“Sayqali ro‘yi zamin”, “Firdavsmonand shahar”, “Baldai mahfuza” kabi yuksak sifatlar bilan tilga olinadigan Samarqand ilm va madaniyatning qadimiy o‘choqlaridan biridir.

“Sayqali ro‘yi zamin”, “Firdavsmonand shahar”, “Baldai mahfuza” kabi yuksak sifatlar bilan tilga olinadigan Samarqand ilm va madaniyatning qadimiy o‘choqlaridan biridir. Ko‘hna tarixning ilk qadamlaridan boshlab jahongirlar, san’at va madaniyat ahli, tolibi ilmlar, ma’rifat shaydolari intilgan va jam bo‘lgan ushbu zamin Imom Moturudiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Xo‘ja Ahrori Valiy singari buyuk siymolarni kamolga yetkazgan.

Islom madaniyatining ilk davrlaridan boshlab o‘zining ilmiy salohiyati va nufuzi bilan musulmon sharqi mutafakkirlari va tolibi ilmlarini jalb etgan Samarqand madrasalari Abu Abdullo Rudakiy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Ali Qushchi singari ko‘plab ilm ahli va so‘z ustalarining kamol topishiga xizmat qilgan. Ularning barchasi Hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda, “tahsil uchun Samarqand”ga kelgan. Bu jarayon, ayniqsa, olimlar sultoniyu, sultonlar olimi Mirzo Ulug‘bek hukmronligi va u asos solgan madrasai oliya faoliyati davrida keng tus oldi.

Mirzo Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasida dunyoviy ilmlar rivojlanishiga shohid bo‘lgan azim Samarqandda XX asrning 20-yillarida O‘zbekistonda ikkinchi zamonaviy oliy o‘quv yurti faoliyat ko‘rsata boshladi. 1927-yilda Oliy pedagogika institutining tashkil etilishi Samarqandda oliy ta’lim tizimining yangi bosqichini boshlab berdi. 1930-yildan Pedagogika akademiyasi, 1933-yildan O‘zbekiston davlat universiteti deb yuritilgan Samarqand davlat universitetida ilk tashkil etilgan ilmiy markazlardan biri o‘zbek-tojik adabiyoti kafedrasi bo‘lib, o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi fanlarining shakllanishi ko‘p jihatdan shu ilmiy markaz faoliyati bilan bog‘liq.

Abdurauf Fitratning Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Boborahim Mashrab hayoti va ijodi, aruz she’riy tizimi, Sadriddin Ayniyning Abulqosim Firdavsiy, Sa’diy Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy hayoti va ijodiga doir fundamental tadqiqotlari, Abdurahmon Sa’diyning “Alisher Navoiy ijodi o‘zbek klassik adabiyotining yuksak bosqichi sifatida” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi o‘zbek-tojik adabiyotshunosligining shakllanishida o‘ziga xos poydevor vazifasini o‘tadi. Abdurauf Fitratning “O‘zbek adabiyoti namunalari”, Olim Sharafiddinovning ikki jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” darslik-xrestomatiyalari yurtimizda shu sohada yaratilgan ilk o‘quv adabiyotlaridir. Shu tariqa Camarqand adabiyotshunoslik maktabi hamda XX asr navoiyshunosligining tamal toshi o‘tgan asrning 30-yillarida Samarqandda qo‘yildi.

O‘tgan asrning 30-yillari oxiri va 40-yillarida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy hayoti va ijodini tadqiq etishga alohida urg‘u berilgan. Buning natijasida “Alisher Navoiy” nomi bilan O.Sharafiddinov risolasi va S.Ayniyning monografiyasi chop etildi. Shu davrda navoiyshunoslik maydoniga kirib kelgan V.Abdullayev ulug‘ shoir va mutafakkir hayotining eng kam o‘rganilgan davrlari – Samarqanddagi hayoti va adabiy faoliyatini tadqiq etishga kirishdi. Chunki Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va ijodi 1941-yilgacha umuman o‘rganilmagan. Ilmiy adabiyotlarda u Samarqandda ikki yil bo‘lib, Faqih Abulays madrasasida tahsil ko‘rgan, deb zikr etilardi, xolos. Navoiyning Samarqandga kelishi sabablari ham noma’lum bo‘lib, bu borada turli taxminiy mulohazalar mavjud edi. V.Abdullayev “Alisher Navoiyning hayoti va Samarqanddagi adabiy faoliyati” mavzusi ustida ilmiy ish olib bordi. Natijada Alisher Navoiy Samarqandda to‘rt yil yashagani, Samarqand va Movarounnahrning qator shoir va olimlari bilan ijodiy aloqada bo‘lgani, bu yerdan olgan taassurotlari keyingi butun ijodiga samarali ta’sir ko‘rsatib, ajoyib g‘azal va dostonlariga material sifatida xizmat qilganini ilmiy jihatdan isbotlab berdi.

Samarqand davlat universitetida milliy adabiyotshunosligimiz taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bir guruh yetuk olimlar jamlandi. B.Valixo‘jayev, N.Shukurov, S.Mirzayev, R.Orzibekov, O.Ikromov, I.Salohiy, S.Sa’diev, S.Halimov, Sh.Shukurov, Q.Tohirov, A.Abdurahmonov, Sh.Xolmatov kabi adabiyotshunos, matnshunos olimlar shular jumlasidandir.

1960-yillarda Samarqand tilshunoslik va adabiyotshunoslik maktabining uchinchi avlod vakillari fanga kirib kelib, ilmiy tadqiqotlarga yangicha ruh va shijoat bag‘ishladi. Xususan, Samarqand adabiyotshunoslik maktabining yirik vakillaridan biri, akademik Botirxon Valixo‘jayev “Samarqandning ilmiy vijdoni”, “Olimu fozillar botiri” kabi e’tiroflarga sazovor bo‘ldi. Botirxon domlaning ilmiy asarlarida zakiy, keng qamrovli, chuqur mulohazali, odobi yuksak va o‘ta andishali komil inson va tadqiqotchining dilkash siymosi ko‘zga tashlanadi. Ustoz butun umrini ilmu ziyoga bag‘ishlagan, nafaqat o‘zbek, balki fors-tojik adabiyotining dolzarb muammolari bo‘yicha keng qamrovli tadqiqot olib borgan zukko, nuktadon olim edi.

B.Valixo‘jayev o‘zbek adabiyotshunosligida ilk marotaba epik she’riyat tarixini yaxlit hodisa sifatida keng qamrovda tadqiq etishi natijasida janr va uslub rang-barangligi, dostonnavislikning shakllanishi va taraqqiyot bosqichlari, an’ana va novatorlik, xususan, badiiy tarjima va nazira an’analarining qorishib ketishi kabi masalalarning ilmiy xulosalari, mantiqiy asoslarini ochib berdi. Olimning yillar davomida olib borgan mashaqqatli ilmiy kuzatishlari natijasida 1974-yili “O‘zbek epik poeziyasi tarixidan”, 1977-yili “Miriy va uning zamondoshlari” nomli kitoblari nashr etildi.

Botirxon Valixo‘jayevning “Mirzo Ulug‘bek davri madrasalari”, “Samarqandda oliy ta’lim – madrasai oliya. Universitet tarixidan lavhalar” nomli risolalarida 1420-yilda ta’sis etilgan Mirzo Ulug‘bek madrasai oliya majmuasi milliy oliy ta’lim tizimi tarixida alohida sahifani tashkil etgani, Samarqand davlat universiteti ushbu madrasaning bevosita vorisi va davomchisi ekani o‘z aksini topgan.

Mustaqillik yillarida ustoz olimlarning yuksak ilmiy an’analarini shogirdlar davom ettirdi. Filologiya fanlari doktori, professor Sh.Sirojiddinov Alisher Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishning tarixiy va adabiy manbalari haqidagi fundamental tadqiqoti uchun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Samarqand adabiyotshunoslik maktabining bir guruh vakillari adabiy jarayon va ijodkorlar ijodiy laboratoriyasini tadqiq etishda katta muvaffaqiyatga erishdi. Adabiy jarayon, adabiyotshunoslikning nazariy va amaliy muammolari bilan jiddiy shug‘ullangan olimlar – N.Shukurov, O.Ikromov, S.Mirzayev, R.Muqimov, H.Umurov, Sh.Xolmatov, I.Mirzayev, Sh.Hasanov, A.Soliyev zalvorli mavzularda tadqiqotlar olib bordi. Turli yillarda maktabning shonli an’analarini davom ettirgan 60 dan ortiq yosh tadqiqotchi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ularning aksariyati yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari, nashriyot, gazeta va jurnallarda faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimiz ilm-fani, maktab-maorifi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shdi va qo‘shmoqda.

Ana shunday ilmiy maktab tufayli XX asr o‘zbek adabiyotining yuksalishida Samarqand adabiy muhitining roli beqiyos bo‘ldi. Bu davrda Hamid Olimjon, Uyg‘un, Oydin, Mirtemir, Usmon Nosir, Hasan Po‘lat, Amin Umariy, Nasrulla Oxundiy kabi ijodkor yoshlar talabalik chog‘laridayoq ilm o‘rganishni ijodiy ish bilan qo‘shib olib bordi. Bu ijodiy an’anani keyinchalik universitetda tahsil olgan Sharof Rashidov, Burhon Tursun, Nazarmat, O‘tkir Rashid kabilar davom ettirdi.

1950-yillardan keyingi davrlarda ko‘plab shoir-yozuvchilarning tarbiya topishi va shakllanishida ham universitetning o‘rni katta. Universitet bu davrda B.Boyqobilov, O.Husanov, G‘.Salomov, N.Narzullayev, O.Matjon, M.Normatov, S.Sirojiddinov, D.Fayziy, F.Toshev, U.Otayeva, X.Bobomurodova, B.Turobova, E.Shukurova, I.Hasanov kabi iste’dodli ijodkorlar yetishib chiqishida juda katta ijodiy maktab vazifasini o‘tadi.

Keyingi yillarda bir qator yosh ijodkorlar voyaga yetib, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar va boshqa ijodiy tashkilotlarda samarali mehnat qilmoqda.

Samarqand davlat universitetida 90-yil davomida shakllangan tilshunoslik va adabiyotshunoslik maktabi vakillari bugungi kunda tilimiz va adabiyotimizning turli qirralarini tahlil etish, ustozlarning boy ilmiy an’analarini munosib davom ettirgan holda o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti tarixi, mantshunoslik, adabiyot nazariyasi, adabiy aloqalar kabi yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib bormoqda.

Muslihiddin Muhiddinov,
Samarqand davlat universiteti professori.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ilmiy maktab an’analari davom etmoqda