Jamiyat

Ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi

O‘zA, Behzod Norboyev, 11.03.2010 13:24

Xalqimiz doimo orziqib kutadigan Navro‘z ayyomi arafasida yurtimiz o‘zgacha ko‘rku tarovat kasb etmoqda. Yam-yashil tusga kirgan qir-adirlar, orasta xiyobonlar kishining bahri dilini ochadi. Yurtimizning har bir go‘shasida qad rostlayotgan zamonaviy inshootlar, xushmanzara maskanlardan ko‘zingiz quvnaydi. Qayerga bormang bunyodkorlik, obodonchilik ishlarining guvohi bo‘lasiz.

Mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy yuksalishida, xalqimiz farovonligining muntazam oshib borayotganida yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, totuvlik va hamjihatlik muhim omil bo‘layotir. Eng katta boyligimiz – tinchlikni mustahkamlash, osuda hayot uchun qayg‘urish nafaqat huquq-tartibot idoralari xodimlari, balki har bir fuqaroning muhim burchi ekanini yurtdoshlarimiz chuqur his etib yashamoqdalar.

- Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotir, – deydi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik G‘anisher Eshonqulov. – Aytish joizki, diyorimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, aholining osuda va farovon hayot kechirishini ta’minlash amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatini tashkil etadi.

Bugun yurtimiz shahar va qishloqlari ko‘chalarida, maydonlarida, bog‘u rog‘larida sayr qilib yurgan bolajonlarni, yoshu keksalarni, ulardagi xotirjamlik va ko‘tarinki kayfiyatni ko‘rib, ko‘z quvonadi. Zotan, osoyishta umr deganda, odamlar bir-birlari bilan ahil-inoq yashab, yaxshi kunlarini birga, bahamjihat o‘tkazishi tushuniladi. Albatta, osoyishtalik bor joyda to‘y-tantana, bayramlar tatiydi, shodu xurramlik hukm suradi. Ommaviy axborot vositalari orqali ayrim mamlakatlarda bo‘layotgan notinchlikni, urush-to‘polonni, tartibsizliklarni kuzatar ekanmiz, o‘lkamizdagi tinch hayot, musaffo osmon bilan faxrlanamiz.

Navro‘z umumxalq bayrami shodiyonalarining mamlakatimiz bo‘ylab tinch, osoyishta, yuksak saviyada o‘tishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilayotir. Xususan, joriy yilning 20 fevralidan boshlab «Tozalash» deb nomlangan keng qamrovli profilaktik tadbir o‘tkazilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, poytaxtimiz, shahar va tumanlar markazlarida, har bir qishloq, ovul, qo‘rg‘on va mahallada – bayram o‘tadigan barcha hududlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda hodisalarning oldini olish, aholining tinchligini, yong‘in xavfsizligini, yo‘l-transport harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan alohida guruhlar ish olib bormoqda. Belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda, eng avvalo, boshqa huquq-tartibot idoralari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash, davlat va jamoat tashkilotlari, mahalla faollari ko‘magidan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan profilaktika xizmatining tashkil etilgani va tobora takomillashtirilayotgani aholi tinchligi va farovonligiga xizmat qilayotir. Bugungi kunda yurtimizda 3,5 mingdan ziyod militsiya tayanch punkti faoliyat yuritmoqda. Soha infratuzilmasi zamon talablari darajasida rivojlantirilmoqda. Militsiya tayanch punkti huzurida mahallaning barcha qatlamini o‘ziga jalb etuvchi tadbirlardan tashqari kichik biznes shoxobchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish va sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani muvaffaqiyatlar omili bo‘lmoqda. 2009 yilda 2740 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani buning dalilidir.

Mahalla ijtimoiy-siyosiy hayotimizda, mamlakatimizni demokratik yangilashga qaratilgan islohotlarni chuqurlashtirish jarayonida muhim o‘rin tutadi. Mahallaning aholimiz, ayniqsa, yoshlarimizning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarni yechish, ijtimoiy sohaning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlashga qo‘shayotgan hissasi tobora kuchayib bormoqda.

Tinchlik, osoyishtalik, hamjihatlik, avvalo, oiladan, mahalladan boshlanadi. Shuni e’tiborga olgan holda, har bir qishloq, ovul, qo‘rg‘on va mahallada ichki ishlar idoralari xodimlari, profilaktika inspektorlari, mahalla posbonlari, faollar, mahalla oqsoqollari, ta’lim-tarbiya sohasi vakillari ishtirokida aholini ogohlik va hushyorlikka da’vat etuvchi uchrashuvlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotir.

Ichki ishlar idoralarining asosiy vazifalaridan biri – fuqarolarning pasport-viza qoidalariga amal qilishini ta’minlashdan iborat. Bu borada fuqarolarni doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash holatlarini aniqlash, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning respublikamiz hududida bo‘lish qoidalariga amal qilishi alohida nazoratga olingan. Pasport-viza qoidalariga amal qilinishini ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 42 ming 762 ma’muriy qoidabuzarlik aniqlandi.

Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida yoshlarimizning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Turli mafkuraviy xurujlar yoshlar ongi va ma’naviyatiga tahdid qilayotgani har birimizdan doimo hushyor va ogoh bo‘lishni talab etadi. Ayniqsa, yoshlarimizni giyohvandlik balosidan asrash muhim ahamiyatga ega. Shu bois huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik hamjihatligida o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barkamol avlodni voyaga yetkazishga katta e’tibor qaratilib, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi o‘zgarishlar, tinchlik va osoyishtalikni, Vatan ravnaqi va xalq farovonligini ta’minlash, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirish borasidagi keng ko‘lamli ishlar berayotgan yuksak samaralarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yurt tinchligi – ulug‘ ne’mat, barqaror taraqqiyot garovidir. Xalqimiz tinchlikni yuksak qadrlaydi, uni o‘z orzu-intilishlari, ezgu niyatlari ro‘yobga chiqishining muhim kafolati, deb biladi. Zotan, tinchlik va barqarorlik hukmron bo‘lgan mamlakatdagina taraqqiyot bo‘ladi, bunyodkorlik ishlari rivoj topadi. Bu olijanob maqsad ichki ishlar idoralari xodimlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi, ayni chog‘da har bir yurtdoshimizdan hushyor va ogoh, faol va hamjihat bo‘lishni talab qiladi. Bu Navro‘z umumxalq bayrami shodiyonalarining mamlakatimiz bo‘ylab tinch, osoyishta, yuksak saviyada o‘tishiga xizmat qiladi.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama