Jamiyat

Azaliy va boqiy ayyom

O‘zA, Rustam Jabborov, 11.03.2010 13:23

Bahor kelishi bilan tabiat suluv kelinchakdek bezanadi, husn-malohatga, tarovatga yo‘g‘riladi. Qishning qahridan toliqqan borliq ko‘klamning iliq nafasidan entikadi. Ona zamin zumrad rangiga bo‘yanadi. Daraxtlar harir libosga burkanadi.

Bahorning muattar nafasidan entikkan dillar musaffo osmonning moviy kengliklarida jonsarak qaldirg‘ochlardek parvoz qiladi go‘yo. Anvoyi gullaru turfa giyohlar atrini atrofga taratayotgan ko‘klam nasimi, zavq-shavqqa to‘la bulbullar xonishi inson botinidagi eng inja hislarni-da uyg‘otadi.

Inson ham, tabiat ham yangilanish, yasharish ayyomi bo‘lgan Navro‘zi olamni ana shunday intiqlik, mushtoqlik bilan kutib oladi.

Ming yillar sadosi

Navro‘z insoniyatning o‘zi qadar qadimiy va boqiy bayramlardan. Ayni paytda bu bayram Yer yuzidagi o‘nlab mamlakatlarda katta shodiyona, xursandchilik ila qarshi olinadi. Ajdodlarimiz ming yillardan beri bu kunni ezgulik, bag‘rikenglik va tenglik ifodasi sifatida nishonlab kelganlar.

Navro‘z. Bu so‘z zamirida xalqimizning uzoq o‘tmishi, milliy qadriyatlari, asriy an’ana va urf-odatlari mujassam. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Vatanimizda bu bayram juda qadim zamonlardan, ming-ming yillar ilgari ham nishonlab kelingan. Zamonlar o‘tsa-da, davru davronlar o‘zgarsa-da, hech bir kuch xalqimizni Navro‘z bilan bog‘lab kelayotgan chambarchas rishtalarni uza olmagan. Aksincha, asrlar osha, bu bayram yanada sayqal topib, yangicha udum va qadriyatlar bilan boyib boravergan.

Ulug‘ allomalarimiz Navro‘z tarixi bilan bog‘liq qimmatli ma’lumotlarni bitib qoldirganlar. Ijod ahli esa Navro‘zni madh etuvchi dilbar ash’orlar yozishdan charchamagan. Navro‘z bilan bog‘liq qadriyatlar, urf-odatlar haqida ko‘p va xo‘b gapirish mumkin. Zero, Navro‘z nafaqat bahorgi tengkunlik bayrami, balki ezgulik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik, xayr-saxovat ayyomi hamdir.

Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro‘znoma”, Alisher Navoiyning “Tarixi muluki ajam”, “Saddi Iskandariy” asarlarida ushbu qadimiy bayramning paydo bo‘lishi, tarixi bilan bog‘liq xilma-xil ma’lumotlar keltirilgan. Bularning barchasi Navro‘zning naqadar qadimiy ayyom ekanidan darak beradi.

Xalqimiz Navro‘zni hamisha yaxshi niyatlar, xursandchilik, o‘yin-kulgi, ezgu tilak va istaklar, xayrli duolar bilan qarshi olgan. Yil boshi – Navro‘z qanday boshlansa, butun yil shu tariqa davom etishiga ishongan. “Yaxshi odam – ko‘zidan, yaxshi yil Navro‘zidan ma’lum” degan naql ham bejiz aytilmagan. Ana shu mazmun Alisher Navoiyning quyidagi misralarida ham mujassam:

Ulus chehrai olamafro‘zidin,
Bilur yil kelurini Navro‘zidin.

Ozod yurtning Navro‘zi

Sovet tuzumi davrida ko‘plab milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z ham ta’qibga uchradi. Bu qadim ayyom “eskilik sarqiti”, “diniy bayram” singari nohaq tamg‘alar ostida chetga surildi. Xalq bir necha o‘n yillar Navro‘z sog‘inchi bilan yashadi. Ammo, hech bir kuch, hech qanday mafkura bu go‘zal bayramni elimiz qalbidan yulib ololmadi.

