Jamiyat

Ekologiya va yoshlar

O‘zA, Bahor Xidirova, 27.02.2010 10:10

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida ekologik muammolarni bartaraf etishda yoshlar ishtirokiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda senatorlar, olimlar, mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari, professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar, talabalar va jurnalistlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi H.Razzoqov, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi N.Umarov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti rektori G‘.Muhamedov va boshqalar ekologik muvozanatni barqarorlashtirish va tabiatni muhofaza qilish sohasidagi dolzarb vazifalarni hayotga tatbiq etish mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishini tashkil etishini alohida ta’kidladilar.

Bu yo‘nalishda qabul qilingan harakat dasturlari, loyihalar va rejalarda belgilangan vazifalar bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi natijasida atrof-muhitni muhofazalash, bioxilma-xillikni asrash, chiqindilarning tabiatga va inson salomatligiga zararini kamaytirish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish borasida sezilarli natijalarga erishilayotir.

Mutaxassislar qayd etganidek, o‘tgan asrda tabiatdan foydalanishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanilgani talay ekologik muammolarga sabab bo‘ldi. Ushbu noxushliklarni bartaraf etish, tabiatni muhofazalashning samarali usullarini izlab topish va hayotga tatbiq etish ulg‘ayib kelayotgan avlod zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Bunday vazifalarni hal etishda yuqori malakali, zamonaviy texnologiyalar sirini egallagan, tabiatga mehri baland, zaminimizni e’zozlaydigan iqtidorli, izlanuvchan va tashabbuskor kadrlarning alohida o‘rni bor.

O‘zbekiston Milliy universiteti ana shunday malakali mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi ta’lim maskanlaridandir. Universitetda ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalarga o‘z sohasiga oid nazariy va amaliy ko‘nikmalarni chuqur o‘rgatish bilan bir qatorda mamlakatimizda tabiatni muhofazalash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish va ekologik muammolarni hal etishda talabalarning faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu maqsadda olimlar va talabalar, mutaxassislar ishtirokida doimiy ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etilayotir.

Mazkur anjumanni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad ham talabalarning nazariy bilimini amaliy tajriba bilan boyitish, yoshlarni ekologiya yo‘nalishida parlamentimiz, tegishli davlat, jamoat, xalqaro tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishtirish va bu sohadagi xayrli harakatlarga ularni jalb etishdan iborat.

So‘nggi yangiliklar:

To‘kinlik, farovonlik va baraka omili

Xolisona tahlil va tanqid ruhida

Ulkan jasorat namunasi

Ustuvor vazifalar muhokama etildi

Qo‘shimcha imtiyozlar: sifat va samaradorlik

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama