O‘zA O`zbek

02.03.2018 22:31 Chop etish versiyasi

Xalq farovonligi yo‘lidagi loyihalar ijrosi Prezident nazoratida

Xalq farovonligi yo‘lidagi loyihalar ijrosi Prezident nazoratida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-mart kuni Navoiy viloyatida bo‘ldi.

Navoiy viloyati o‘zining mehnatkash xalqi, yerosti va yerusti boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyati bilan mamlakatimizda alohida o‘ringa ega. Viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlangan.

Bugun viloyatda yirik sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatlari va “Elektrkimyozavodi” qo‘shma korxonasi shular jumlasidandir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 28-mart kuni viloyatga tashrif buyurib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayoniga doir ishlar bilan tanishgan edi. Oradan o‘tgan bir yil davomida viloyatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Ijro jarayoni davlat rahbarining shaxsiy nazoratida. Prezidentimizning bu safargi tashrifi ham ana shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Davlat rahbari dastlab Karmana tumanidagi «Karmana golden eggs» mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi. Uni tashkil qilish bo‘yicha loyiha o‘tgan yil mart oyida Prezidentga taqdim qilingan edi. Oradan o‘tgan vaqt davomida birinchi bosqichdagi ishlar boshlandi. 90 kunda tovuq yetishtirishga mo‘ljallangan parrandachilik kompleksida ellik ish o‘rni yaratildi. Majmuada jo‘ja uch oy davomida parvarishlanib, tuxum beradigan tovuq holida sotuvga chiqariladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev loyiha tashabbuskorlari bilan kelajak rejalari haqida suhbatlashdi. Ma’lum qilinganidek, 2019-yilda inkubatsiya, tuxum yetishtirish komplekslarini ishga tushirish mo‘ljallangan. Olinadigan mahsulotning 30 foizi eksportga chiqariladi, yana 100 kishining bandligi ta’minlanadi.

– Parrandachilik bo‘yicha tizim yaratilibdi, – dedi Prezident. – Endi bu yerda tuxum yetishtirish va uni eksportga chiqarishni yo‘lga qo‘yish lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasida istiqboldagi rejalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ma’lumki, 2010-2016-yillarda iqtisodiy zonada 22 ta loyiha amalga oshirilgan bo‘lib, 904 ish o‘rni yaratilgan. Taqdim qilingan rejaga ko‘ra, 2017-2019-yillarda 32 ta loyiha amalga oshirilib, 1659 ta ish o‘rni yaratiladi. Bunda elektrotexnika, farmatsevtika va tibbiy buyumlar, mashinasozlik va avtomobilsozlik, qurilish materiallari, kimyo va neft kimyosi mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyihalarda marmar va granit toshlar, kompozit tosh mahsulotlari ishlab chiqarish rejasi ham o‘rin olgan. Tosh kar’erlaridan marmar qazib olish, qayta ishlash, kompozit va arxitektura qurilmalari yaratish ishlari bajariladi.

Davlat rahbariga taqdim qilingan yana bir reja bo‘yicha 2018-2019-yillarda umumiy qiymati 84,5 million AQSh dollariga teng bo‘lgan alyumin profillar, aksessuar va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi 4 ta loyiha amalga oshiriladi.

– Navoiy viloyatida iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud, – dedi Prezident. – Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish uchun tashabbuskor tadbirkorlarni topish kerak. Buning uchun yaqin vaqtda viloyatda biznes-forum tashkil qilish lozim. Unga chet ellik investorlarni ham jalb qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ana shunda Navoiyga eng sara investorlar keladi.

Viloyatda shisha mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi Zarafshon shahri hududida amalga oshiriladi. 350 kishining bandligi ta’minlanadigan korxonada silliq list oyna, shisha idishlar ishlab chiqariladi.

Prezidentga zamonaviy issiqxonalar tashkil qilish, parrandachilik, baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Baliqchilikka oid reja davlat rahbariga manzur bo‘ldi. Unda Karmana tumanidagi xonadonlarda kichik suv havzalari barpo etib, intensiv usulda baliq yetishtirish mo‘ljallangan. Loyihaga ko‘ra, ikki sotix yerda intensiv usulda baliq yetishtiriladi. Davlat rahbariga yetishtiriladigan baliq turlari, ozuqasi, daromadlar haqida ma’lumot berildi.

– Baliq parhez mahsulot hisoblanadi, go‘sht o‘rnini bosadi. Shunday ekan, bu tarmoqni rivojlantirishga katta e’tibor berish zarur, – dedi Prezident. – Xonadonlarda yetishtirilgan baliq aholiga faqat qo‘shimcha daromad manbai emas. U sog‘liq uchun ham foydalidir.

Ma’lum qilinganidek, Navoiy viloyatidagi «To‘dako‘l» suv havzasida ochiladigan baliqchilik majmuasiga 1200 gektar yer ajratiladi. Eronlik investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha yiliga 5000 tonna baliq, 4000 tonna qayta ishlangan baliq mahsulotlari (baliq filesi, farshi, dudlangan baliq) tayyorlashni ko‘zda tutadi.

Mamlakatimiz iqlim sharoitiga mos, tog‘ va tog‘oldi hududlarda yetishtiriladigan pista mevasi xushta’mligi bilan alohida ajralib turadi. Olimlar fikricha, pista daraxti ming yilgacha hosil beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Nurota tumanida 10 ming gektar lalmi yerda tashkil etiladigan intensiv pista plantatsiyalari loyihasi bilan tanishdi. Davlatimiz rahbariga uning afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi. Qiymati 21 milliard so‘mlik ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida 850 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Ma’lumki, bizda mavjud texnologiyalar asosida ekilgan pista 11-12 yilda hosilga kiradi. Bir tup daraxtdan 200-300 gramm hosil olish mumkin. Yangi plantatsiyalarni takomillashgan texnologiya asosida barpo etish ko‘zda tutilgan. Ya’ni ko‘chatxonada o‘stirilgan niholga ikkinchi yil navdor pistalardan olingan kurtak payvand qilinadi. Uchinchi yildan uni ochiq maydonda ekish mumkin. Ushbu texnologiyada ekilgan pista 7-8 yilda hosilga kiradi. Uning bir tupidan 1,5-2 kilogramm pista olish mumkin.

– Qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashmay qo‘yganimiz bois ko‘plab ekinlardan kutilgan darajada hosil ololmayapmiz, – dedi Prezident. –Bundan buyon sohaga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, ekinni ekishdan boshlab uni yig‘ib-terib olishgacha olimlar bilan hamkorlikda ish olib borish kerak. Hosildorlik qancha yuqori, eksportbop bo‘lsa, dehqon boyiydi. Bizning asosiy maqsadimiz ham shu.

Pista plantatsiyalari 2018-2021-yillar davomida barpo etiladi.

Davlatimiz rahbariga Toshkent kimyo texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ishlab chiqqan gidrogel moddasi haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu modda o‘simlik o‘sishi va rivojlanishini jadallashtirishga xizmat qiladi. Gidrogel yomg‘ir suvini va o‘simlikka berilgan o‘g‘itni saqlaydi. Suvni 50 foizgacha tejashga yordam beradi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida cho‘l o‘rmonchiligini rivojlantirish ilmiy markazini tashkil etish, Xatirchi tumanida bog‘ va zamonaviy issiqxona barpo etish, meva-sabzavotni qayta ishlash, Navbahor tumanida tomchilatib sug‘orish usulida bodom va pista plantatsiyalari ochish, qorako‘lchilik, tivit junli echkilarni ko‘paytirish, 2018-2019-yillarda viloyatda oziq-ovqat ta’minotini ravnaq toptirish va qator boshqa yo‘nalishlarga oid istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Ularni o‘z vaqtida sifatli bajarish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Davlat rahbari Navoiyga tashrifi davomida viloyatning eng olis hududlaridan biri – Tomdi tumanida ham bo‘ldi. Tumandagi 12-bolalar musiqa va san’at maktabida Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi rejalar bilan tanishdi.

Prezidentga dastlab Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari haqida ma’lumot berildi. Viloyatning ushbu chekka tumanlari va Zarafshon shahrida sanoat, xalq iste’moli mollari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida amalga oshiriladigan loyihalar aholi farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Xususan, Uchquduq tumani junni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. Shuningdek, “Uchquduq tekstil” MChJ tomonidan joriy yilda tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 320 kishi ish bilan ta’minlanadi.

“Qizilqum marvaridi” korxonasi tomonidan gidroponika usulida issiqxona barpo etiladi. Zarafshon shahrida yiliga 4,5 ming tonna armatura, 10 million kvadrat metr oyna, 250 million dona shisha idish ishlab chiqarish, qariyb 2 ming boshga mo‘ljallangan qoramolchilik kompleksi, sig‘imi 500 va 200 tonna bo‘lgan muzlatkichli omborxonalar barpo etish, 100 ming boshdan ziyod parranda boqish, baliqchilik xo‘jaligi, issiqxonalar tashkil etish loyihalari amalga oshiriladi.

Tomdi, Konimex tumanlarida ham shu kabi istiqbolli loyihalar hayotga tatbiq etiladi. Natijada ikki yil ichida 4 ming ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Konimex tumanida katta yo‘l bo‘yida tashkil etilgan tuyachilik majmuasiga o‘tgan yili 61 davlatdan 3 ming sayyoh kelgan. Bu yerdagi sharoitlar talabga javob bermas edi. Tarmoqning samaradorligini e’tiborga olib, bu yerda ming bosh tuya va 500 bosh naslli echki boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi barpo etish rejalashtirilyapti. Umumiy qiymati 15,7 milliard so‘m bo‘lgan ushbu zamonaviy chorvachilik majmuasi uchun xorijdan naslli echkilar sotib olinadi. Bu yerda yiliga ming tonna tuya, 300 tonna echki suti qayta ishlanadi. Bu joy nafaqat tuya va echkichilik majmuasi, balki yiliga 10 ming sayyohni qabul qiladigan zamonaviy ekoturizm markaziga aylanadi.

Shu o‘rinda tuya sutining shifobaxsh xususiyati haqida to‘xtalish joiz. Uning tarkibida A, V1, V2, S va D vitaminlari sigir sutiga qaraganda 3 barobar ko‘p. Kalsiy, kaliy, magniy, temir, mis, marganes, rux, fosfor kabi mikroelementlarga boy. Bundan tashqari, tuya sutida elastin, lanolin, laktoferrin kabi foydali moddalar mavjud. U qandli diabet, kamqonlik, gepatit, nafas va oshqozon-ichak yo‘llari, buyrak, yurak, asab kasalliklariga davo bo‘lib, immun tizimini mustahkamlaydi.

Bu yerga kelgan sayyohlar ana shu shifobaxsh sutdan tatib ko‘rishi, cho‘l bo‘ylab tuya va kvadrotsikllarda sayr qilishi mumkin bo‘ladi. Davlat rahbari mutasaddilarga majmuani Mustaqillik bayramigacha qurib bitkazish va sayyohlarga zarur sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Tomdi tumanidagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli 4 ming bosh qo‘y boqishga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi ham shunday istiqbolli loyihalardan bo‘lib, viloyatda qorako‘lchilikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi. Xususan, Tomdi tumanida “Shodlik” mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun bolalar shaharchasi quriladi. Maydoni 4,3 gektar bo‘lgan shaharchada bolalar uchun barcha qulaylik yaratiladi. Qurilish ishlari mart oyida boshlanib, yil oxirigacha yakunlanadi.

Zarafshon shahrida favvoralar xiyoboni barpo etish, Uchquduq tumanidagi “Konchi” sanatoriysini ta’mirlash va jihozlash loyihalari shaharlar obodligi va aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezident Zarafshon va Uchquduq shaharlaridagi ko‘p qavatli uy-joy fondini ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.

– Olisda joylashgan bu shaharlar aholisi yaxshi yashashga haqli, – dedi davlat rahbari. – O‘tgan yili 150 uy ta’mirlab berilgan edi, 2018-2019-yillarda qolgan 723 turar joyning tomidan yerto‘lasigacha mukammal ta’mirdan chiqariladi.

Ayni paytda 2026-yilgacha qimmatbaho metallar qazib olishni ko‘paytirish, “Auminzo-Amantoy” konini o‘zlashtirish, Muruntov konini o‘zlashtirishning 5-bosqichi, Tomdi tumanidagi 2-gidrometallurgiya zavodi quvvatlarini kengaytirish kabi loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.

Davlat rahbari barcha loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shavkat Mirziyoyev shu yerda Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari va Zarafshon shahri jamoatchiligi vakillari, oqsoqollar, yoshlar, tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Suhbatda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar, yon qo‘shnilarimiz bilan do‘stona aloqalar faollashayotgani, odamlarni ish bilan ta’minlash, eng chekka Tomdi tumanida suv manbalarini topish hisobiga aholi farovonligini oshirish, yoshlar ta’lim-tarbiyasi kabi masalalar haqida so‘z yuritildi.

Shu kuni Xatirchi tumani hokimligida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat iqtisodiyotini yuksaltirish, odamlar turmush sharoitini yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratishga e’tiborni kuchaytirish, ta’lim, tibbiyot va boshqa sohalarda boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, ayollar o‘rtasida jinoyatchilikni kamaytirish kabi qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Prezident odamlarning muammo va takliflarini eshitib, mutasaddilarga ularni qisqa fursatlarda bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakuniga yetdi. Safar asnosida alohida ta’kidlanganidek, istiqbolli loyihalar, berilgan topshiriqlar ijrosi davlat rahbarining doimiy nazoratida bo‘ladi.

O‘zA
19 671