O‘zA O`zbek

17.03.2018 18:35 Chop etish versiyasi

Tomorqaga e’tibor – farovon hayotimiz asosi

Tomorqaga e’tibor – farovon hayotimiz asosi Prezidentimiz Ishtixon tumani «Xumo» mahalla fuqarolar yig‘inidagi Xina qishlog‘ida «Ishtixon tomorqa xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-oktabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aholi daromadini ko‘paytirish, tomorqadan unumli foydalanishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Joriy yilda tashkil etilgan jamiyat yuqori navli ko‘chat va urug‘ yetishtirish va tarqatish, zotdor chorva mollari yetkazish, aholi tomorqasiga texnik xizmat ko‘rsatish, o‘simliklarga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish xizmatini tashkil qilish, yetishtirilgan mahsulotni sotib olish, qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanmoqda.

Xina qishlog‘ida 1 ming 200 dan ziyod aholi 34,2 gektar yerda tomorqachilik bilan shug‘ullanadi. Bu yerda tomorqadan unumli foydalanish, oilasi farovonligini ta’minlash bilan birga, dasturxonimiz to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan tajribali dehqonlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Davlatimiz rahbari mazkur qishloqda yashovchi Toshquvvat Rajabov xonadoniga tashrif buyurdi. 71 yoshli Toshquvvat ota 14 farzandni el koriga yaraydigan inson qilib tarbiyalagan. Bugungi kunda ular qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot va tadbirkorlik sohalarida yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilmoqda. Ota tomorqasida issiqxona qurib, pomidor va bodring parvarishini yo‘lga qo‘ygan. Bu yil 10 million so‘m daromad olishni mo‘ljallamoqda.

Shu yerning o‘zida Nurobod tumani «Jom» mahalla fuqarolar yig‘ini hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bog‘cha, dehqon bozori, turar-joy binolarini ta’mirlash, qishloq vrachlik punktini rekonstruksiya qilish kabi muhim loyihalar taqdimoti o‘tkzildi.

- Tomorqadan qishin-yozin daromad olsa bo‘ladi. Biror qarich yer bo‘sh turmasligi lozim, aholining tomorqadan foydalanish madaniyatini oshirishimiz kerak, -dedi davlatimiz rahbari.

Umar Asrorov, O‘zA
7 887