Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.11.2017 12:50 Chop etish versiyasi

1 ming 456 biometrik pasport o‘z egalariga topshirildi

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Bunda xonadonma-xonadan yurib, ichki ishlarning maxsus hisobida turuvchi diniy ekstremistik oqim a’zosi, ilgari sudlanganlarning oila a’zolari bilan tezkor-profilaktik suhbatlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Joriy yil 9 noyabr kuni o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari doirasida yashash manzilidan uzoq muddatga chiqib ketgan va qaytib kelgan fuqarolar aniqlanib, avtomatlashtirilgan elektron bazaga kiritildi, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi inspektori, katta leytenant Suhrob Rahmonov. – Xonadonlarni o‘rganish jarayonida 758 nafar fuqaroning huquqbuzarlik sodir etgani aniqlanib, ma’muriy tartibda choralar ko‘rildi. Ma’muriy nazorat qonuni ta’siri ostiga tushuvchi 2 nafar ilgari sudlangan shaxsga nisbatan ma’muriy nazorat o‘rnatildi.

Mirishkor tumani Yangi Mirishkor qishlog‘ida yashovchi, ilgari sudlangan va ma’muriy nazoratda turuvchi A.T. belgilangan muddatda tuman IIBga kelib ro‘yxatdan o‘tmagani va ma’muriy nazorat qoidasini buzganligi aniqlanib, unga nisbatan tuman ma’muriy sudi tomonidan 149 ming 775 so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi. Bundan tashqari, jinoyat sodir etib, sud va dastlabki tergov organlaridan yashirinib yurgan shaxslar bilan olib borilgan qidiruv-surishtiruv ishlari davomida olingan ma’lumotlar asosida qidiruvdagi jinoyatchilar yashiringan joylar tekshirilganda, O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilgani uchun Mirishkor tumani IIB tomonidan qidiruvda bo‘lgan, 1976 yilda tug‘ilgan, Mirishkor tumani Avazcho‘l qishlog‘ida yashagan Sh.H. qo‘lga olindi.

O‘quv muassasalarida “Davomat” tadbirlari o‘tkazish maqsadida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar, prokuratura, ichki ishlar organlari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, kasaba uyushmalari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi bo‘limlarining mas’ul xodimlari, ustoz-murabbiylar, mahalla faollaridan iborat ishchi guruhlari tuzilgan. Ishchi guruh a’zolari tomonidan 1 ming 43 maktabda, 135 akademik litsey va kasb-hunar kollejida davomat o‘rganildi. 65 bozor, savdo do‘koni, komputer xonasi, o‘yingoh va boshqalar nazoratga olindi.

O‘rganish davomida dars mashg‘ulotlariga sababsiz qatnashmayotgan o‘quvchilarning ota-onalariga ta’lim majburiy ekani tushuntirildi. 36 nafar ota-onaga nisbatan hujjat rasmiylashtirilib, sababsiz dars mashg‘ulotlariga qatnashmayotgan 266 o‘quvchi ta’limga qaytarildi. 805 ta’lim muassasasida uchrashuvlar tashkil etilib, jinoyat uchun jazo muqarrarligi haqida tushunchalar berildi.

Pasport-viza tadbiri doirasida 39 nafar doimiy yoki vaqtincha yashash tartibini buzgan va boshqa qoidabuzarliklar sodir etgan 138 nafar fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi. 4 korxona-tashkilotda, 2 mehmonxonada pasport tizimi qoidalariga amal qilish bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazildi.

Viloyat hududida yashovchi 241 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs, 39 nafar xorijiy fuqaro, 32 nafar MDH davlatlaridan kelib vaqtinchalik pasport ro‘yxatidan o‘tib yashayotgan fuqaro tekshirilib, ularga O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish, turar joy tanlash tartib-qoidalari tushuntirildi.

Viloyat hududida doimiy pasport ro‘yxatidan o‘tgan 1 ming 239 fuqaro nomiga yangi biometrik pasport rasmiylashtirish uchun elektron talabnoma shakllantirildi. 1 ming 456 biometrik pasport o‘z egalariga topshirildi. 2 ming 366 nafardan ortiq fuqaro ro‘yxatdan o‘tish va ro‘yxatdan chiqish kabi turli masalalar yuzasidan qabul qilinib, murojaatlari ijobiy hal etildi. 188 nafar 16 yoshga to‘lgan birinchi marta biometrik pasport olayotgan o‘smirga ham elektron talabnoma shakllantirildi.

Ta’kidlash joizki, ichki ishlar idoralari xodimlarining xalq orasida bo‘lishi, xonadonma-xonadon yurib, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaqindan o‘rganishi natijasida ko‘plab huquqbuzarlik va jinoyatlar fosh etilishi bilan birga, ularni kundan-kunga kamaytirishga erishilmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA
1 923






Все о погоде - Pogoda.uz