Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.02.2017 16:43 Chop etish versiyasi

Ilmiy yangilik – taraqqiyot ko‘zgusi

Toshkent davlat yuridik universitetida “Zamonaviy ilm-fan yutuqlari – taraqqiyotning muhim omili” mavzuida ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 30 dekabr kuni mamlakatimiz yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur anjumanga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslari, Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi va boshqa bir qator oliy o‘quv yurtlari vakillari, olimlar va yoshlar taklif etildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Ye.Kanyazov, prorektor Z.Esonova, yuridik fanlar doktori O.Oqyulov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari professori B.Po‘latov va boshqalar mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yosh olimlarni tarbiyalashga ko‘maklashish, ular o‘rtasida hamkorlik muhitini rivojlantirish, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

– Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademiklari faoliyatini takomillashtirish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘ladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori A.Otajonov. – Bu hujjat huquq sohasida izlanayotgan olimlardan ham samarali ishlashni, ular yaratayotgan ilmiy yangiliklar yurtimizning porloq kelajagi yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lishini talab etadi. 

Tadbirda “Yuridik fanlar va jamiyat taraqqiyoti: ta’sir va aks ta’sir”, “Zamonaviy yuridik ta’lim tizimida amaliy-kasbiy tayyorgarlikni rivojlantirish masalalari”, “Jinoyat qonunchiligini takomillashtirishda ilmiy tadqiqotlarning ahamiyati”, “Ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotda qo‘llashning shartnomaviy-huquqiy asoslari” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Ilmiy-nazariy konferensiyada fan va ishlab chiqarish hamkorligini yanada mustahkamlash, ta’lim tizimini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
3 686






Все о погоде - Pogoda.uz