Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlarida umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining sport bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchi qizlariga Prezident sovg‘asi – sport kiyimlarini tantanali topshirish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

"/>
O‘zA O`zbek

04.03.2013 19:25

Sportchi qizlarga Prezident sovg‘alari topshirildi

Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlarida umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining sport bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchi qizlariga Prezident sovg‘asi – sport kiyimlarini tantanali topshirish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.

Sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda sportning o‘rni beqiyos. Shu ma’noda, Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sportni, jumladan, bolalar sportini rivojlantirish, nafaqat markaz, balki chekka va olis qishloqlarda ham yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda sport bilan shug‘ullanayotgan qizlarni rag‘batlantirishga katta ahamiyat berilayotir. Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududida sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchi qizlarga Prezidentimiz sovg‘asi – sport kiyimlari topshirilayotgani buning yana bir yorqin ifodasidir.

Farg‘ona viloyatida ham ta’lim muassasalarining sport bilan doimiy shug‘ullanayotgan o‘quvchi qizlari, boquvchisini yo‘qotgan va davlat qaramog‘ida bo‘lgan bolalar muassasalarining tarbiyalanuvchilariga sport kiyimlari tantanali ravishda topshirilmoqda.

Beshariq tumanida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchi qizlar, ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyatda aholini sportga keng jalb etish, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Bugungi kunda viloyatda 18 yoshgacha bo‘lgan 667 ming nafardan ziyod o‘quvchining 276 ming nafari sportga jalb etilgan. E’tiborlisi, 112 ming nafardan ortiq qiz sportning muayyan turi bilan shug‘ullanmoqda. Ular orasida badiiy gimnastika, suzish, stol tennisi kabi sport turlari ommalashmoqda. Farg‘onalik sportchi qizlar mamlakat va xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarda munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.

– Beshariq tumanida o‘n besh mingga yaqin bola sport bilan muntazam shug‘ullanadi, – deydi O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Farg‘ona viloyati filiali direktori Ma’rufjon Turdimatov. – Ularning 6,5 ming nafardan ortig‘i o‘quvchi qizlardir. Umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida badiiy gimnastika to‘garaklari faoliyat yuritayotir.

Tumanda sportga mehr qo‘ygan qizlarga sport kiyimlarining topshirilishi ularning safi yana kengayishiga xizmat qiladi.

– Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik sport maydonlarida yuqori marralarni egallashimizda bizga yanada g‘ayrat-shijoat baxsh etadi, – deydi 7-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Muxlisa Odilova. – Bir necha yildan buyon basketbol bilan muntazam shug‘ullanib kelaman. Maqsadim – mahoratli sportchi bo‘lib yetishib, O‘zbekiston yoshlari qanday salohiyatga ega ekanliklarini jahonga namoyish qilish, mamlakatimizning obro‘sini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish.

Qizlarga sport kiyimlarini tantanali topshirish marosimlari viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.


O‘zA, M.Sulaymonov