Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.12.2017 17:02 Chop etish versiyasi

10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Qudratli mamlakatimizning bepoyon kengliklari, go‘zal tabiati, purviqor tog‘lariyu jannatmonand bog‘lari, ko‘hna daryolariyu oydin ko‘llari, ko‘kka bo‘y cho‘zgan shaharlariyu chiroy ochgan qishloqlari, buyuk ajdodlarimizning barhayot siymolari va ularga munosib avlodlarning azmu shijoatga to‘la nigohlari, bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqimizning yuksak bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyati, buguni va ertasi, sarhadlarda sergak turgan tinchlik posbonlariyu baxtli hayotdan masrur o‘g‘il-qizlarning shodon kulgulari, mustaqil Vatanimizning shonu shuhrati...

Har tong davlatimiz madhiyasi sadolari ostida yangi kunni kutib olar ekanmiz, ko‘z oldimizda ana shu manzara namoyon bo‘ladi. Uning har bir chuqur ma’noga ega satri, mardonavor va sohir ohangi bizni sehrlab qo‘yadi, qalbimizda Vatanimizdan faxrlanish, bugunimizdan shukronalik va ertamizga ulkan ishonch hissini jo‘sh urdiradi.

Davlat ramzlari mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi, xalqimizning sha’nu shavkati, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini o‘zida mujassam etuvchi muqaddas timsollardir.

Shu bois Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan mustaqillikning ilk kunlaridan xalqimizning ozodlik, hurlik singari eng buyuk orzu-intilishlarini, ma’naviy qadriyatlarini ifodalovchi, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtga sadoqat, bunyodkorlik va yaratuvchanlikka undovchi Bosh qo‘shiqni qabul qilishga asosiy e’tibor qaratildi.

1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.

Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi, unga zo‘r ehtirom bilan qarash har bir fuqaroning vatanparvarlik burchidir. 2010-yil 24-dekabrda mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar madhiyamizni hurmat qilishi shart.

Milliy madhiyamiz muazzam sadolari davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chog‘ida, O‘zbekistonga kelgan xorijiy mamlakatlarning rahbarlarini kutib olish marosimlarida, yurtimizda o‘tayotgan umumxalq bayramlarida, yirik xalqaro anjumanlar, tinchlik va do‘stlik kelishuvlarida, sport musobaqalarida va sportchilarimizning xalqaro musobaqalarda eng baland shohsupaga ko‘tarilgan paytida baralla yangramoqda.

– Davlatimiz madhiyasi qudratli kuchga ega. Ona Vatanini sevgan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga o‘zini daxldor deb bilgan har bir kishi uning qudratiyu zalvorini his qilishi shubhasiz, – deydi boks bo‘yicha jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Shahram G‘iyosov. – Xalqaro sport arenalarida yurt sha’ni uchun maydonga chiqqan har bir sportchining xayolida Ona Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarish, madhiyasini baralla yangratish fikri, istagi uni bir zum bo‘lsa ham tark etmaydi. Har safar nufuzli musobaqalarda g‘alabamiz sharafiga madhiyamiz yangraganida, O‘zbekiston farzandi ekanimizdan dilimizda cheksiz faxr tuyamiz. Bu tuyg‘u bizga ulkan g‘ayrat-shijoat bag‘ishlaydi, yangidan-yangi g‘alabalar sari ruhlantiradi.

O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda musaffo osmonimiz, baxtli va farovon hayotimiz, xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorug‘ umidi va mustahkam ishonchi teran ifodalangan.

O‘tgan yili madhiyamiz musiqasi muallifi – O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. Bu yil davlatimiz madhiyasi matnini bitgan atoqli shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov nomini abadiylashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Qarshi shahrida Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etildi...

Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,

Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!

Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,

Shuhrating porlasin toki bor jahon!


O‘zbekiston mustaqil taraqqiyot yo‘lini inson manfaatlarini himoya qilish, xalqimizning tinch-osoyishta, baxtli va farovon hayot kechirishini ta’minlash asosiga qurdi, xalqaro hamjamiyatga faol integratsiyalashuv jarayonida tenghuquqlilik tamoyili asosida “tenglar ichra teng” bo‘lishi, tinchlik va barqarorlik siyosatidan og‘ishmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu boradagi ishlar yuksak bosqichda davom ettirilmoqda. 2017-yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb belgilanishi, davlat hokimiyati tizimida mutlaqo yangi institut – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etilishi, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi, barcha sohalarda ulkan islohotlarning amalga oshirilishi, dunyo davlatlari, xalqaro nufuzli tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikning mustahkamlanishi – barcha-barchasining zamirida xalqimizning hayot darajasini yaxshilash, bugunidan rozi bo‘lib, kelajagiga qat’iy ishonch bilan yashashini ta’minlash maqsadi mujassamdir.

Ha, xalqimiz omon ekan mustaqil mamlakatimiz yuksak taraqqiyot, buyuk kelajak barpo etish sari odimlashda davom etadi, ulug‘ xalqning mangu qo‘shig‘i – madhiyamiz xalqimiz, farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, olam uzra baralla yangrayveradi. Bu qo‘shiq ona Vatanimizdan g‘ururlanishga, mustaqilligimizni mustahkamlashga, bugunimizning qadriga yetishga, yangi marralarni zabt etishga undayveradi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
3 570