O‘zA O`zbek

24.04.2018 22:48 Chop etish versiyasi

Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari qardosh xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda

Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari qardosh xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelgan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 24-aprel kuni Xorazm viloyatida bo‘ldi.

Urganch xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Xorazmda ushbu tashrifga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Viloyat ko‘chalari ikki mamlakat davlat bayroqlari, o‘zbek va turkman tillaridagi qutlov so‘zlari bilan bezatildi. Ko‘chalarga chiqqan minglab yurtdoshlarimiz yuz-ko‘zidagi xursandchilik ikki do‘st davlatning barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston – Turkmanistonmunosabatlarining yorqin istiqboli ramzi sifatida osmonga oppoq kabutarlar uchirildi.

O‘zbek va turkman xalqlarining tili va urf-odatlari yaqin, madaniyati, adabiyoti va san’ati uyg‘un.

Bugungi kunda Xorazm viloyatining Urganch tumani G‘oybu qishlog‘idagi Turkman mahallasida minglab turkmanlar o‘zbeklar bilan tinch-totuv, bir oila vakillaridek inoq yashab kelmoqda. Ularning o‘z ona tilida ta’lim olishi, urf-odatlari va an’analarini rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu hududda keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yangilangan loyihadagi uy-joylar, zamonaviy maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari, bolalar musiqa va san’at maktabi, oilaviy poliklinika binolari qishloq qiyofasini butkul o‘zgartirib yubordi. Zamonaviy va milliy me’morchilik an’analari asosida “O‘zbek-turkman” do‘stlik uyi bunyod etildi.

Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov xalqlarimiz do‘stligi ramzi sifatida barpo etilgan ushbu inshootni borib ko‘rdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Binoda turkman, o‘zbek va jahon adabiyoti namunalarini jamlagan kutubxona, axborot-resurs markazi, ikki xalqning ko‘p asrlik tarixiy do‘stligini ifoda etuvchi muzey, turli fan va san’at to‘garaklari xonalari va qariyb ikki yuz o‘ringa ega faollar zali joy olgan.

Faollar zalida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Turkmaniston – biz uchun tarix va vaqt sinovidan o‘tgan, ko‘p asrlik do‘stlik va hamkorlik munosabatlari bog‘lab turadigan eng yaqin qo‘shnimizdir. Haqiqiy do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlari qanday bo‘lishi lozimligini biz boshqalarga ibrat qilib ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz” hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning “Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar – bir-birini qadrlaydigan va hurmat qiladigan qardosh xalqlar, mehribon qo‘shnilarning muloqotidir. Ushbu mustahkam poydevor asosida biz bundan buyon ham xalqlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va qardoshlik aloqalarini rivojlantiramiz va mustahkamlaymiz”, degan so‘zlari bitilgan.

Bu ikki xalq vakillari, ayniqsa, yoshlari o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davlat rahbarlari “O‘zbek-turkman” do‘stlik uyi hovlisiga o‘rnatilgan turkman xalqining buyuk shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy byusti poyiga gul qo‘ydi.

Turkman xalqi Alisher Navoiy g‘azallarini sevib o‘qiganidek, o‘zbek xalqi ham Maxtumqulini o‘z shoiridek ardoqlaydi.

Atoqli shoir “Firog‘iyning ikki ko‘zi bor, biri turkman bo‘lsa, biri o‘zbegim”, deya ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlikni mehr bilan tarannum etgan edi. Bugun ushbu do‘stlik an’analari yangi bosqichga ko‘tarildi.

“O‘zbek-turkman” do‘stlik uyi, turkman millatiga mansub yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar turkmanistonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shundan so‘ng Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov “Ulli hovli” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar.

O‘n yettinchi asrga oid ushbu majmuada Prezidentimiz tashabbusi bilan keng ko‘lamli ta’mirlash va restavratsiya ishlari amalga oshirildi. Bunda binoning asl tarixiy holatini saqlab qolishga harakat qilindi. Salkam bir gektar maydonni egallagan mazkur obida himoya qo‘rg‘oni bilan o‘ralgan. U bu yerda istiqomat qilgan oilalar xavfsizligini ta’minlagan. Bu yerda, shuningdek, turkman xalqining milliy madaniyatiga tegishli osori-atiqalar bor. Majmuada sayyohlik va ziyorat turizmini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Yigirma o‘rinli mehmonxona qurildi. Turkman o‘tovlari o‘rnatildi.

Sayyohlar bu yerda tegirmonlarda un va guruch tayyorlash hamda ulardan turli mazali taomlar pishirish, tandirlarda xorazmcha va turkmancha non va patir yopish jarayonining guvohi bo‘lishi mumkin.

Prezidentlar qal’ada saqlanayotgan, o‘zbek-turkman xalqlarining qadimiy tarixidan hikoya qiluvchi nodir eksponatlar bilan tanishdilar. “Ulli hovli” majmuasi otxonasidagi mashhur axalteke zotli otlarni borib ko‘rdilar.

O‘zbek va turkman mumtoz qo‘shiqlaridan namunalar ijro etildi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida “Ichan qal’a” hamda Nurillaboy majmuasini ziyorat qildi.

Oliy martabali mehmonga ushbu qadamjolar tarixi, bu yerda sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berildi.

Ochiq osmon ostidagi muzey deb e’tirof etiladigan “Ichan qal’a”da joylashgan Pahlavon Mahmud maqbarasida buyuk ajdodimiz xotirasiga qur’on tilovat qilindi.

Prezidentlar Sherg‘ozixon madrasasini ham ko‘zdan kechirdi. Bu maskanda ta’lim olgan allomalar sharafiga tashkil qilingan muzey faoliyati bilan tanishdi. Ushbu madrasada o‘z davrida Mahtumquli Firog‘iy ham uch yil tahsil olgan.

Majmuada shoir she’rlariga bastalangan mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizdagi barcha tarixiy shaharlar qatori Xiva shahrining ham tarixiy-me’moriy va turizm salohiyati izchil rivojlantirilmoqda. Hududdagi bebaho madaniy yodgorliklar asl qiyofasini yo‘qotmagan holda ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirilmoqda.

Xususan, Nurillaboy tarixiy majmuasi rekonstruksiya va restavratsiya qilindi. Restoran, qabullar uyi, galereya, amfiteatr barpo etildi.

Bu ajdodlarimizning boy tarixiy merosi, madaniyati va san’ati namunalarini asrab-avaylash, xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyatini dunyo jamoatchiligiga keng namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Turkmaniston Prezidenti ajdodlarimizning bunyodkorlik zakosi, ular merosini asrab-avaylash borasida bugun amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

Kunning ikkinchi yarmida Urganch shahridagi Xorazm viloyati musiqali drama teatrida O‘zbekiston – Turkmaniston san’at ustalarining konserti namoyish etildi.

Unda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.

Bu o‘zbek va turkman xalqlari madaniyati bir-biriga yaqinligining yana bir namoyoni, mamlakatlarimizning zamonaviy va mumtoz san’ati bilan keng tanishish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi.

Shu bilan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Urganch xalqaro aeroportida Turkmaniston Prezidentini O‘zbekiston Prezidenti kuzatib qo‘ydi.

Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi va uning doirasida imzolangan hujjatlar, bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi qo‘shnichilik va qardoshlik tamoyillari asosida mustahkamlanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

Ziyodulla Jonibekov, Ahmadjon Shokirov, O‘zA
8 317