- Oqqan daryo oqaveradi, degan gapda teran ma’no bor, – deydi Samarqand shahrida yashovchi mehnat faxriysi Inoyat ota Ne’matov. – Sho‘roning qamchisidan qon tomib turgan paytlarda ham yurtimizning chekka-chekka hududlarida xalq azaliy an’analariga sodiq holda Navro‘zni nishonlab keldi. Navro‘z bir paytlar taqvimlardan o‘chirilgan bo‘lsa-da, hech kim uni xalqimizning qalbidan o‘chira olmadi. Chunki Navro‘z nafaqat bashariyatning, balki butun borliqning, tabiatning bayramidir.

Ming yillardan beri tun va kun azaliy qonuniyat asosida bir-biri bilan o‘rin almashib keladi. Yer va Quyosh ham koinot tartiblariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanaveradi. Navro‘z bayrami bahorda – tun va kun teng kelgan paytda nishonlanadi. Shu bois, Navro‘z ham borliqning azaliy qonunlari singari daxlsizdir.

O‘zbekiston mustaqilligi arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning sa’y-harakatlari tufayli milliy bayramimiz yana o‘zimizga qaytdi. Hali kommunistik tuzum hukmronligi barham topmagan bir paytda, 1990 yilning 2 mayida “Navro‘z xalq bayramini o‘tkazish to‘g‘risida“gi tarixiy hujjat imzolangani haqiqiy jasorat bo‘ldi.

Mustaqillik inoyati tufayli, Yurtboshimiz rahnamoligida milliy an’analarimiz, tarixiy qadriyatlarimizni qayta tiklash, keng targ‘ib etishga yanada katta e’tibor qaratildi. Navro‘z umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi.

Yigirma yildirki, Navro‘z elimizning eng sevimli, farahbaxsh, quvonchli kunlaridan biri sifatida keng nishonlanib kelmoqda.

Ayniqsa, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida, shuningdek, viloyatlardagi eng ko‘rkam, betimsol go‘shalarda, maydon va xiyobonlarda, qir-adirlar, dala-tuzda o‘tadigan bayram tadbirlari, unda namoyish etiladigan ko‘ngilochar tomoshalar, bayramona kuy-qo‘shiqlar, dilkash raqs va taronalar bu bayramning xalqimizning o‘tmishi, buguni va istiqboli bilan qanchalar chambarchas bog‘liq ekanidan dalolat beradi.

Sumalak suzing, ona!

Yurtimizning har bir shahar va qishlog‘ida, mahalla va ovullarida Navro‘z o‘zgacha shukuh, o‘zgacha ruhda o‘tadi. Kattayu kichik yuzda tabassum, dilda quvonch bilan bu go‘zal va betakror bayramga peshvoz chiqadi. Momolarning o‘lan va laparlarida, bobolarning shukrona balqqan nigohlari, duoga ochilgan qo‘llarida, bolajonlarning baxtiyor kulgusida, qizaloqlarning shirin tabassumida Navro‘z tarovatini his etasiz.

Ayniqsa, sumalak qaynayotgan doshqozon atrofidagi onaxonlarimiz timsolida, bir-biridan laziz, xushta’m bahoriy ne’matlar totida Navro‘z nashidasini tuyish mumkin.

- Milliy taomlarimiz, ayniqsa, Navro‘z munosabati bilan pishiriladigan sumalak, go‘ja, halim, ko‘ksomsa singari bahor ne’matlarida ham xalqimizning ko‘p asrlik tajribasi, donoligi mujassam, – deydi Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi Kattaturk qishlog‘ida yashovchi Qurbonoy aya Jumaqulova. – Bunday taomlar bahorgi «ilikuzildi» paytlarda tanaga quvvat bag‘ishlaydi, turli dardlardan forig‘ qiladi. Shu bois qishlog‘imiz ahli har yili bu kunni sog‘inib, intizorlik bilan kutadi. Bu yil ham ota-bobolarimizning bu ezgu bayramini katta xursandchilik bilan kutib olayotirmiz.

Darhaqiqat, Navro‘z dasturxonini turli bahoriy noz-ne’matlar, ayniqsa, sumalaksiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ushbu tansiq taomning foydali, shifobaxsh xususiyatlari ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. Sumalak ham xuddi Navro‘z singari qadimiy va bezavol ekani tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan. Jumladan, yunon tarixchisi Herodot o‘z solnomalarida qadimgi ajdodlarimizning bahorning ilk kunlarida bug‘doy maysasidan maxsus taom tayyorlaganlari haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan.

Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk» asarida «suma» so‘zi qadimgi turkiy tillarda ivitilgan bug‘doy ma’nosini berishi qayd etilgan. Ko‘pgina olimlarimiz «sumalak» so‘zi ham aynan shu o‘zakdan kelib chiqqanini yozadilar. Bu taom bugungi kunda Navro‘z nishonlanadigan barcha hududlarda keng tarqalgani ham uning qanchalik suyumli ekanini ko‘rsatadi.

Ko‘pkari – Navro‘z o‘yini

Navro‘zi olam katta tantana bilan nishonlanayotgan zangori gilam to‘shalgan adirlar, bepoyon dala-dashtlar otlar dupuridan larzaga keladi. Zotan, bu go‘zal ayyomning nashidasi otlarning kishnashiyu, chavandozlarning hayqirig‘i bilan uyg‘unlashib, ayricha jo‘shqinlik kasb etadi.

…Bolalik yillarimizda bahor kelishi bilan kattayu kichik mahallamizdan yetti-sakkiz chaqirim uzoqdagi Quruqsoy mavzei tomon oshiqardi. Keksalarning aytishicha, bu yalanglikda uloq-ko‘pkari bellashuvlari yuz yillardan beri o‘tkazib kelinarkan.

Bu yerda atrof-javonibdan kelgan o‘nlab chavandozlar, yuzlab ko‘pkari ishqibozlari to‘planar, hamma qatori biz, bolalar ham uloq talashib, marra sari shitob bilan yelib borayotgan chavandozlarning har bir xatti-harakatini kiprik qoqmay kuzatib turardik…

Bugun ham mamlakatimizning yuzlab go‘shalarida ko‘pkarining allaqanday jaydari nafosati, o‘ziga xos zavqi, shukuhi hukmron. Ajdodlarimizning qanchadan-qancha umrboqiy an’ana va qadriyatlari qatori milliy sportimizning bu turi ham taraqqiy etib, sayqal topib kelayotir.

Olimlarning fikricha, ko‘pkari xalqimizning yangi yil hosilini chamalash bilan bog‘liq e’tiqodi va qarashlari zamirida, Navro‘z bayrami udumlarining shakllanishi jarayonida kelib chiqqan. Keyinchalik u barcha sayllarda, to‘y-hashamlarda, bayramlarda o‘tkaziladigan umumxalq tomoshalaridan biriga aylangan.

- Ot minib, uloq chopib katta bo‘lganman, – deydi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida yashovchi chavandoz O‘rinboy Sultonov. – Hayotimni otsiz, ko‘pkarisiz tasavvur etolmayman. Surxon vohasida azaldan Navro‘z tantanalari ko‘pkarisiz o‘tmaydi. Bizda marrani, chavandoz uloqni olib kelib tashlaydigan chuqurni qoraliq deyiladi. Uloqni hech kimga oldirmay, ana shu qoraliqqa keltirib tashlagan chavandozning xursandchiligi, sururini undan boshqa hech kim his qilolmasa kerak.

Navro‘zga peshvoz

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, haq joyida qaror topa boshladi. Azaliy sarchashmalar qaytadan ko‘z ochdi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy, tarixiy qadriyatlarimiz qayta tiklandi.

Bugun ham ona Vatanimiz, xalqimiz bu azaliy va abadiy bayramga har yilgiday ko‘tarinki kayfiyatda, shod-xurramlik, quvonch va sog‘inch ila peshvoz chiqayotir.

Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ta’kidlanganidek, barchamiz orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkaziladigan Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lib kelmoqda.

Yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan Navro‘z falsafasi xalqimizga mansub odamiylik, mehr-oqibat, muruvvat va himmat kabi yuksak xususiyatlardan oziqlanib kelgani, ajdodlarimiz asrlar davomida qanday buyuk umuminsoniy g‘oyalardan bahramand bo‘lib, ma’naviy kamol topganining yana bir tasdig‘idir.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama