![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Beg‘ubor orzular ijobatiO‘zA, Nazokat Usmonova, 12.03.2010 17:23 Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti izlanuvchan, qobiliyatli, ezgu maqsadlar sari dadil intilayotgan iste’dod sohibalarini aniqlash, har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Bu jihatlar yosh musiqachi, Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyining 8-sinf o‘quvchisi Nodira Dadamuhamedova hayotida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Musiqa – sehrli olam. Uning jozibasiga maftun bo‘lmagan, mehr qo‘ymagan inson kam. Akmal aka va Gulnora opa xonadonida ham san’atning bu turini barcha qadrlaydi. Shundanmi, jahon va milliy mumtoz musiqa asarlaridan namunalar bu oilada kattayu kichik tomonidan alohida mehr va e’tibor bilan tinglanadi. Insonning ruhiy-ma’naviy kamoloti, tafakkurining rivojida musiqa san’atining ahamiyati alohida ekanini yaxshi anglagan ota-ona Nodiraning bu yo‘nalishda mukammal ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratishga harakat qiladi. Nodira poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyiga o‘qishga borganida uning fortepiano ijrochiligi bilan birga barcha umumta’lim fanlarini puxta o‘zlashtirishi, qobiliyati, zukkoligi o‘qituvchilar e’tiborini tortdi. San’at sirlarini mukammal egallashda ustozi, mohir pedagog Alla Kim Nodiraga bor mehri, bilimini beradi. U o‘qish bilan birga tasviriy san’at, chevarlik, milliy kashtachilik, sport to‘garaklariga ham qatnaydi. Dastlab mamlakatimiz miqyosidagi yosh ijrochilar ko‘rik-tanlovlari, «San’at g‘unchalari» ijodiy bellashuvlari, festivallarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan Nodiraning hayotida 2003 yilda unutilmas voqea yuz berdi. U Gretsiyaning Markopolo shahrida bo‘lib o‘tgan «Konzerteum» xalqaro tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu ijodiy bellashuvda qirqdan ziyod mamlakatdan kelgan ishtirokchi o‘g‘il-qiz o‘z mahoratini ko‘rikdan o‘tkazdi. Kulcha yuzli, ko‘zlari hamisha kulib turuvchi o‘zbekistonlik sakkiz yashar qizning Motsart, Shopen kabi nomdor kompozitorlarning asarlarini maromiga yetkazib, yuksak mahorat bilan ijro etganini butun zal hayratlanib, gulduros qarsaklar bilan uzoq olqishladi. – O‘shanda juda hayajonlangan edim, – deb eslaydi Nodira. – O‘zga yurt, tomoshabinlar ham, sahna ham mutlaqo notanish. Ota-onam, mehribon ustozlarim, jonajon Vatanimiz ko‘z o‘ngimda gavdalandi. Shunda bor hayajon unut bo‘ldi. G‘olib bo‘lganimni bilganimda ko‘zlarimda yosh qalqdi. Bu quvonch yoshlari edi… 2004 yilda esa u Parij shahrida bo‘lib o‘tgan N.Rubinshteyn nomidagi yettinchi xalqaro yosh pianinochilar tanlovida dunyoning ko‘plab davlatlaridan kelgan tengqurlari orasida o‘zining yuksak ijrochilik mahoratini, ohanglarni nozik va teran his etishini munosib namoyish eta oldi. Uning ijrosi tanlov hakamlar hay’ati va san’at ixlosmandlari tomonidan birinchi o‘ringa loyiq topildi. – Musiqa bilim dargohida mehnat qilayotganimga qirq yildan oshdi, – deydi yosh pianinochining o‘qituvchisi A.Kim. – Shu vaqt mobaynida ko‘plab o‘quvchilarni san’atning sir-asrorlaridan bahramand etishga baholi qudrat harakat qilib kelaman. Ular orasida Nodira o‘zining noyob iste’dodi, musiqaga mehrining juda balandligi, tirishqoqligi, mehnatsevarligi, kamtarinligi bilan ajralib turadi. O‘quvchilarni royal ijrochiligiga o‘rgatish unchalik murakkab jarayon emas. Biroq ijrochi musiqani eng avvalo o‘zi qalban his eta olishi, uning mazmunini, serjilo ohanglarini tinglovchi yuragiga yetkaza bilishi kerak. Nazarimda ko‘plab xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘lgan Nodiraning iqtidori ham musiqani bor sehri, maftunkorligi, jozibasi bilan kishilarning yuragiga yetkaza olishida! Nodiraning tirishqoqligi, izlanuvchanligi musiqa san’atining sirlarini puxta o‘rganishida o‘ziga xos omil bo‘ldi. Estoniya, Finlyandiya, Italiya, Portugaliya, Fransiya kabi davlatlarda bo‘lib o‘tgan xalqaro musiqa ko‘riklarida bir necha marta g‘olib bo‘lgani, konsertlarda, san’at bayramlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgani yosh musiqachining iste’dodi, bilimi, mahorati nechog‘li baland ekanidan yana bir dalolatdir. Keyingi yillarda Nodira Ruminiyadagi «Pro Piano Romania» o‘n ikkinchi xalqaro yosh ijrochilar ko‘rik-tanlovi va Ukrainada bo‘lib o‘tgan «Individualis» yettinchi musiqa tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbek qizining Bax, Shopen, Betxoven, Motsart kabi mashhur kompozitorlarning asarlarini yuksak mahorat bilan ijro etishi musiqa sohasi bilimdonlari, pedagoglar, san’atshunoslar tomonidan ko‘p bor alohida e’tirof etilgan. – Yurtboshimizning iste’dod sohibalariga g‘amxo‘rligining ifodasi bo‘lgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti men uchun eng qadrli mukofotdir, – deydi Nodira. – Bu yuksak e’tibor va ishonchni oqlashga astoydil harakat qilaman. Orzuim – Vatanimizning shuhratiga shuhrat qo‘shish! Ha, Nodira Dadamuhamedova erishgan muvaffaqiyatlar zamirida yurtimizda yoshlar kamoloti va istiqboli yo‘lida ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik mujassam. Bunday mehr samarasi o‘laroq, dunyo ahli O‘zbekiston iste’dodlar yurti ekaniga takror-takror guvoh bo‘lmoqda. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |