O‘zA O`zbek

09.10.2019 20:44 Tibbiyot

Ezgu ishlar uchun nihoya yoʻq

Ezgu ishlar uchun nihoya yoʻq

Orziqib kutilgan farzand tugʻma nuqson bilan tugʻilishi ota-ona uchun juda ogʻir. Nega? Nima uchun? Qanday qilib?.. Bu savollarning adogʻi yoʻq, ammo ularga javob topish unchalik ham qiyin emas. Ayniqsa, norasidaning ota-onasi bir-biriga yaqin qarindosh boʻlsa...

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizdagi nikohlarning 15 foizidan koʻprogʻi yaqin qarindoshlar oʻrtasida tuziladi. Qon-qarindoshlik qanchalik yaqin boʻlsa, nosogʻlom farzand tugʻilishi xavfi shunchalik yuqori. Bola qay holda tugʻilmasin, u baribir bebaho. Ammo qanday ahvolda dunyoga kelishi koʻp jihatdan ota-onaga bogʻliq.

“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya fondining “Ona va bola salomatligi – millat kelajagi va mamlakat boyligi” loyihasida ana shu gʻoya ilgari surilgan. Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha Parlament komissiyasi tomonidan 2018-yilda davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida qoʻllab-quvvatlangan. Loyiha qanday amalga oshirildi? Kutilgan natijalarga erishildimi?

Parlament komissiyasining navbatdagi yigʻilishida bularning bari sarhisob qilindi.

“Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya fondi boʻlim boshligʻi Erkin Abdullayevning soʻzlariga koʻra, “Ona va bola salomatligi – millat kelajagi va mamlakat boyligi” loyihasida bolalikdan nogironlikning oldini olish, tugʻma va irsiy kasalliklarni barvaqt aniqlash, kam taʼminlangan oilalarda tugʻma yurak xastaligi bilan tugʻilgan bolalarni (nogiron boʻlgan bolalarni) davolashga koʻmaklashish maqsad qilingan edi. Bu ezgu ishning roʻyobiga erishildi ham. Jumladan, “ERA Med” MCHJ qoʻshma korxonasi klinikasida jarrohlik amaliyoti asosida tugʻma yurak nuqsoniga ega 40 nafar bola sogʻlomlashtirildi. Bu unchalik katta raqam emas, albatta, Lekin har bir bola kelajakning bir boʻlagi, oilaning quvonchi sifatida qaralganda ulkan ish, xayrli tadbir. Parlament komissiyasi aʼzolari ham shunday fikr bildirdi.

Maʼlumot berilishicha, jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun 559,1 million soʻm ijtimoiy buyurtma, 166,1 million soʻm fond mablagʻlari sarflandi. Davlat ijtimoiy buyurtmasi moliyaviy koʻmagi bilan tugʻma yurak nuqsonli bolalarni operatsiya qilish uchun 109,4 million soʻmlik xirurgik tikuv iplari xarid qilindi. 45,2 million soʻmlik turli dori-darmon vositalari bepul tarqatildi.

Irsiy va tugʻma kasalliklarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Erta nikohning salbiy oqibatlarini bilasizmi?”, “Goʻdak – bebaho neʼmat!”, “Qarindoshga qiz bermang”, “Tibbiy genetik maslahat” mavzusida 10 ming dona buklet tayyorlandi.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovida gʻolib boʻlganlar safida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar kengashi hamda Navoiy viloyati “Jonli tabiat” bioekologik markazi bor.

Yigʻilishda mazkur “uchinchi sektor” vakillarining ham hisoboti eshitildi.

“Yoshlar kelajagi qonunga rioya etishdan boshlanadi”. Yosh huquqshunoslar kengashi tomonidan amalga oshirilgan ijtimoiy buyurtma loyihasi shunday nomlanadi. Kengash loyihaning mavzusi va mazmuniga mos ish tutdi: huquqiy targʻibot tadbirlarini zamonaviy usullardan foydalangan holda manzilli olib bordi.

– 2018-2019-yillar davomida 20 ta mahalla fuqarolar yigʻinida “Huquqiy maslahatxona” burchagi tashkil etildi, – dedi Yosh huquqshunoslar kengashi raisi Bahrom Ilhomjonov. – Aholiga begʻaraz huquqiy yordam koʻrsatishga qaratilgan yosh_huquqshunoslar@umail.uz elektron manzili ishga tushirildi. Ushbu elektron manzilga yoʻllangan 120 dan ortiq murojaatga tegishli tartibda javob berildi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va kengash tomonidan olib borilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida uzyhk.uz sayti, ijtimoiy tarmoqlarda esa Yuridik axborot nomli kanal va sahifa ishga tushirildi. “Yoshlar kelajagi qonunga rioya qilishdan boshlanadi” nomli ommabop qoʻllanma tayyorlanib, 5 ming nusxada chop etildi va yoshlarga tarqatildi.

Navoiy viloyati “Jonli tabiat” bioekologik markazi esa “Buxoro viloyati maxsus “Jayron” pitomnigida ekologik tarbiya va uning faoliyatini targʻibot hamda tashviqot qilishga yangicha innovatsion usullarda yondashish tizimini shakllantirish” mavzusidagi ijtimoiy loyihani hayotga tatbiq etdi. Taʼkidlanishicha, loyiha doirasida “Jayron” ekomarkazi hududidagi Prejeval otlar, jayron, qulonlarni saqlash uchun oʻralgan 500x500 m2-maydoncha taʼmirdan chiqarildi. Pitomnik ofisida kutubxona tashkil etildi.

Pitomnik haqida oʻzbek, rus va ingliz tillarida 3 xil plakat, 5 xil tarqatma material tayyorlandi. Pitomnikning saytini davriy ravishda ishlash tizimi yaratildi. “Jayron” ekomarkazni targʻib qilish boʻyicha 5 ming nusxadan ortiq bukletlar chop etilib, tarqatildi.

Parlament komissiyasi aʼzolari mazkur NNTlarning ijtimoiy buyurtma doirasida olib borgan faoliyatini ijobiy baholadi. Yigʻilish shu xulosa bilan yakunlandi: toʻgʻri, yuqorida qayd etilgan ijtimoiy loyihalar oʻz yakuniga yetdi, lekin ezgu ishlar, xayrli tashabbuslar uchun nihoya yoʻq.

Feruza MIRZAKOMILOVA, OʻzA