O‘zA O`zbek

09.07.2019 15:03 Chop etish versiyasi

TAHLIL VA TAKLIF: yaxshi darslik yaratish uchun yangi institut shartmi?

TAHLIL VA TAKLIF: yaxshi darslik yaratish uchun yangi institut shartmi?


Keyingi paytlarda vazirliklar, davlat idoralari odatiy va noodatiy bo‘lgan qarorlar hamda qonun hujjatlariga mualliflik qilayotgani, ularga keng xalq ommasining befarq emasligi mamlakatimizda huquqiy demokratik jamiyat sari dadil qadam tashlanayotganidan dalolat beradi. Bu jabhada, ayniqsa, Xalq ta’limi vazirligi faolligi bilan boshqalardan ajralib turibdi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Darsliklar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi darslik muallifi sifatida kaminani xursand qildi.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tayyorlanib, xalq muhokamasiga qo‘yilgan ushbu qaror loyihasi amaldagi mualliflar bilan ishlash tizimining eskirganligi, ijodkorlik muhiti yo‘qligi, sohada byurokratiya va qog‘ozbozlik kuchaygani tufayli ishlab chiqilganiga shubha yo‘q. Bu – muhim qadam. Chunki ta’lim mazmuni darsliklarda o‘z aksini topadi. Darslik o‘quvchining asosiy bilim olish manbai, quroli hisoblanadi.

Afsuski, amaldagi maktab darsliklarining aksariyati mazmun va dizayn jihatidan zamon talablariga javob bermaydi, jiddiy kamchiliklardan, xatolardan xoli emas. Mazkur qaror loyihasi esa muammolar yechimiga xizmat qilishi mumkin.

HAQLI SAVOLLAR TUG‘ILADI...

Biroq qaror loyihasi bilan tanishish jarayonida haqli savollar tug‘iladi.

Xususan, Darsliklar ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi haqdagi qismi yuzasidan:

“Tashkil etilajak institutning asosiy vazifalari Respublika Ta’lim markazinikidan qaysi jihatlariga ko‘ra farq qiladi?

Bu institut markazning huquqiy vorisi hisoblanadimi?

Mabodo ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladigan bo‘lsa, Respublika Ta’lim markazining faoliyati qay tartibda davom etadi yoki to‘xtatiladimi?”

Agar qaror loyihasi tasdiqlansa, Darsliklar ilmiy-tadqiqot instituti maktab hamda maktabdan tashqari ta’lim sohasidagi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni o‘rganish, yaratish hamda ularning ta’lim tizimida qo‘llanilishi bo‘yicha xulosa beruvchi yagona ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lib qoladi!

Lekin bizda “ta’lim, fan, texnika va texnologiya, iqtisodiyot va madaniyat yutuqlarini inobatga olgan holda umumiy o‘rta ta’lim maktablari, yordamchi maktab va maktab-internatlar, musiqa va san’at maktablari hamda maktabdan tashqari ta’lim muassasalari uchun zamonaviy o‘quv reja, dastur, darslik va metodik adabiyotlar yaratilishini muvofiqlashtiruvchi” Respublika ta’lim markazi mavjud-ku.

Tashkil etilajak (agar qaror tasdiqlansa) institutning ham “umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha maslahatlar va tavsiyalar berish” bilan shug‘ullanishi bir oshxonaga ikki bekani kiritishday mantiqsizlik emasmi?!

Amaliyotda bir ishga ikki xo‘jayin belgilanishi ishning sifatini tushirib yuborishi yoki mutlaqo bajarilmasligini bir necha karra isbotlagan axir. Balki qo‘yilgan vazifalar boshqachadir?

LOYIHA BILAN TANIShIShDA DAVOM ETAMIZ

Tashkil etilajak institut vazifasi “darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertiza qilish va aprobatsiyadan o‘tkazish jarayonlariga ilmiy va uslubiy ko‘rsatmalar berish”dan iborat ekan.

Respublika Ta’lim markazi ham “qayta nashr etiladigan, qayta ishlanadigan va yangi yaratilgan darslik, o‘quv-metodik qo‘llanmalarni ekspertizadan o‘tkazish ishlarini tashkil qilish” va “umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar, metodik tavsiyalar, dars ishlanmalari, plakatlar yaratish ishlarini tashkil etish va ularni o‘quv jarayoniga tatbiq etishda uslubiy yordam ko‘rsatish” singari “bo‘lajak” institutnikiga uyg‘un vazifalarni bajarar ekan.

Xuddi shu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan markaz bo‘lgani holda yangi muassasa – Darsliklar ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etishning asosli yo mantiqli sababini shuncha izlansam-da, topa olmadim yoki vazirlik “Yangisini qurmay, eskisini buzma” qabilida ish tutyaptimikan? Balki bunda bir hikmat bordir? Lekin hikmat mavjud bo‘lsa, u juda puxta bekitilgan ekan. Chunki Respublika ta’lim markazi zimmasidagi vazifalar hozir urf bo‘lgan “xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish”, “sohada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, tadqiqotchilarni ilmiy stajirovkaga yuborish” singari jumlalar bilan boyitilsa, “bo‘lajak” institutga mutlaqo hojat qolmaydi.

Qaror loyihasida ko‘rsatilgan “barcha o‘quv fanlari bo‘yicha xalqaro miqyosdagi darsliklar kolleksiyasidan iborat ilmiy kutubxonani tashkil etish” ishlarini esa Respublika Ta’lim markazi bemalol amalga oshirish salohiyatiga ega.

Hozirgacha bu qilinmagan ekan, bir dunyo ovoragarchilik, xarajat, kadrlar almashinuviyu unga bog‘liq idoralar yugur-yugurlarisiz markazga ko‘rsatma yo topshiriq berib qo‘yaqolgan ma’qul emasmi? O‘ng quloqni chap qo‘lni aylantirib kelib ushlashga muncha ishqiboz bo‘lmasak?!

Qaror loyihasi ta’lim sohasiga begona odamda “darsliklar bo‘yicha shu paytgacha hech narsa qilinmagan ekanmi? Unda tender-chi? Biz har yili pul sarflab bolalarimizga ijaraga olib berayotgan darsliklar bo‘lmag‘urmidi?” degan shubhani uyg‘otadi.

ASLIDA BU BORADA SALMOQLI IShLAR QILINGAN

photo5271771738650290926.jpg

Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va respublikamizdagi barcha pedagogik oliy o‘quv yurtlari, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlari tomonidan mazkur yo‘nalishda tadqiqotlar olib borilmoqda.

Akademik R.Jo‘raev rahbarligida amalga oshirilayotgan “Darsliklarning yangi tipologiyasini yaratish va ularni amaliyotga joriy etish mexanizmlarini ishlab chiqish” mavzusidagi fundamental tadqiqot ham ayni shu yo‘nalishda.

Mazkur maqola qoralanayotgan paytda Respublika ta’lim markazida o‘tkazilgan navbatdagi Ilmiy-metodik kengash yig‘ilishida qatnashishga to‘g‘ri keldi. Yig‘ilishda darsliklar yaratish, mualliflar bilan ishlash tizimini tubdan isloh qilish shartligi, bu sohadagi kadrlar salohiyatiga jiddiy e’tibor qaratish zarurligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

TAKLIFLAR...

Qaror loyihasi bo‘yicha yuqorida bildirilgan mulohazalardan kelib chiqib, ayrim takliflarni o‘rtaga tashlamoqchi edim.

Xalq ta’limi vazirligi huzurida Darsliklar ilmiy-tadqiqot institutini Respublika ta’lim markazi o‘rnida yoki uning negizida tashkil etish lozim.

Mazkur institutga kadrlarni tanlab olishda ularning ilmiy-metodik saviyasi, maktabda ishlash tajribasi asosiy mezon bo‘lishi kerak. Chunki o‘quv dasturlari va darsliklarni yaratish, qayta nashrga tayyorlash, muhokamadan o‘tkazish chog‘ida fan yo‘nalishlariga mas’ul bo‘lgan ayrim “mutaxassis”larning bilim darajasi va saviyasi haminqadarligi ko‘rinadi.

Lekin ular “mas’ul” sifatida otdan tushsa ham, egardan tushmaydi, o‘z pozitsiyasini himoya qilgan yo e’tiroz bildirgan muallif yoki amaliyotchi o‘qituvchilarni sig‘ishtirmaydi, tanqidiy taqrizlar bilan “sindirish”ga urinadi.

Darsliklarni tanlov asosida yaratish, saralab olish jarayoni shaffof va xolis o‘tkazilishi uchun ishonchli mexanizm ishlab chiqilishi zarur. Bunda tanlovni tashkil etuvchi, ekspertizadan o‘tkazuvchi, tajriba-sinov ishlarini amalga oshiruvchi va natijalarni umumlashtiruvchi organlarning faoliyatini bir-biridan mustaqil tarzda tashkil etish, ma’lumotlarning sizib chiqmasligini ta’minlash juda muhim.

Muxtasar aytganda, mukammal darslik yaratish va uni ta’lim jarayoniga tatbiq etish bugungi kunning dolzarb muammosidir. Bu muammoni hal etishda amaldagi ta’lim tizimini o‘rganish, tahlilga tortish va natijalardan kelib chiqibgina qaror qabul qilish shart.

Shahnoza ERGAShEVA,

filologiya fanlari nomzodi


O‘zA
416