![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Bayram ko‘ngildagidek o‘tadiO‘zA, G‘olib Hasanov, 15.03.2010 15:44 Shu kunlarda butun yurtimizda bo‘lgani kabi Samarqand viloyatining shahar va qishloqlarida ham Navro‘z shodiyonalariga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Joylarda mehr-muruvvat tadbirlari, obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Navro‘z sayli umumxalq shodiyonasi bo‘lib, unda kattayu kichik, keng omma ishtirok etadi. Bu bayramning tinch va osoyishta, jamoat tartibi saqlangan holda, ko‘ngildagidek o‘tishi tegishli idora va tashkilotlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu borada olib borilayotgan ishlar haqida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi. – Navro‘z xalqimizning ardoqli, yil bo‘yi orziqib kutadigan bayramlari sirasiga kiradi, – dedi G‘.Qodirov. – Bu bayram qadimiy va betakror an’analarga boyligi, kishilar o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik rishtalarini mustahkamlashi, dehqon uchun chinakam yilboshi ekani bilan ham barchamiz uchun qadrlidir. Prezidentimiz tashabbusi bilan Navro‘zning umumxalq bayrami sifatida yurtimizda keng nishonlanayotgani uning qadr-qimmatini yanada oshirdi. Viloyatimizda bu yilgi Navro‘z shodiyonalariga ham katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bayram tadbirlarining yuqori saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishiga erishish maqsadida viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu yil viloyat hududida besh yuzdan ziyod joyda, jumladan, shahar va tuman markazlaridagi o‘ttizdan ortiq maydon va xiyobonlarda bayram sayllari o‘tkaziladi. Boshqarmamizning tegishli xizmatlari xodimlaridan iborat guruhlar belgilangan joylarni ko‘zdan kechirib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda. Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan obyektlarning xavfsizlik talablariga javob berishi to‘liq tekshirib chiqilmoqda, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, nosoz elektr va gaz uskunalaridan foydalanmaslik bo‘yicha tushuntirishlar berilayotir. Aholi xonadonlari, tashkilot va korxonalar, mehmonxonalar, ta’lim muassasalari, o‘ta muhim obyektlarga alohida e’tibor qaratilyapti. Shuningdek, viloyatning chegara hududlaridagi yo‘l-patrul xizmati maskanlarida nazorat ishlari kuchaytirildi. Chegaradan noqonuniy o‘tish holatlarining oldini olish maqsadida chegara qo‘shinlari va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda tezkor nazorat ishlari olib borilmoqda. Aholi o‘rtasidagi tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham diqqat markazimizda turibdi. Xodimlarimiz har bir mahalla, tashkilot, o‘quv muassasasida uchrashuvlar tashkil etib, bayramning yuqori saviyada, tinchlik-osoyishtalik sharoitida uyushqoqlik bilan o‘tishi avvalo yurtdoshlarimizning hamjihatligi va hushyorligiga bog‘liqligini tushuntirmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, viloyatimizda dillarga o‘zgacha xushnudlik, bahoriy zavq baxsh etadigan Navro‘z bayramini har bir go‘shada munosib nishonlashga har jihatdan puxta taraddud ko‘rilmoqda. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |