![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Ko‘klamning ko‘ngildagi kulgusiO‘zA, Ozod Rajabov, 09.03.2010 17:59
Barchamiz doimo orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkazadigan Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lib kelmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida yangilanish va ezgulik timsoli bo‘lgan bayramimizga ana shunday ta’rif berilgan. Darhaqiqat, Navro‘z falsafasi elimizga mansub odamiylik, mehr-oqibat, muruvvat va himmat kabi yuksak fazilatlardan oziqlanib kelgani, ajdodlarimiz asrlar davomida qanday buyuk umuminsoniy g‘oyalardan bahramand bo‘lib, ma’naviy kamol topganining yana bir tasdig‘idir. Navro‘z mustaqillik bois qaytadan qaddini tikladi. Ma’lumki, har qaysi xalq yoki millatning tafakkuri, turmush tarzi, ma’naviy qarashlari o‘z-o‘zidan, bo‘sh joyda shakllanmaydi. Ularning vujudga kelishi va rivojlanishida tarixiy, tabiiy va ijtimoiy omillar asos bo‘ladi. Navro‘z ham ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va insoniyatning ilmiy-badiiy tafakkuri darajasiga ko‘ra doimo boyib, ba’zan esa ayrim jihatlarini o‘zgartirib kelgan. - Hayotga muhabbat, bunyodkorlik, mehr-muruvvat, tinchlik, vatanparvarlik va qut-baraka ramzi bo‘lgan Navro‘z ayyomi qadim zamonlardan yurtimizda keng nishonlab kelinadi, – deydi folklorshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Mamatqul Jo‘rayev. – Turli davrlarda ijtimoiy guruhlar, sinflar manfaatlari nuqtai nazaridan Navro‘zga nisbatan har xil aralashuvlar ham bo‘lgan. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ajdodlarimizning unut bo‘lib ketayotgan bebaho qadriyatlarini qayta tiklash, ularga yangicha ma’no va mazmun baxsh etish, Navro‘z bayrami bilan bog‘liq marosim, urf-odat va an’analarni, bu jarayonda yaratilgan xalq og‘zaki merosini asrab-avaylash va kelajak avlodlarga asl holicha yetib borishini ta’minlash bilan bog‘liq keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani o‘zining yuksak samaralarini berayotir. - Shunday zamonlar ham o‘tdiki, – deydi Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida yashovchi 130 yoshli onaxon To‘ti momo Yusupova, – bu bayramni bizdan olmoqchi, Navro‘zni yodimizdan o‘chirmoqchi bo‘ldilar. O‘shanda odamlarni chalg‘itish uchun turli tadbirlarni o‘ylab topdilar. Yurtboshimizga ming rahmat – Navro‘zimizni qaytarib berdi. Chindam ham Istiqlol nasimlari umummilliy bayramimizni nishonlashga qarshi qaratilgan barcha g‘ov va to‘siqlarga barham berdi. O‘zbekiston mustaqilligi arafasida Prezidentimiz Islom Karimovning jasoratli sa’y-harakatlari tufayli milliy bayramimiz o‘zimizga qaytdi – 1990 yilning 2 mayida “Navro‘z xalq bayramini o‘tkazish yakunlari to‘g‘risida“gi tarixiy hujjat imzolandi. Bu farmonning ahamiyati shundaki, unda avvalo Navro‘zning tiklangani, buni yurtimizning butun aholisi mamnuniyat bilan ma’qullab, ko‘tarinki ruhda kutib olgani ta’kidlanadi. Ana shundan buyon O‘zbekiston Respublikasi hududida har yili 21 mart dam olish kuni – Navro‘z bayrami kuni sifatida keng nishonlanadi. Navro‘zning bayram qilinishi teran xalq an’analari, yerga va tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, dehqon mehnatini e’zozlash, odamlarning tinchlikka va yaxshi qo‘shnichilikka, mehr-muruvvatga va boshqalarning dardiga malham bo‘lishga intilish mujassam ekani uning tiklanishi uchun qudratli omil bo‘ldi. Navro‘zning insoniy va baynalmilal mohiyati ham ana shundadir. Navro‘z yurtimizda azaldan xalq xohish-irodasiga ko‘ra, ommaviy sayil sifatida nishonlab kelingan. Ushbu ulug‘ ayyom munosabati bilan har gal xalq sayilga chiqqan. Baxshilar aytishuvi, laparlar, hazil-mutoyiba, qo‘shiqlar, xalq termalari, askiyachilar payrovi yangragan. Dorbozlar, masxarabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar o‘z san’atini namoyish etgan. Ishqibozlar bir chekkada qo‘chqorlar jangiga, boshqa bir qurda xo‘roz urishtirish tomoshalariga to‘planganlar. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasida qayd etilganidek, Navro‘z bahorning teng kunligi – quyoshning hamal burjiga kirishiga to‘g‘ri keladi. Uni bayram qilish dastlab o‘troq dehqonlarda rasm bo‘lgan, keyinchalik ular orqali yarim o‘troq va ko‘chmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan. Sobiq sovet tuzumi Navro‘zni diniy marosimlar qatorida ta’qiqlagan bo‘lsa-da, u xalqimiz ma’naviy hayotidan oziqlanib, boyib, mukammallashib boraverdi. Mustaqillik yillarida Vatanimizda milliy qadriyatlarimizni yanada kamol toptirish, yurtdoshlarimizda o‘ziga ishonch ruhi va milliy g‘ururni mustahkamlash, do‘stlik, bag‘rikenglik, hamjihatlik, mehr-shafqatni ulug‘lash, madaniy va tarixiy an’analarni davom ettirish hamda rivojlantirish, asrlar davomida shakllangan urf-odatlar va udumlarni e’zozlash maqsadida Navro‘zni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash yaxshi an’anaga aylandi. Istiqlol tufayli Navro‘z yurtimizda nainki qayta qaror topdi, ayni chog‘da izchil rivojlandi, takomillashdi, mazmun-mohiyati boyib bordi va ezgulik bilan yo‘g‘rilgan yangi qirralari yanada sayqal topdi. Bir so‘z bilan aytganda, bugun Navro‘z xalqimiz emin-erkin, shod-xandon nishonlaydigan aziz ayyom, elimizning ommaviy sayli sifatida tamomila yangi ruh, o‘zgacha tarovat kasb etdi. Navro‘z bayrami bilan bog‘liq ko‘plab udumlar mavjud. Ariq-zovurlar tozalanib, yangi bog‘lar barpo etiladigan hashar, yilboshi arafasida nishonlanadigan «qozon to‘ldi» udumlari shular jumlasidan. Biroq ko‘klamni gulu rayhonlarning, yangi ko‘z ochgan chuchmomayu lolaqizg‘aldoqlarning atri-bo‘ylarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois ushbu bebaho bayramimiz bilan bog‘liq qadriyatlar tarkibida gul sayillari alohida o‘rin tutadi. Yomg‘ir yog‘dirish, shamol chaqirish va ularni to‘xtatish, erta bahorda dalaga qo‘sh chiqarish, don ekish va chorvachilik bilan bog‘liq xalq qo‘shiqlari ham azal-azaldan ikki daryo oralig‘ida dehqonchilik qilib, ushbu yo‘nalishda o‘ziga xos madaniyat durdonalarini meros qoldirgan ajdodlarimizning insoniyat sivilizatsiyasi rivojidagi bemisl o‘rnidan dalolatdir. Ha, Navro‘z yilboshi va bahor bayrami, kelayotgan yangi mehnat mavsumining barakali, farovon va serfayz bo‘lishiga tilak bildirish hamda yovuz kuchlar yo‘qlik qa’riga chekinib, ezgulik tantana qiladigan kundir. Navro‘z bayramining aynan ko‘klamgi tengkunlikda, qish va bahor almashishida, butun borliq uyg‘onadigan farog‘atli damda tantana qilinishining muayyan tabiiy-ilmiy asoslari bor, albatta. Folklorshunos olimlarning tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida Navro‘z bayrami o‘lkamizda necha ming yil davomida uzluksiz nishonlanib kelayotganligini tasdiqlaydigan muhim dalillar keltirilgan: «Varashxa – katta qishloqlar jumlasidan bo‘lib, Buxoro shahridan qadimiyroqdir. Bu qishloqda har o‘n besh kunda bir kun bozor bo‘ladi, yilning oxirida esa yigirma kun bozor qilib, yigirma birinchi kuni Navro‘z – yangi yil bayramini o‘tkazadilar. Buni «navro‘zi kishovarzon» – «dehqonlar navro‘zi» deydilar. Buxoro dehqonlari yil hisobini o‘sha kundan boshlaydilar va bunga e’tibor beradilar». «Buxoro tarixi»da Navro‘z bayramining yoshi to‘rt ming yildan ortiqroq ekanligini isbotlaydigan g‘oyat muhim dalil ham bor. Narshaxiy buxoroliklarning ko‘hna udumlaridan biri xususida hikoya qilar ekan, bu gaplar bo‘lib o‘tganiga hozir uch ming yildan ortiqroq vaqt o‘tdi, deb yozadi. Agar xassos muarrix “hozir” deganida o‘zi yashagan X asrni nazarda tutganligini, o‘sha zamondayoq Navro‘zi olam “uch ming yildan ortiqroq” yoshga kirib qolganligini e’tiborga olsak, ming yillar osha xalqimiz ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilib kelgan bu fusunkor shodiyona o‘lkamizda qadimdan keng nishonlangani ayon bo‘ladi. Bu bayram yerni sevishga, mehnatni qadrlashga, ko‘klam mo‘jizalaridan lazzatlanishga, hayotning boqiyligiga imon keltirishga o‘rgatadi. Navro‘z eski yil tugab, yangisi boshlanadigan, dehqon umid bilan yerga baraka urug‘i qadaydigan, cho‘pon qo‘y-qo‘zilarini yam-yashil o‘tloqqa yoyadigan saodatli kundir. …Ko‘ngilga xush yoquvchi ko‘klam yellari qishning zahrini olib qochdi. Kurtak chiqarayotgan daraxtlar tabiat uyg‘onganiga dalil. Navro‘z ila har bir qalbga ezgu nur kirganini barglar chapak chalib olqishlayotir. Yoshlar yuragini ajib surur chulg‘agan. Shu xandonga guvoh piru badavlat otaxonlar shukrona keltirayotir… So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |