![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Oydin orzular qanotidaO‘zA, M.Sulaymonov, 11.03.2010 15:48
Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining bu yilgi sovrindorlari orasida Farg‘ona shahar san’at kollejining 3-bosqich talabasi Shahnozaxon Davlatova ham bor. Inson umrining yoshlik yillari o‘qish, izlanish, kamolot sari intilish pallasi, baxt-saodat yo‘lidagi eng muhim bosqich hisoblanadi. Aniq maqsad- muddaolarni ko‘zlab, bu borada qilinadigan sa’y-harakatlar o‘z samarasini beradi, albatta. Ana shu hayotiy haqiqatga tayanib, tinimsiz ilm o‘rganib, ijodiy izlanishlar olib borayotgan Shahnozaxonning Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari qatoridan joy olgani ota-onasini, yaqinlarini, u tahsil olayotgan o‘quv yurti jamoasini – barchani behad quvontirdi. Shahnozaxonning san’atga bo‘lgan mehrini ota-onasi erta payqadi. Insonning ruhiy-ma’naviy kamoloti, tafakkurining rivojlanishida san’atning o‘rni va ahamiyati katta ekanini yaxshi tushungan Akmaljon aka va Shoira opa qizlari uchun barcha sharoitni yaratib berdilar. U o‘quvchilik davridayoq maktab va tuman miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirok etib, mumtoz qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro eta boshladi. Sohir ovozi, noyob iste’dodi bilan el nazariga tushdi. O‘rta maktabni a’lo baholar bilan bitirdi. U ayni paytda Farg‘ona shahar san’at kollejida tahsilni davom ettirmoqda. Mazkur san’at va ma’rifat maskani uning iste’dodini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutadi. Shahnoza iqtidori, zukkoligi, o‘tkir zehni, har bir topshiriqni chin dildan bajarishi bilan o‘qituvchilar va o‘quvchilar e’tiborini, hurmatini qozongan. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining kollejdagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi sifatida ham tengdoshlarining ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va madaniy saviyasini yuksaltirishga yo‘naltirilgan tadbirlarni tashkil etib kelmoqda. U 2008 yili Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarini o‘rganish bo‘yicha tashkil etilgan tanlovda faol qatnashib, shahar bosqichi g‘olibi, “Kelajak ovozi” tanlovining mamlakat bosqichida birinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. O‘sha yili “Qalbimda Vatan madhi” Respublika tanlovining shahar, viloyat bosqichida, 2009 yilda “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. SH.Davlatova o‘tgan yili o‘zi tug‘ilib o‘sgan “Avval” qishloq fuqarolar yig‘inida yosh qo‘shiqchilar to‘garagini tashkil etib, maktab o‘quvchilariga qo‘shiqchilik sirini o‘rgata boshladi. Shahnoza rahbarligidagi to‘garak a’zolari mahallada tashkil etilayotgan Navro‘z, Mustaqillik bayramlariga bag‘ishlangan shodiyonalarda, yozgi dam olish oromgohlarida, viloyatda o‘tkaziladigan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda o‘z konsert dasturi bilan faol ishtirok etmoqda. U kelgusida o‘zbek musiqa san’atida Farg‘ona maktabining davomchilaridan biri sifatida o‘z iste’dod va salohiyatini keng miqyosda namoyon etish, xalqimizning boy va betakror musiqasi dovrug‘ini yanada yuksaltirish ishiga munosib hissa qo‘shish niyatida izlanmoqda. Shahnoza ustozlaridan oltmishdan ortiq mumtoz va xalq qo‘shiqlarini maromiga yetkazib kuylashni o‘rgandi. Ular ko‘magida Vatan, ona, istiqlol tarannum etilgan o‘ndan ortiq yangi qo‘shiqlar yaratdi. – Prezidentimizning biz, yoshlarga bo‘lgan cheksiz mehrini, g‘amxo‘rligini har qadamda his etamiz, – deydi Shahnoza Davlatova. – Joriy yilning Barkamol avlod yili deb e’lon qilinishi, o‘qishda, san’atda yoshlar erishayotgan muvaffaqiyatlar ana shu e’tibor samarasidir. Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini menga bildirilgan ishonch ramzi, deb bilaman va bu mening zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi.Bugun Shahnoza kabi oydin orzular qanotida parvoz qilayotgan iste’dodli qizlarni yurtimizning har bir go‘shasida uchratish mumkin. Bu esa davlatimiz rahbari tomonidan navqiron avlod kamoloti va kelajagi yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasidir. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |