Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 21:08 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonlik olimga xalqaro mukofot topshirildi

Toshkent shahridagi Inha universitetining professori Husniddin Olimov Xalqaro Fanlar akademiyasining mukofotiga sazovor bo‘lgan 22 nafar yosh olim qatoridan joy oldi.

Husniddin Olimov 2016-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondan mazkur nufuzli mukofotga loyiq deb topilgan yagona nomzoddir. Olim ushbu mukofotga so‘nggi besh yilda fizika fani bo‘yicha yetakchi xalqaro jurnallarda chop etilgan maqolalari uchun sazovor bo‘ldi. Xalqaro Fanlar akademiyasining ushbu mukofoti jahonning 16 mamlakatidan bo‘lgan yosh olimlarga topshirilgan.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev, Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Sarvar Boboxo‘jayev va boshqalar yurtimiz olimlari mamlakatimiz va dunyo ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shayotganlarini ta’kidladi. Universitetning yosh o‘qituvchisi erishgan muvaffaqiyat O‘zbekistonda iste’dodli yoshlar ko‘pligi va ularning faoliyati davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Yaqinda mazkur universitetda mahalliy professorlarni tayyorlash dasturini amalga oshirish boshlandi. Dastur doirasida yosh o‘qituvchilar va akademik yo‘nalishdagi mutaxassislar dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlari, xususan, Janubiy Koreyada o‘qish va malakasini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu nafaqat Toshkent shahridagi Inha universitetida o‘qitish sifatini oshirish, balki mamlakatimiz ilm-fanini yanada rivojlantirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Husniddin Olimov 1998-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining fizika fakultetini bitirgan. Keyingi ilmiy faoliyatini Germaniya va Pokistonda davom ettirgan. Yosh olim yadro fizikasi va yuqori energiyalar fizikasi bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutining yuqori energiyalar laboratoriyasining yetakchi ilmiy xodimi bo‘lgan H.Olimovning 50 dan ortiq ilmiy maqolasi chop etilgan. Ularning aksariyati dunyoga mashhur ilmiy nashrlar, xususan Amerika fizika jamiyati hamda Yevropa fizika jamiyati jurnallarida e’lon qilingan.

Bosh qarorgohi Italiyaning Triyeste shahrida joylashgan Xalqaro Fanlar akademiyasi 1983-yilda tashkil etilgan. Akademiya ilm-fan va injiniringni rivojlantirishga ko‘maklashadi va har yili olimlarga grantlar ajratadi.

– O‘zbekistonda iste’dodli yoshlar ko‘p. Bu zaminda ilm-fanning ko‘plab tarmoqlari taraqqiyotini yuz yillar avval belgilab bergan mashhur olimlar yashab o‘tgan, – deydi H.Olimov. – Shunday nufuzli xalqaro mukofotga sazovor bo‘lganim va O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘sini yanada yuksaltirishga hissa qo‘shganimdan xursandman. Iste’dodli talabalar bilan birgalikda buyuk ajdodlarimizning izlanishlarini davom ettiramiz.

Roman Bondarchuk, O‘zA
3 145






Все о погоде - Pogoda.uz