O‘zA O`zbek

19.06.2019 15:07 Chop etish versiyasi

Namangan davlat universitetida baliqchilik ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi

Namangan davlat universitetida baliqchilik ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlanadi

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Namangan davlat universitetida zooinjeneriya (baliqchilik) ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Bundan ko‘zlangan maqsad viloyatda keng qamrovli innovatsion baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etish, mavjud baliqchilik sub’ektlarining rentabelligini oshirish, eng qimmatbaho baliq zotlarini yetishtirish uchun mavjud tabiiy sharoitdan unumli foydalanish, aholining baliq va baliq mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish, baliqchilik yo‘nalishida jahon bozoriga chiqilishida ilm-fan hamda ishlab chiqarish integratsiyasiga erishishdir. 

Ayni paytda universitetning tabiiy fanlar fakulteti biologiya kafedrasi tomonidan bo‘lajak baliqchi kadrlar tayyorlashning tashkiliy jihatlari bo‘yicha ish olib borilmoqda. Xususan, talabalar ta’lim olishlari uchun o‘quv auditoriyasi va laboratoriya xonalari qayta jihozlandi. Fanlar o‘qitilishining sifatini oshirish maqsadida barcha professor-o‘qituvchilar mashg‘ulotlarda innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda mashg‘ulotlar o‘tishi yo‘lga qo‘yildi. Talabalar malakaviy amaliyotlarini sifatli tashkil etish uchun “Namanganbaliqsanoat” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bir nechta baliqchilik xo‘jaliklarida amaliyotlarni o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari tuzildi.

Biologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilarining baliqchilik va ixtiologiya sohalarida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlarini yanada rivojlantirish, fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirish, baliqchilik xo‘jaliklaridagi mavjud muammolarni ilmiy asosda o‘rganish va amaliy takliflar berish maqsadida kafedra qoshida ilmiy markaz tashkil etish rejalashtirilgan. Markaz faoliyatida baliqchilik bo‘yicha boy tajribaga ega Belarus davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasining ixtiologiya va baliqchilik kafedrasi mutaxassislari hamda “Namanganbaliqsanoat” MChJning keng ishtiroki ko‘zda tutilgan. Zooinjeneriya ta’lim yo‘nalishining o‘quv moddiy-texnika bazasini zamonaviylashtirish, Markazning keng qamrovli faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Jahon banki moliyalashtirgan “O‘zbekistonda oliy ta’limni modernizatsiya qilish” loyihasi doirasidagi akademik innovatsiyalar fondi bilan Namangan davlat universiteti o‘rtasida 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan va qiymati 200 ming dollar bo‘lgan “Akvakultura bo‘yicha o‘quv-amaliy trenajer tashkil etish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ijodiy guruh faoliyatini boshladi.

Mazkur mablag‘ akvakultura (baliqchilik) bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining texnik-texnologik ta’minoti, yosh professor-o‘qituvchilarning Belarus davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasi o‘quv kurslarida malakasini oshirishi, mutaxassislik va tanlov fanlaridan yangi o‘quv adabiyotlarini chop etishga qaratiladi. Shuningdek, Belarus davlat qishloq xo‘jaligi akademiyasining yetakchi mutaxassislari ishtirokida Namangan viloyatidagi 300 ga yaqin baliqchilik sub’ektlari ishchilari bilan seminar-treninglar o‘tkazish, kafedra qoshida tashkil etiladigan Markaz faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadlariga ham yo‘naltiriladi.

– Loyihani amalga oshirish bilan zooinjeneriya (baliqchilik) ta’lim yo‘nalishida tayyorlanayotgan kadrlar malakasining sifat ko‘rsatkichlari ortadi, professor-o‘qituvchilarning ilmiy tadqiqotlari uchun mustahkam baza yaratiladi, viloyatda baliqchilik sohasiga xizmat qiladigan innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish klasteri shakllanadi, – deydi Namangan davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti biologiya kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi E.Ikromov. – Baliqchilik ta’lim yo‘nalishi nafaqat viloyat, balki respublikamizda baliqchilikning intensiv texnologiyalarini joriy etishda keng imkoniyatlar ochadi. Jumladan, baliqchilik ta’limi va klasteri uchun yuqori malakali kadrlar (PhD va DSC) tayyorlash imkoni ortadi. Intensiv baliq yetishtirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy davlatlarda qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalarni viloyat sharoitiga moslashtirish va baliqchilik xo‘jaliklariga joriy etishga ko‘maklashiladi.

Shuningdek, tabiiy va sun’iy suv havzalarida qimmatli baliq turlarini iqlimlashtirish va ko‘paytirish, baliq seleksiyasi hamda naslchilik ishlari bo‘yicha ilmiy izlanishlarga ilmiy-amaliy yo‘l ochiladi. Baliq turlari va zotlari uchun zamonaviy ozuqalar retsepturasini ishlab chiqish va oqsil hamda mikroelementlarga boy ratsion asosida boqishni tashkil etishga ko‘maklashiladi, baliqlar kasalliklari profilaktikasi va ularni davolash yo‘lga qo‘yiladi.

Akromjon SATTOROV, O‘zA
952