Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 21:29 Chop etish versiyasi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki delegatsiyasining uchrashuvlari

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiya a’zolari mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritildi.

ETTB vakillariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi haqida ma’lumot berildi. Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Suma Chakrabarti O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tutgan o‘rni juda muhimligini, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishning yangi sahifasi ochilganidan g‘oyat mamnun ekanini alohida ta’kidladi.

Evropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va har tomonlama rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

S.Chakrabarti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda, iqtisodiyotning turli sohalariga sarmoya jalb etishda faol ishtirok etish istagini bildirdi.

Hamkorlikda metallurgiya, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, infratuzilma, sarmoya, sanoat, transport va transport kommunikatsiyalari kabi sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qator loyihalar xususida so‘z yuritildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumi va O‘zbekiston Respublikasi bilan YeTTB o‘rtasida Markaziy Osiyo uchun ekologiyani qayta tiklash bo‘yicha amaliy tadbir o‘tkazish to‘g‘risida hadli bitim imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligida o‘tgan uchrashuvda mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlayotgani, keyingi yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 8 foizdan yuqori bo‘lib kelayotgani ta’kidlandi.

Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan profitsit bilan bajarilmoqda. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta’minlanayotir. Iqtisodiyotga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi har yili qariyb 10 foiz o‘smoqda.

ETTB delegatsiyasiga 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, uning soha va tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, xususiy mulk himoyasini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasida belgilangan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasidagi muloqotda mamlakatimizda xususiy sektor ishonchli himoyalangani, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi.

Kichik biznesning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi hissasi qariyb 57 foiz, sanoatda 45 foizga yetgan. 2016-yilda 2015-yilga nisbatan 18 foiz ko‘p kichik biznes subyektlari tashkil qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi farmoni tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Evropa taraqqiyot va tiklanish banki delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida ham muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston boy tarixi, zamonaviy infratuzilmasi, turizm salohiyati bilan sayyohlarni jalb etayotgani ta’kidlandi. Mehmonlar mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xalqaro hamkorlikka keng yo‘l ochgani qayd etildi.

Delegatsiya a’zolari mamlakatda turizmni yanada rivojlantirish uchun mehmonxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, transport kommunikatsiyasini taraqqiy ettirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka ko‘maklashish, turli festivallar va sport musobaqalarini tashkil etish kabi masalalarda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

ETTB delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham bo‘ldi.

Evropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti poytaxtimizdagi press-klubda muzokaralar yakunlari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazdi.

O‘zA
3 176






Все о погоде - Pogoda.uz