![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Umumxalq bayramiga hozirlikO‘zA, M.Sulaymonov, 12.03.2010 18:13 Izg‘irinli kunlar ortda qoldi. Go‘zal diyorimiz uzra bahor nasimlari esa boshladi. Hademay nozik novdalar kurtak ochib, qiyg‘os gullagan bog‘lar bolarilarga oshyon bo‘ladi. Yurtimizga Navro‘zi olam kirib keladi… Yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida Navro‘z bayrami oldidan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari ko‘tarinki ruhda davom etmoqda. Farg‘ona viloyatida ham Navro‘z bayramiga katta taraddud ko‘rilmoqda. Shahar va tumanlarda, mahallalarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida kattayu kichik faol qatnashmoqda. – Navro‘z – chin ma’noda milliy bayramimizdir, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Topvoldi Xoldorov. – Shu bois uni ko‘tarinki ruhda kutib olish, Navro‘zoldi hasharlari o‘tkazish ham ezgu an’analarimizdan hisoblanadi. Ayni kunlarda barcha joylarda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilayotir. Xususan, Farg‘ona shahrida 40 gektar maydondagi maysazor va gulzorlar tozalanib, tartibga keltirildi. Yoshlar madaniyat va sport majmuasi atrofidagi, shuningdek, Alisher Navoiy, Quvasoy, Mustaqillik ko‘chalaridagi bog‘ va xiyobonlarga anvoyi gullar, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Bayram arafasida foydalanishga topshiriladigan bir qator savdo inshootlari, ijtimoiy obyektlarda so‘nggi ishlar nihoyasiga yetkazilayotir. – Bu yilgi shodiyonalarni yuksak badiiy saviyada o‘tkazish uchun taniqli san’atkorlarni, badiiy jamoalarni jalb etganmiz, – deydi bayramni tayyorlash va o‘tkazish tashkiliy-ijodiy guruhi raisi Adhamjon Otajonov. – Bayram dasturini tayyorlashda milliy madaniy markazlarning chiqishlariga, milliy qadriyatlarimizni namoyish etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Navro‘z – xalqimiz, har bir oila, har bir xonadon orziqib kutadigan xursandchilik, go‘zallik va nafosat bayramidir. Shu bois asosiy tantanalar tarovatli qishloqlarimizda, bepoyon dalalarimiz, qir-adirlar etaklarida – inson va tabiat uyg‘unligida, tinch va osoyishta vaziyatda o‘tadi. Bayram shukuhi, Navro‘z nafasi har bir xonadonga, har bir qalbga kirib boradi. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |