram oldidan o‘tkazilgan umumxalq hasharida jamoamizning 11 ming nafardan ziyod xodimi faol ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama